Jeki Chan bir filmda 15 dan ortiq vazifani bajarib, Ginnes rekordlari kitobiga kirgan. Bu qaysi mashhur kartina edi?

Jeki Chan bir filmda 15 dan ortiq vazifani bajarib, Ginnes rekordlari kitobiga kirgan. Bu qaysi mashhur kartina edi?
Jeki Chan ijodi davomida faxriy “Oskar” va Gonkong kino akademiyasi mukofotlari kabi ko‘plab nufuzli e’tiroflarga sazovor bo‘lgan. Shu bilan birga, uning kino sanoatiga qo‘shgan hissasi bir vaqtning o‘zida ikki bor Ginnes rekordini qayd etishiga ham sabab bo‘lgan.
2012-yilda katta ekranlarga chiqqan “Mo‘jizaviy qurol-aslahalar 3” filmida Jeki Chan deyarli barcha ishlarni o‘zi bajargan. Shu bois aktyorning nomi film yakunidagi titrlarda 15 marta alohida ko‘rsatilgan, u “Film ijodkorlari ro‘yxatida ismi eng ko‘p tilga olingan inson” deb topilgan va Ginnes rekordlari kitobiga kiritilgan.
O‘sha paytda aktyor filmda quyidagi vazifalarni bajargan:
ssenariy yozgan va rejissyorlik qilgan;
bosh rolni ijro etgan;
prodyuserlik va ijrochi prodyuserlik qilgan;
kamera ortida operator va sahnalashtiruvchi rassom sifatida ishlagan;
tasvirga olish guruhiga rahbarlik qilgan va chiroqlarni sozlagan;
kaskadyorlik qilgan va tryuklarni rejalashtirgan;
kuy bastalagan va film qo‘shig‘ini kuylagan;
rekvizitlar uchun javob bergan va hatto ijodiy jamoaning ovqatlanishini tashkillashtirgan.
Channing film ustidagi mehnati ham kadr ortidagi, ham ekrandagi juda ko‘p jarayonlarni qamrab olgan. Xususan, u tasvirga olish guruhining ovqatlanishiga ham shaxsan o‘zi javob bergan. Bundan tashqari, aktyor o‘zining professional xonandalik mahoratini ham ishga solib, filmda qo‘shiq ham aytgan.
Ko‘p yillik faoliyati davomida Chan ikkinchi Ginnes rekordini ham qo‘lga kiritgan. U “Eng ko‘p tryuk ijro etgan aktyor” deb topilgan. Bu unvon afsonaviy aktyorning 100 dan ortiq filmlarda suratga tushgani va ekrandagi eng xavfli tryuklarni hech qanday dublyorsiz, sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yib shaxsan o‘zi bajargani uchun berilgan.

