Janubiy Afrika politsiyasi boshligʻi oʻrinbosari jinsiy jinoyatlarda ayblangach, isteʼfoga chiqdi
Shadrak Sibiya 16 yoshli qizni jinsiy munosabatlarga tayyorlagani va 18 yoshli qizni zoʻrlagani haqidagi ayblovlarni rad etgan edi.

Janubiy Afrika politsiyasi boshligʻining oʻrinbosari jinsiy jinoyatlarda ayblanganidan uch hafta oʻtib isteʼfoga chiqdi.
Politsiya matbuot kotibining soʻzlariga koʻra, general-leytenant Shadrak Sibiyaning advokati dushanba kuni intizomiy eshituv paytida uning isteʼfoga chiqish haqidagi arizasini topshirgan.
Unga qarshi ayblovlar orasida 16 yoshli qizni jinsiy aloqaga mayl qildirgani va 18 yoshli ayolni zoʻrlagani haqidagi daʼvolar bor. U shuningdek, odam savdosi boʻyicha ham ayblanmoqda.
Sibiya barcha ayblovlarni rad etdi. U 18 yoshli ayol bilan jinsiy aloqada boʻlganini, ammo bu oʻzaro rozilik bilan sodir boʻlganini taʼkidlamoqda.
U uch hafta oldin hibsga olinganidan beri, garov evaziga ozod qilish haqidagi iltimosnomasi rad etilgach, hibsda qolmoqda.
Politsiya matbuot kotibi Atlenda Mate X (sobiq Twitter) tarmogʻidagi postda uning politsiya xizmatini tark etishi sharmandali boʻshatish sifatida qabul qilinganini aytdi.
Bu ish politsiya xizmati korruptsiya va jinoyatchilar bilan til biriktirish ayblovlari boʻyicha yirik jamoatchilik surishtiruvi doirasida sinchkovlik bilan tekshirilayotgan bir vaqtda yuz bermoqda.
Madlanga komissiyasi deb ataladigan surishtiruv 2025 yilning sentyabr oyida boshlangan va unda Sibiya politsiya kontrakti evaziga jinoyatchi toʻda boshidan sovgʻa sifatida 20 ta impala (kiyik) olgani haqidagi daʼvolar tinglangan.
U bu ayblovni rad etdi.

