Mahalliy

Jizzaxda tosh davriga oid yangi manzillar va 30 ga yaqin petroglif aniqlandi

Jizzaxning Zomin va Sharof Rashidov tumanlarida paleolit va neolit davrlariga oid yangi arxeologik manzillar aniqlandi. Shuningdek, Ravotsoy bo‘yidagi 7 ta slanets qoyatoshda 30 ga yaqin petroglif qayd etildi. Ular bronza davridan ilk o‘rta asrlargacha bo‘lgan davrga oid.

Jizzaxda tosh davriga oid yangi manzillar va 30 ga yaqin petroglif topildi

Jizzax viloyatining Zomin va Sharof Rashidov tumanlarida olib borilgan arxeologik dala-qidiruvlar jarayonida paleolit va neolit davrlariga oid yangi arxeologik obyektlar hamda 30 ga yaqin qoyatosh surati aniqlandi.

Tadqiqotlar sentabr oyida Madaniy meros agentligi hamda Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti xodimlari tomonidan amalga oshirilgan.

Zomin tumanida o‘tkazilgan qidiruvlar davomida tosh davriga oid bir qator yangi arxeologik obyektlar qayd etildi. Dastlabki xulosalarga ko‘ra, Achchi qishlog‘ining sharqiy qismida paleolit davriga (miloddan avvalgi 2,5 mln yildan 14 ming yillikkacha bo‘lgan davr), Peshag‘or qishlog‘ida esa neolit davriga (miloddan avvalgi VI-III ming yilliklar) oid manzillar aniqlangan. Shuningdek, Achchi qishlog‘ining g‘arbiy qismi va Arja qishlog‘i hududlarida ham neolit davriga mansub topilmajoylar qayd etilgan.

Ta’kidlanishicha, bir hudud doirasida paleolit va neolit davrlariga oid yodgorliklarning topilishi Zomin vohasi hamda Turkiston tog‘ tizmasining ushbu qismida qadimgi jamoalar uzoq tarixiy davrlar davomida yashagan va hududdan muntazam foydalangan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Mutaxassislar fikricha, yangi topilmalar Turkiston tog‘ tizmasida tosh davri jamoalarining tarqalishi, yashash muhiti va xo‘jalik faoliyatini o‘rganishda muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Dala-qidiruv ishlari davomida Sharof Rashidov tumanida ham yangi arxeologik obyekt aniqlandi. Ravot qishlog‘i hududida, Ravotsoyning chap sohilida qoyatosh suratlari majmuasi qayd etildi.

Yettita slanets qoyatosh yuzasida 30 ga yaqin petroglif aniqlangan. Ular orasida ovchi, tog‘ echkisi, qoramol, it, quyoshsimon belgi hamda kamondan o‘q uzayotgan ovchi tasvirlari bor.

Dastlabki tahlillarga ko‘ra, ushbu petrogliflar bronza davridan (miloddan avvalgi III ming yillikdan I ming yillik boshlarigacha) ilk o‘rta asrlargacha (V-XI asrlar) bo‘lgan davrlarga mansub.

Mutaxassislar aniqlangan obyektlar Jizzax vohasi va Turkiston tog‘ tizmasining qadimgi tarixini o‘rganish uchun yangi ilmiy ma’lumotlar berishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Kelgusida aniqlangan yodgorliklarda keng ko‘lamli arxeologik tadqiqotlar o‘tkazish, topilmalarni davrlashtirish va hujjatlashtirish ishlarini davom ettirish rejalashtirilgan.

2025-yilda Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida ham paleolit va neolit davrlariga oid yangi arxeologik maskanlar aniqlangan edi. Xususan, O‘gat qishlog‘ining g‘arbiy qismida so‘nggi paleolit davriga oid ibtidoiy kishilarning yashash makoni qayd etilgan. Qoropchi qishlog‘ining shimoliy etaklarida va Yonboshtut qishlog‘i shimolida esa neolit davriga mansub yangi makonlar aniqlangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.