Jizzaxda qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqariladi

Jizzaxda qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqariladi
Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Prezidentning 17-sentyabrdagi qaroriga muvofiq, Jizzax viloyatida ushbu loyihaga 2026–2028-yillarda 130 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilinadi.
Loyiha Xitoyning China Civil Engineering Construction Corporation (CCECC) va Cevia Enviro Inc. (Henan Investment Group) kompaniyalari konsorsiumi tomonidan bajariladi. Investor hamda O‘zbekiston hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida 14-sentyabr kuni investitsiya shartnomasi imzolangan.
Qarorga ko‘ra, Jizzax viloyatida kuniga 1 ming tonna chiqindini termik usulda qayta ishlash va buning natijasida yiliga 110 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega uskunalar ishga tushiriladi. Loyiha uchun Jizzax viloyati hokimligiga Sharof Rashidov tumanidagi “G‘ozg‘ontepa” MFY hududidan 10,8 gektar yer ajratilishi belgilangan.
Ishlab chiqariladigan elektr energiyasini “O‘zenergosotish” AJ 30 yil davomida kafolatlangan tartibda xarid qilishi, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi esa loyiha kompaniyasiga shu muddat mobaynida belgilangan hajmdagi qattiq maishiy chiqindilarni yetkazib berishi nazarda tutilgan.
Loyiha kompaniyasi qurilish davrida majburiyatlarini bajarish ta’minoti sifatida 8 mln dollar miqdorida bank kafolati beradi. Bundan tashqari, chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlashga ixtisoslashgan sanoat zonasi hamda loyiha uchun zarur elektr va boshqa infratuzilmani barpo etish ko‘zda tutilgan.
Qarorda investor uchun ayrim ma’muriy va boshqa shartlar ham belgilangan. Jumladan, loyiha doirasida jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar va ularning oila a’zolari uchun viza hamda yashash bilan bog‘liq yengilliklar nazarda tutilgan. Loyiha hujjatlari ekologik ekspertizadan o‘tkazilishi va tabiatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ham shart.

