Sport

Fabio Kannavaro — JCHdan keyingi taktik o‘zgarish, yosh futbolchilar va jamoadagi raqobat haqida

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Janubiy Koreyaga qarshi o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida jamoada Jahon chempionatidan keyin amalga oshirilgan taktik o‘zgarishlar, yosh futbolchilarga bo‘lgan talab va raqobat muhiti haqida gapirdi.

**Fabio Kannavaro — JCHdan keyingi taktik o‘zgarishlar, yosh futbolchilar va jamoadagi raqobat haqida**

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Janubiy Koreyaga qarshi bo‘lib o‘tadigan o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan matbuot anjumanida qatnashdi. Unda u Jahon chempionatidan keyingi taktik o‘zgarishlar, jamoadagi raqobat muhiti va yosh futbolchilar haqida fikr bildirdi.

Avvaliga Kannavaro Janubiy Koreyaga yana qaytganidan mamnun ekanini aytib, ertangi bahs O‘zbekiston uchun muhim ekanini ta’kidladi. Murabbiy Jahon chempionatidan so‘ng jamoa tarkibida sezilarli o‘zgarishlar yuz berganini qayd etdi.

“Jahon chempionatidan keyin jamoamizda ancha o‘zgarishlar bo‘ldi, futbolchilar tarkibida ham ko‘p o‘zgarishlar yuz berdi. Koreya terma jamoasi juda qiyin raqib ekanini yaxshi bilamiz va safarda unga qarshi o‘ynash oson bo‘lmaydi, lekin ertangi o‘yinda yaxshi natija ko‘rsatish biz uchun juda muhim”, — dedi murabbiy.

U Jahon chempionatidagi uchta mag‘lubiyatdan keyin tarkibga o‘zgartirishlar kiritilgani, jamoaga yangi taktikalar va g‘oyalar singdirishga harakat qilingani haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron va Suriya bilan so‘nggi ikki uchrashuvda futbolchilar bu o‘zgarishlarni maydonda namoyish etib, g‘alabaga erishgan.

“Jahon chempionatidagi uchta mag‘lubiyatdan so‘ng tarkibda o‘zgarishlar qilishga harakat qildik va mana oxirgi ikkita o‘yinda g‘alaba qozondik. Jahon chempionatidan keyin yangi terma jamoaga yangi taktikalar va g‘oyalarni singdirishga harakat qildim, ular Suriya va Eron bilan o‘yinda o‘zini yaxshi ko‘rsatib, g‘alaba qozonishdi” — dedi Kannavaro.

Murabbiy Jahon chempionatida ishtirok etish futbolchilar uchun katta tajriba bo‘lganini ham ta’kidladi. Uning fikricha, bunday yirik turnirda qatnashish futbolchilarning ruhiyatiga ham ta’sir qiladi.

“Jahon chempionati biz uchun juda yaxshi tajriba bo‘ldi. Bu biz uchun birinchi marta edi va menimcha, bu bizga ko‘p narsa berdi. Jahon chempionatidan keyin o‘yinchilarimga bu darajani saqlab qolishimiz, har yili o‘z ustimizda ishlab, yangi-yangi, o‘zimizga katta maqsadlar qo‘yishimiz kerakligini aytdim”.

Kannavaro yosh futbolchilar rivojiga ham alohida e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, 17 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchi yetarlicha yaxshi bo‘lsa, Superligadagi kuchli jamoalarda o‘ynashi kerak.

“Men futbolchilar bilan ham, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan ham gaplashganimda har doim aytaman: futbolchi 17 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan oraliqda Superligadagi top jamoalarda to‘p surishi kerak. Chunki bu yosh o‘zbek futbolchilarining potensialini ko‘rsatadigan va ularni terma jamoaga chaqirish mumkin bo‘lgan davr hisoblanadi” — dedi bosh murabbiy.

Kannavaro Jahon chempionatida uch himoyachili tizimdan foydalanilganini, keyin esa formatsiyani o‘zgartirish va jamoaga yangi o‘yin falsafasini singdirish vaqti kelganini tushuntirdi.

U O‘zbekiston futbolida agressiv o‘ynash uslubi yoshlikdan shakllantirilishini anglaganini aytdi. Shu sababli bu xususiyatlarni milliy terma jamoa o‘yiniga ham olib kirishga qaror qilgan.

“O‘zbekiston futbolida agressiv o‘ynash yoshligidan singdirib kelinadi. O‘zbek futboli yoshlari juda yuqori darajada ekanini anglab, shu futbolni milliy terma jamoaga ham tatbiq etishga qaror qildim” — dedi Kannavaro.

Murabbiy yuqori intensivlikda o‘ynash uchun jismoniy tayyorgarlik zarurligini ham qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 90 daqiqa davomida yuqori tempni saqlash oson emas va shu sababli futbolchilar bilan bu yo‘nalishda Jahon chempionatidan keyin bir yildan beri ishlanmoqda.

Kannavaro O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan dastlabki davrda jamoada keskin o‘zgarishlar qilishga shoshilmaganini aytdi. U futbolchilarning madaniyati, odatlari va an’analarini kuzatib, hurmat qilgan hamda Jahon chempionatiga chiqishda erishilgan natijalarni saqlab qolishni maqsad qilgan.

“Men bir yil oldin O‘zbekiston terma jamoasiga bosh murabbiy bo‘lib kelganimda, ko‘p o‘zgarishlar qilishga harakat qilmadim. Avvalo, jamoaga imkon qadar tegmasdan, bu futbolchilarning madaniyati, odatlari va an’analarini kuzatib, hurmat qildim, chunki bu jamoa ajoyib natijalar bilan Jahon chempionatiga chiqqan edi” — dedi Kannvaro.

Uning aytishicha, Jahon chempionatidan keyin formatsiya bilan birga jamoaning o‘yin falsafasi va modeli ham o‘zgartirila boshlangan. Biroq murabbiy o‘zbek futbolchilarining kurashuvchanligi, jangovar ruhi va qarshi hujumga o‘tishdagi keskinligini saqlab qolishga harakat qilgan.

Kannavaro ertangi o‘yinda ham avvalgi ikki uchrashuvdagi kabi yaxshi natija ko‘rsatish maqsad qilinganini aytdi. U pressing va yuqori intensivlikni qachon hamda qanday qo‘llash muhimligini ta’kidladi.

“Oldingi ikki o‘yindagi pressing va intensivlikni qachon va qanday qilish juda muhim. Agar buni har doim, vaqtini bilmasdan qilsangiz, 90 daqiqa davomida yaxshi o‘yin ko‘rsatish qiyin bo‘lishi mumkin”.

Murabbiyning ta’kidlashicha, u milliy terma jamoa bosh murabbiyi sifatida bir yil ishlagan davrida futbolchilarni yaxshiroq tushuna boshlagan, futbolchilar ham uning talablarini yaxshiroq anglay boshlagan. Shu asosda jamoa bilan ma’lum darajada aloqa o‘rnatilib, taktik o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

Kannavaro terma jamoada sog‘lom raqobat bo‘lishi zarurligini ham qayd etdi. Uning aytishicha, doim bir xil 13−14 nafar futbolchi o‘ynasa, raqobat yo‘qoladi. Shu sababli yosh futbolchilarni jalb qilish orqali jamoada raqobat muhitini saqlashga harakat qilinmoqda.

“Menimcha, terma jamoada sog‘lom raqobat va do‘stona kurash bo‘lishi kerak, shundagina biz yaxshi natijalarga erishib, rivojlanishda davom etamiz. Agar terma jamoada doim bir xil 13−14 nafar futbolchi o‘ynasa, raqobat yo‘qoladi”.

Kannavaro jamoani yosh futbolchilarga tayangan holda motivatsiya va o‘zgarishlar asosida shakllantirishni rejalashtirayotganini aytdi. U Koreyaga qarshi bahsda ham avvalgi ikki o‘yindagi ijobiy natijalarni davom ettirish uchun maydonga tushishlarini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi Janubiy Koreyaga qarshi uchrashuvi 6-oktabr kuni Toshkent vaqti bilan 16:00 da bo‘lib o‘tadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.