Jahon chempionatidan soʻng yoshlarga koʻproq imkoniyat berish yoʻlini tanladik - Kannavaro
Oʻzbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Janubiy Koreyaga qarshi 0:2 hisobidagi magʻlubiyatga qaramay, jamoa koʻrsatgan oʻyindan qoniqqanini aytdi. Italiyalik mutaxassis, shuningdek, Jahon chempionatidan keyin terma jamoani bosqichma-bosqich yoshartirish jarayoni boshlanganini taʼkidladi.

**Jahon chempionatidan keyin yoshlarga ko‘proq imkon berish yo‘lini tanladik — Kannavaro**
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Janubiy Koreyaga qarshi (0:2) o‘rtoqlik uchrashuvidan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
- Juda yaxshi o‘yin bo‘ldi. Natija borasida, albatta, afsusdamiz, biroq o‘yin sifati nuqtai nazaridan jamoamiz munosib harakat qildi. Futbolchilarga raqibga imkon qadar ko‘proq qiyinchilik tug‘dirish vazifasini qo‘ygandik. O‘yinning har ikki bo‘limida ham ko‘plab vaziyatlar yaratishga muvaffaq bo‘ldik. Kuchli raqibga qarshi bahslarda esa kichik tafovutlar ham yakuniy natijani belgilab beradi.
- Eng avvalo, futbolchilardan ishonch bilan maydonga tushishni talab qildim. Raqib maydonida bunday darajadagi o‘yin o‘tkazish oson emasligini yaxshi anglagandik. G‘alaba bilan qaytish uchun o‘yinning barcha jihatlari yuqori saviyada bo‘lishi kerak edi. Bu, avvalo, yuqori intensivlik, faol harakat va to‘p nazoratini anglatadi.
- Natijada mazkur jihatlarning ma’lum qismini amalda namoyish eta oldik. O‘yin davomida ko‘plab golli vaziyatlarini yaratdik. Janubiy Koreyaning aniq zarbalari sonini hisobga oladigan bo‘lsak, menimcha, ular bor-yo‘g‘i ikki marta jiddiy xavf yaratishdi. Biz yaratgan vaziyatlarda esa raqib darvozaboni bir qator muhim seyvlarni amalga oshirdi. Bu esa yaratilgan imkoniyatlardan foydalana olmaganimizning asosiy sabablaridan biri bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, bu - futbol. Kelgusida ham jamoamizni yanada rivojlantirish va takomillashtirish yo‘llarini izlashda davom etamiz.
- Jamoaga tayinlanganimdan so‘ng, Jahon chempionatiga qadar tarkibga katta o‘zgarishlar kiritmaslikka qaror qildim. O‘sha davrda tub o‘zgarishlar qilishdan ko‘ra, avvalgi bosh murabbiy tomonidan olib borilgan ishlarni davom ettirishni maqsadga muvofiq deb hisobladik. Chunki aynan o‘sha jamoa Jahon chempionatiga chiqishdek muhim natijaga erishgan edi.
- Jahon chempionatidan so‘ng esa jamoada muayyan o‘zgarishlarni amalga oshirishga kirishdik. Xususan, yosh futbolchilarga ko‘proq imkoniyat berish yo‘lini tanladik. O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi yoshlar futboliga katta e’tibor qaratib, ushbu yo‘nalishga sezilarli sarmoya kiritmoqda. Zarur infratuzilma va sharoitlar ham yaratilayotganini inobatga olib, jamoada bosqichma-bosqich o‘zgarishlarni amalga oshirishni to‘g‘ri deb bildik. Hozir ushbu jarayon izchil davom etmoqda. Bugungi o‘yin ham yosh futbolchilarimiz uchun kuchli raqibga qarshi bahsda katta tajriba orttirish imkonini berdi.
- Yakunda eng muhim omil - futbolchilarning ruhiy tayyorgarligi hamda yuqori saviyadagi futbol namoyish etishga asoslangan yagona falsafadir. Ana shu yo‘nalishda izchil harakat qilsak, oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizga erisha olishimizga ishonaman.

