Janubiy Koreya kompaniyasi O‘zbekistondan malakali quruvchilarni jalb etishni rejalashtirmoqda

Janubiy Koreya kompaniyasi O‘zbekistondan malakali quruvchilarni jalb qilishni rejalashtirmoqda
O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi yuqori darajadagi tashrif doirasida o‘zbekistonlik mutaxassislarning Koreya mehnat bozoriga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Migratsiya agentligi direktori Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Koreyaning qurilish va bandlik sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalari rahbarlari, jumladan, Worksmate Inc. ijrochi direktori Sevon Kim va Hyun Ju bosh direktori Sidok Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbatlarda O‘zbekiston fuqarolari uchun Koreya mehnat bozoridagi imkoniyatlarni kengaytirish, E-9 dasturi doirasidagi hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yish hamda malakali mutaxassislarni E-7 vizasi asosida jalb etish istiqbollari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, amaldagi EPS tizimi doirasida O‘zbekiston fuqarolari E-9 ishchi vizasi asosida Koreyaga tashkiliy tarzda yuborilmoqda. Shu bilan birga, qurilish yo‘nalishi bo‘yicha EPS-TOPIK imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarni koreyalik ish beruvchilar tomonidan tanlab olish jarayonini faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Shu maqsadda Migratsiya agentligi Koreyaning qurilish kompaniyalari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni kengaytirishni taklif qildi. Uchrashuvda Worksmate Inc. tomonidan boshqariladigan GADA raqamli platformasi taqdim etildi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, ushbu platforma Koreyadagi 1,5 mingdan ortiq qurilish kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi.
Muzokaralarda GADA platformasini Migratsiya agentligining “Xorijda ish” elektron platformasi bilan integratsiya qilish imkoniyati ham ko‘rib chiqildi. Bunday tizim O‘zbekistondagi qurilish sohasi mutaxassislarini Koreyadagi ish beruvchilar bilan bog‘lashga xizmat qilishi mumkin. Bunda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini O‘zbekiston qonunchiligi talablariga muvofiq himoya qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvning yana bir muhim yo‘nalishi E-7 vizasi bo‘ldi. Worksmate Inc. vakillari Koreyaning tegishli tuzilmalari ishtirokida O‘zbekiston, Vyetnam, Mongoliya va Tailanddan qurilish sohasi uchun malakali mutaxassislarni jalb qilishga qaratilgan loyiha rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Dastlabki talablarga ko‘ra, kasb-hunar ta’limi bitiruvchilari uchun 5 yillik ish tajribasi, bakalavr darajasiga ega mutaxassislar uchun diplom va kamida bir yillik ish staji talab qilinishi ko‘zda tutilmoqda. Magistratura bitiruvchilari uchun esa ish staji talabi nazarda tutilmagan.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, boshlang‘ich oylik ish haqi 2 156 880 vondan boshlanishi va mutaxassisning malakasiga qarab oshib borishi mumkin.
Migratsiya agentligi Koreya mehnat bozori uchun mutaxassislarni oldindan va maqsadli tayyorlash modelini taklif qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi oliygoh talabalari koreys tilini o‘rganishi, tegishli kasbiy malakani egallashi va mahalliy qurilish korxonalarida zarur ish tajribasini orttirishi mumkin.
Muzokaralar yakunida Migratsiya agentligi va Worksmate Inc. o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha niyat xati imzolandi. Koreya kompaniyasi rahbariyati va ishchi guruhi O‘zbekistonga taklif qilindi.
Migratsiya agentligi qayd etishicha, E-7 yo‘nalishi bo‘yicha hozircha fuqarolarni ishga qabul qilish boshlanmagan. Ayni paytda tomonlar ushbu mexanizmni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari va unga qo‘yiladigan talablarni muhokama qilmoqda.

