Mahalliy

“Majburiy mehnat va odam savdosi” – Koreyada o‘zbekistonlik muhojirlar huquqi jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lyapti

Janubiy Koreyada O‘zbekistondan E-9 vizasi asosida yuborilgan mehnat migrantlari bilan tuzilgan shartnomalar katta muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Ishchilardan yozdirib olingan kafolat tilxatiga ko‘ra, ular ish joyini o‘zgartirgan taqdirda har oy 2000 dollar jarima to‘lashga majbur bo‘ladi. Faollar bunday talabni iqtisodiy va ruhiy jihatdan bosim o‘tkazish deb baholamoqda.

**Koreyada o‘zbekistonlik muhojirlar huquqlari: majburiy mehnat va odam savdosi bo‘yicha jiddiy muhokamalar**

O‘zbekistondan Janubiy Koreyaga mehnat muhojirlarini tashkiliy tarzda yuborish tizimidagi korrupsiya bo‘yicha keng ko‘lamli tekshiruvlar davom etayotgan bir paytda, Koreyaning o‘zida ham bu masala qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

**"2000 dollarlik" jarima**

Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalari tomonidan oshkor qilingan hujjatlarga ko‘ra, E-9 vizasiga ega o‘zbekistonliklar o‘z vatanini tark etishdan avval O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan maxsus shartnoma va unga ilova qilingan kafolat tilxatlarini imzolashga majbur bo‘lganlar. Tanqidchilarning fikricha, bu hujjatlarning huquqiy tahlili ularning bir tomonlama ekanligini va ishchini iqtisodiy jihatdan qul qilib qo‘yishga qaratilganligini ko‘rsatadi.

Shartnomaning eng munozarali bandi shundan iboratki, agar migrant Koreyadagi ish beruvchi hamda O‘zbekiston Migratsiya agentligining Koreyadagi vakolatxonasi yozma roziligisiz o‘z ish joyini o‘zgartirsa, unga har oy 2000 dollar miqdorida jarima solinadi. Eng ajablanarlisi, bu jarimaning yuqori chegarasi belgilanmagan bo‘lib, sanksiya ishchi O‘zbekistonga qaytib kelguniga qadar har oy hisoblanishda davom etaveradi.

Shartnomaga nisbatan eng katta e’tirozlardan yana biri – ish joyini o‘zgartirishga ishchining o‘zi sababchi bo‘lmagan vaziyatlarda ham jarima qo‘llanishidir. Pressian nashrining qayd etishicha, ishchilar o‘z xohishi bilan emas, masalan, majburiy bo‘shatilishi yoki ish yetishmagani sababli kompaniyani tark etishga majbur bo‘lgan holatlarda ham ularga moliyaviy jazo yuklatilgan.

Kun.uz'ning e’tibor qaratishicha, 2024-yilning noyabr oyida Migratsiya agentligining rasmiy sahifasida e’lon qilingan postda ham qoidalar qattiqlashgani keltirilgan. Xususan, ish joylarini asossiz va Koreyadagi vakolatxona bilan kelishmagan holda tashlab ketganlardan 2000 dollar miqdorida jarima undirilishi qayd etilgan. Bu xorijlik ish beruvchilarda o‘zbekistonlik ishchilarga nisbatan salbiy fikr uyg‘otishga qarshi chora sifatida izohlangan.

**Xodimning o‘limi**

2026-yil 18-iyul kuni Ulsan shahridagi Hyundai Heavy Industries kemasozlik zavodida 26 yoshli o‘zbekistonlik yigit B. fojiali tarzda halok bo‘lgan. U kemani silliqlash ishlarini bajarayotgan paytda o‘zi turgan ko‘taruvchi moslama bilan havoza orasida qisilib qolgan.

Vafot etgan ishchining hamkasblari Pressian nashri muxbiriga aytishicha, marhum yigit avval ham bir necha bor jarohat olgan va shundan keyin kemasozlik zavodida ishlashdan qo‘rqib qolgan. U ish sharoiti xavfli, maosh esa kam bo‘lgani sabab boshqa zavodga o‘tishni doimiy ravishda xohlab kelgan. Biroq katta jarimalar sababli to‘siqlarga duch kelgan.

20-iyul kuni Migratsiya agentligining Koreyadagi vakolatxona rahbari Nurmatjon Komilov Hyundai Heavy Industries'ning Ulsandagi yotoqxonasiga borgan. Uchrashuvda ishchilar o‘z noroziligini qat’iy tarzda bildirishgan. Ular: “Agar u hech bo‘lmaganda bir marta boshqa zavodga o‘tish imkoniga ega bo‘lganida, vafot etmagan bo‘lardi”, deya e’tiroz bildirishgan va adolatsiz kelishuvni hal qilib berishni talab qilishgan.

Voqea joyida bo‘lgan Hyundai Heavy Industries huzuridagi Ichki pudrat bo‘limi vakili Kim Song Hunning aytishicha, 100 nafardan ortiq o‘zbekistonlik ishchi o‘z noroziligini ochiqchasiga bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Migratsiya agentligi hatto subpudratchi tomonidan ishdan bo‘shatilganlardan ham jarima to‘lashni talab qilyapti. Uning fikricha, bu amalda ishchilarga: “Ulsandagi Hyundai Heavy Industries’dan hech qachon ketmaysan”, deyish bilan barobar.

A. ismli ishchi ham muammo jiddiyligini ta’kidlagan. “Turli holatlar bor: ayrimlarning sog‘lig‘i bu ishga to‘g‘ri kelmayapti, ba’zi kompaniyalarda esa ishning o‘zi yo‘q. Biroq, bunday sabablar umuman inobatga olinmayapti”, degan u.

**Tajriba loyihasi**

Kemasozlik sanoatidagi kadrlar inqirozini hal qilish maqsadida, Ulsan shahri ma’muriyati va Janubiy Koreya Bandlik va mehnat vazirligi hamkorligida “Kemasozlik sanoati uchun moslashtirilgan xorijiy ishchi kuchini tayyorlash bo‘yicha tajriba loyihasi” ishlab chiqilgan. Mazkur loyiha doirasida tajriba o‘tkazish uchun O‘zbekiston bilan tashkiliy migratsiya sohasidagi hamkorlik tanlab olingan.

Hyundai Heavy Industries korporatsiyasining bevosita yordami va Ulsan shahri ma’muriyatining 1 milliard vonlik moliyaviy ko‘magi ostida, Farg‘ona viloyatida “Ulsan global kadrlar tayyorlash markazi” tashkil etilgan. 2026-yil iyun oyiga qadar mazkur dastur doirasida qariyb 380 kishi ishga olib kelingan.

Pressian 27-iyul kuni Migratsiya agentligining Koreyadagi vakolatxonasi vakili bilan telefonda gaplashgan. Vakilning so‘zlariga ko‘ra, korxona faoliyatini to‘xtatgan holatlarda, shuningdek, umurtqa diski churrasi kabi kasalliklar sabab ishlashni davom ettirishning imkoni bo‘lmagan holatlarda va tibbiy xulosa taqdim etilsa, shartnomaga imzo chekib kelgan migrantlarga ham ish joyini o‘zgartirishga ruxsat beriladi. U bunday mazmundagi shartnoma nima uchun tuzilganligi haqidagi savolga javoban so‘nggi yillarda noqonuniy qolib ketish bilan bog‘liq holatlar ko‘paygani hamda davlatning xalqaro imidjini saqlab qolish zarurati haqida gapirgan.

**Filippinlik ishchilar bilan bog‘liq holat**

Janubiy koreyalik advokat Cho Jeong Gyu mazkur vaziyatni “majburiy mehnat va odam savdosiga teng”, deya baholagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu – Koreya qishloq xo‘jaligi sohasiga Filippindan yollangan ishchilar 2022-yilda duch kelgan “qochib ketishni kafolatlovchi depozitlar” tizimiga o‘xshaydi.

2022-2024 yillarda Buyeo va boshqa bir nechta Janubiy Koreya munitsipalitetlari Filippin mahalliy hukumatlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzib, ishchilar olib kelgan. Biroq, muhojirlarning ommaviy ravishda ish joyini tashlab, noqonuniy migrantlarga aylanib ketishining oldini olish maqsadida munitsipalitetlar “chiqib ketish kafolati” amaliyotini joriy qiladi. Bunda ishchilar oylik maoshining 60 foizi muzlatilib, maxsus hisobvaraqqa o‘tkazib borilgan va bu mablag‘ ularga vataniga qaytayotgandagina berilishi belgilangan. Boshqa holatlarda, vositachi brokerlar ishchilarning pasportlari va bank kartalarini tortib olgan holda faoliyat ko‘rsatgan.

2024-yil oktyabr oyida Janubiy Koreya Inson huquqlari milliy komissiyasi mazkur amaliyot yuzasidan o‘zining yakuniy xulosasini e’lon qildi. Komissiya qaroriga ko‘ra, maoshni ushlab qolish, pasportlarni olib qo‘yish yoki qochib ketmaslik uchun katta miqdorda kafolat puli talab qilish – “mehnat ekspluatatsiyasi maqsadidagi odam savdosi” hisoblanadi.

O‘zbekistonlik E-9 ishchilarining 2000 dollarlik jarima tilxatlari ham mohiyatan filippinlik ishchilarning “chiqib ketish kafolati” bilan aynan bir xil mexanizm ekaniga urg‘u berilyapti. Huquq faollari katta jarimalar solish orqali ishchini bitta kompaniyaga bog‘lab qo‘yishni iqtisodiy nazorat vositasi, qochib ketganlarning O‘zbekistondagi oila a’zolariga bosim o‘tkazilishini esa ruhiy nazorat vositasi sifatida malakalagan. Ta’kidlanishicha, bu – “odam savdosi qurbonlarini aniqlash mezonlari”ga mos keladi.

Ishchilarning bevosita xizmatidan foydalanayotgan Hyundai Heavy Industries korporatsiyasi mojaro yuzasidan izoh berar ekan, jarima tilxatlari haqida mutlaqo bexabar bo‘lganini va bu jarayonda ishtirok etmaganini ta’kidlagan. Kompaniyaning fikricha, bu hujjatlar O‘zbekiston hukumatining xorijdagi o‘z fuqarolarini boshqarish bo‘yicha ichki siyosati hisoblanadi va korporatsiya bunga aralashish huquqiga ega emas.

Janubiy Koreya Metallurgiya ishchilari kasaba uyushmasi esa keskin bayonot bilan chiqdi. Unda ta’kidlanishicha, “Ulsan modeli”ni ishlab chiqqan va undan eng ko‘p foyda ko‘rayotgan Ulsan shahri va Hyundai korporatsiyasi o‘zlarini chetga olishi mutlaqo mantiqsizdir. Ishchilar aynan ular yaratgan tizim orqali keltirilgan.

**Janubiy Koreya hukumati aralashuvi**

Gender tengligi vazirligi va inson huquqlari tashkilotlarining bosimi ostida Koreya Bandlik va mehnat vazirligi yuqoridagi holatga jiddiy e’tibor qarata boshladi. Vazirlikning 8-avgust kuni e’lon qilingan bayonotida mazkur masala O‘zbekistonning Koreyadagi elchixonasi hamda Migratsiya agentligining vakolatxonasi bilan birgalikda o‘rganilayotgani qayd etilgan.

Shuningdek, 6-avgust kuni Koreya Mehnat va bandlik vazirligi Rejalashtirish va muvofiqlashtirish boshqarmasi rahbari hamda O‘zbekiston bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari o‘rtasidagi uchrashuvda mazkur tartibning adolatsizligi va uni zudtar takomillashtirish talabi ilgari surilgan.

“O‘zbekiston hukumatidan imkon qadar tezroq rasmiy hujjat yuborib, muammoni bartaraf etishni talab qilamiz. Shuningdek, O‘zbekiston tomonining ko‘rayotgan choralarini doimiy ravishda kuzatib boramiz va vaziyatdan kelib chiqib, zarur bo‘lsa, qo‘shimcha choralar ko‘ramiz”, deyilgan Koreya mehnat vazirligi bayonotida.

O‘z navbatida, Gender tengligi vazirligi ham o‘zbekistonlik migrant ishchilarning E-9 vizasi orqali mamlakatga kirib kelishida odam savdosi alomatlari borligini qayd etgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.