Xorazmda toshdan qurilgan yashiksimon qabrlar topildi
Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tumanida ilgari nomaʼlum boʻlgan qadimiy qabriston topildi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, bronza davriga mansub deb baholanayotgan yodgorlikda 19 ta tosh qabr, bronza buyumlar va munchoqlar aniqlangan.

Xorazmda toshdan bunyod etilgan yashiksimon qabrlar aniqlandi
Bu topilma Xorazm Maʼmun akademiyasi arxeologik ekspeditsiyasining dala tadqiqotlari chogʻida qayd etildi
Yodgorlik hududida toshdan qurilgan yashiksimon qabrlar topilgan. Ularda jasadlar gʻujanak holatda dafn etilgan boʻlib, marhumlar yoniga turli dafn buyumlari, jumladan, bronza ashyolar va munchoqlar qoʻyilgan.
Mutaxassislar bunday majmualar qadimgi aholining madaniyati, dafn marosimlari va ijtimoiy tasavvurlari, shuningdek, turli hududlar oʻrtasidagi aloqalar haqida maʼlumot berishini taʼkidlashmoqda.
Dafn marosimi hamda ayrim topilmalarning dastlabki tahlili Janubiy Qozogʻistonning Sirdaryo havzasida aniqlangan dafn inshootlari bilan muayyan oʻxshashliklar borligini koʻrsatdi.
Bu oʻxshashliklar bronza davrida Markaziy Osiyoning turli hududlarida yashagan aholi oʻrtasida madaniy aloqalar va umumiy anʼanalar mavjud boʻlganidan dalolat berishi mumkin. Biroq yodgorlikning aniq davri va madaniy mansubligi haqidagi yakuniy xulosalar materiallar kompleks oʻrganilgandan keyin chiqariladi.
Ayni paytda akademiya mutaxassislari ekspeditsiyada toʻplangan materiallarni dastlabki qayta ishlash va hujjatlashtirish bilan band.
Keyingi bosqichda qabrlar, inson qoldiqlari va dafn anjomlarini batafsil oʻrganish, zarur laboratoriya tadqiqotlarini oʻtkazish rejalashtirilgan. Natijalar yodgorlik sanasini aniqlashtirish hamda uning Xorazm va tutash hududlardagi bronza davri arxeologik madaniyatlari orasidagi oʻrnini belgilashga yordam beradi.

