Janubiy Afrika politsiyasi bir qator oʻlim holatlarini tergov qilayotgan bir paytda, toʻqqizinchi ayolning jasadi topildi
Janubiy Afrika politsiyasi barcha qotilliklar bir-biriga bogʻliq deb taxmin qilishdan ogohlantirdi, biroq koʻplab ayollar qoʻrquvda qolmoqda.

Janubiy Afrika politsiyasi bir qator oʻlim holatlarini tergov qilayotgan bir paytda toʻqqizinchi ayolning jasadi topildi
Soʻnggi jasad Don Parkdagi yoʻl yoqasida choyshabga oʻralgan holda topilgan
Janubiy Afrika politsiyasi Yoxannesburgdan sharqda sodir boʻlayotgan bir qator tushunarsiz oʻlim holatlari yuzasidan xavotirlar kuchayayotgan bir paytda, atigi ikki oy ichida toʻqqizinchi ayolning jasadi topilganini tasdiqladi.
Politsiyaning maʼlum qilishicha, soʻnggi qurbon payshanba kuni ertalab Don Parkdagi yoʻl yoqasida yarim yalangʻoch va choyshabga oʻralgan holda topilgan. Uning shaxsi hali jamoatchilikka oshkor qilinmagan.
Ushbu topilma Yoxannesburgning yirik shahar hududi boʻlgan Ekurxulenida iyul oyidan beri jasadlari topilgan boshqa sakkiz ayolning oʻlimidan keyin yuz berdi.
Ayollarning bir nechasi qisman kiyingan va jarohatlar bilan topilgan, biroq politsiya bu oʻlimlar oʻzaro bogʻliqligi yoki bunga seriyali qotil aloqadorligi hali aniqlanmaganini taʼkidladi.
Prezident Siril Ramafosa qotilliklar uchun masʼullarni aniqlashda "hech qanday chora ayab oʻtirilmasligini" vaʼda qildi va bu voqealar "jamoalarimizda qoʻrquv va ishonchsizlik uygʻotayotganini" aytdi.
Qurbonlardan biri oʻtgan hafta tushdan keyin yugurish uchun uydan chiqib ketganidan keyin gʻoyib boʻlgan 38 yoshli Elizabet "Tsontso" Moselakgomo edi. Uning jasadi uch kundan keyin Kempton Parkdagi mehmonxona orqasidan topilgan.
Shundan soʻng yana ikki qurbonning shaxsi aniqlandi: ular iyul oyidan beri bedarak yoʻqolgan Itumeleng Kekana va seshanba kuni KvaTxemada yoʻl yoqasidan jasadi topilgan 38 yoshli Dineo Evelin Motapanedir.
Toʻqqizta jasadning birinchisi 15 iyul kuni Kempton Parkda topilgan edi. Ikki kundan keyin ushbu ishga aloqadorlikda gumonlanuvchi hibsga olingan va u hamon hibsda qolmoqda, biroq politsiya bu gumonlanuvchini boshqa oʻlim holatlari bilan bogʻlamagan.
Avgust va sentyabr oylarida Kempton Park, Olifantsfonteyn, Kleyvill va KvaTxema kabi hududlarda yana jasadlar topilgan.
Mahalliy OAV xabariga koʻra, soʻnggi jasad 30 yoshlardagi ayolga tegishli deb taxmin qilinmoqda va unda koʻkarishlar hamda pichoq jarohatlari boʻlgan.
Politsiya oʻlim holatlarini tergov qilish va ishlar oʻrtasida bogʻliqlik bor-yoʻqligini aniqlash uchun detektivlar, razvedka xodimlari, sud-tibbiyot ekspertlari va boshqa mutaxassislardan iborat koʻp tarmoqli guruh tuzdi.
Shuningdek, ular ishga aloqador boʻlishi mumkin boʻlgan shaxsni qidirmoqdalar, garchi ushbu shaxs aynan qaysi ish yoki ishlar bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligini ochiqlamagan boʻlsalar-da.
"Hissiyotlarga berilmaylik, kurash jiddiy tus oldi", dedi payshanba kuni Gauteng premeri Panyaza Lesufi va rasmiylar qotilliklarga qarshi kurashish uchun yetarli imkoniyatlarga ega ekanini qoʻshimcha qildi.
Hukumat hibsga olishga olib keladigan maʼlumot uchun 400 000 rend (24 000 dollar; 18 000 funt sterling) miqdorida mukofot taklif qildi va yaqinlari bedarak yoʻqolgan oilalarni qolgan qurbonlarning shaxsini aniqlashda yordam berishga chaqirdi.
Jasadlarning topilishi Ekurxulenida, ayniqsa Kempton Park atrofida keng koʻlamli xavotirga sabab boʻldi va bu Janubiy Afrikada ayollarga nisbatan zoʻravonlikning yuqori darajasi boʻyicha uzoq vaqtdan beri mavjud boʻlgan xavotirlar fonida yuz bermoqda.
Politsiyaning taʼkidlashicha, ular hozirgi bosqichda oʻlim holatlarini seriyali qotil bilan bogʻlamayapti, biroq qotilliklar ortida bir guruh odamlar turgan boʻlishi mumkinligini oʻrganmoqda.
Politsiya vaziri vazifasini bajaruvchi Firoz Kachalia turli taxminlardan tiyilishga chaqirib, tergovchilar hozirgi bosqichda "butunlay farqli, alohida hodisalar" bilan shugʻullanayotganini aytdi.

