«Juda ogʻriqli muammo». Toshkentda 720 dan ortiq noqonuniy qurilgan koʻp qavatli uy aniqlandi
Toshkentda arxitektura organlarining ruxsatisiz qurilgan 720 dan ortiq koʻp qavatli uy aniqlandi, deb xabar berdi Qurilish vaziri Sherzod Xidoyatov. Muammo bilan Bosh prokuratura shugʻullanmoqda. Binolarni qabul qilish uchun ularning mustahkamligi va zarur infratuzilma mavjudligini tekshirishni nazarda tutuvchi alohida tartib tayyorlanmoqda.

«Juda ogʻriqli muammo». Toshkentda 720 dan ortiq noqonuniy qurilgan koʻp qavatli uy aniqlandi
Toshkentda 720 dan ortiq koʻp qavatli uy arxitektura organlarining ruxsatisiz qurilgan. Bu haqda 13 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Hukumat soati»da qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sherzod Hidoyatov maʼlum qildi.
Deputat Dilmurod Ismoilov koʻp kvartirali uylar atrofida bolalar va sport maydonchalari, shuningdek, avtoturargohlar yetishmasligini koʻrsatib oʻtdi.
U bir qator tumanlarda zarur infratuzilmani yaratish uchun boʻsh yer maydonlari qolmaganini taʼkidladi. Bundan tashqari, quruvchilar turar joy majmualari loyihalarida koʻzda tutilgan maydonchalarni barpo etish boʻyicha majburiyatlarni bajarmaydigan holatlar ham uchrab turadi.
Javob tariqasida Sherzod Hidoyatov 2024 yil oxirida tasdiqlangan Toshkent shahrining bosh rejasi shahar hududini uchta kategoriyaga: konservatsiya, renovatsiya va rekonstruktsiya hududlariga boʻlishni koʻzda tutishini maʼlum qildi.
Hujjat elektron formatga oʻtkazilgan va ochiq foydalanishga joylashtirilgan. Shu bilan birga, vazir bosh reja tasdiqlanguniga qadar auktsionga chiqarilgan yer uchastkalarida koʻp kvartirali uylar, jumladan, zarur ruxsatnomalarsiz qurilganini tan oldi.
«Ilgari, bosh reja tasdiqlangunga qadar, koʻplab tadbirkorlar auktsionga chiqarilgan yer uchastkalarida turar joy binolarini qurishgan. Bugungi kunda bu juda ogʻriqli muammoga aylandi. Birgina Toshkentning oʻzida shunday koʻp qavatli uylar soni 720 dan oshadi. Biz butun respublika boʻyicha qurilgan uylarni inventarizatsiyadan oʻtkazdik. Bular arxitektura organlarining ruxsatisiz barpo etilgan muammoli obʼyektlardir», — dedi Hidoyatov.
Uning soʻzlariga koʻra, qurilgan koʻp kvartirali uylarni inventarizatsiya qilish butun respublika boʻyicha oʻtkazilgan. Nazorat kuchaytirilgani va ruxsat berish protseduralari raqamlashtirilganidan soʻng oʻzboshimchalik bilan qurish holatlarining oldi olindi, deb taʼkidlaydi idora rahbari.
Hozirda ushbu muammoli obʼyektlar bilan Bosh prokuratura shugʻullanmoqda.
Vazir har bir obʼyekt uchun shaharsozlik normalariga muvofiq bolalar maydonchalari va avtoturargohlar soniga qoʻyiladigan talablar belgilanishini tushuntirdi. Uylarni foydalanishga qabul qilish zarur sharoitlar yaratilgandan keyingina mumkin boʻladi.
«Renovatsiya dasturi kengaytirilib, ushbu binolar atrofida zarur sharoitlar yaratilgach, ularni foydalanishga qabul qilish masalasini koʻrib chiqish mumkin boʻladi… Bu faqat bolalar maydonchalari yoki avtoturargohlarga taalluqli emas. Ushbu binolarning mustahkamligi ham aspap-uskunaviy tekshiruv yordamida oʻrganiladi va tekshiriladi», — deb taʼkidladi Hidoyatov.
Qurilish vazirining qoʻshimcha qilishicha, qurilishga yangi ruxsatnomalar berishda bosh reja va shaharsozlik normalari talablari hisobga olinmoqda. Loyihalarni tekshirishning elektron tizimiga belgilangan talablarga nomuvofiqliklarni aniqlashga yordam beradigan sunʼiy intellekt joriy etilgan.
Xususan, vazirning soʻzlariga koʻra, agar loyihalarda zarur avtoturargohlar, bolalar va sport maydonchalari, shuningdek, chiqindi konteynerlarini joylashtirish uchun joylar koʻzda tutilmagan boʻlsa, ular ekspertizadan oʻtmasligi kerak.
«Agar maʼlumotlar notoʻgʻri kiritilgan boʻlsa yoki talablar bajarilmagan boʻlsa, tizim arizani avtomatik ravishda qabul qilmaydi. Hozirda bu tizim ishlamoqda», — deydi u.
Bundan tashqari, prezident qarori bilan bolalar maydonchalari, piyodalar yoʻlakchalari va boshqa infratuzilma obʼyektlarini qurish va taʼmirlash uchun 520 mlrd soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan.
Eslatib oʻtamiz, 28 sentyabr kuni koʻp kvartirali uylarni noqonuniy qurganlik uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi qonun qabul qilingan edi. Xususan, maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin ruxsatnomasiz takroran qurilish qilganlik uchun uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Agar qoidabuzarlik inson oʻlimiga yoki boshqa ogʻir oqibatlarga olib kelgan boʻlsa, jazo besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni tashkil etadi. Qonun rasmiy eʼlon qilinganidan uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Avgust oyida Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi «Noqonuniy qurilish» Telegram-botini (@noqonuniy_qurilish_bot) ishga tushirdi, u orqali Toshkent aholisi noqonuniy qurilish faktlari haqida xabar berishlari mumkin.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri avvalroq fuqarolarni xonadon sotib olishdan oldin obʼyekt «Shaffof qurilish» tizimida roʻyxatdan oʻtganiga ishonch hosil qilishga chaqirgan edi. Bu holda, unga koʻra, seysmik xavfsizlik va qonuniylik boʻyicha savollar tugʻilmaydi.

