Sport

Kannavaro: «Endi milliy jamoada hech kimga imtiyoz boʻlmaydi»

Oʻzbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Eronga qarshi 3:1 hisobidagi gʻalabali oʻyindan keyin fikrlari bilan oʻrtoqlashdi. Italiyalik mutaxassis milliy jamoaga futbolchilarni chaqirishda endi avvalgi xizmatlar uchun hech qanday imtiyoz berilmasligini aytdi.

Kannavaro: «Endi milliy jamoada hech kimga imtiyoz boʻlmaydi»

Oʻzbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro 24-sentabr kuni Eronga qarshi (3:1) oʻrtoqlik uchrashuvidan keyin matbuot anjumanida qatnashib, oʻz fikrlarini bildirdi.

«Oʻyin oson kechmadi. Bu uchrashuvga tayyorgarlik koʻrish uchun bizda 3 kun vaqt bor edi. Shunga qaramay, futbolchilar bilan koʻp ishladik, bahsning dastlabki 20 daqiqasi muhimligini muhokama qildik. Jamoaviy oʻyin orqali yaxshi natijaga erisha olishimizni tushuntirdim. Gʻalaba yoki magʻlubiyat boʻlishidan qatʼi nazar, birdamlik bilan harakat qilishimiz kerakligini taʼkidladim».

«Eron bizga asosan standart vaziyatlarda xavf tugʻdirishi mumkinligini bilardik. Futbolchilarim yaxshi oʻyin namoyish etdi. Yigitlar bilan faxrlanaman. Bu natijani imkon qadar tezroq unutib, keyingi oʻyinlar haqida oʻylashimiz kerak».

«Darvozabon Abduvohid Neʼmatovning jarohati? Tarkibdagi barcha futbolchilarga ishonaman. Kecha Neʼmatov jarohat oldi va Eronga qarshi oʻynamasligi maʼlum boʻldi. Ammo qolgan futbolchilarga ishonchim komil edi. Vladimir Nazarovni Osiyo Chempionlar ligasidagi oʻyinlarida koʻrgandik va uni maydonga tushirishga qaror qildik. Yigʻinga kim chaqirilgan boʻlsa, barchasi tayyor holatda kelgan. Avval ham aytganimdek, milliy jamoaning eshiklari barcha uchun ochiq. Avvalgi yigʻinlarda kimlarning mehnati, saralashdagi yordami uchun «bonus» bergan boʻlsak, endi bunday imtiyozlar boʻlmaydi. Kim milliy jamoaga munosib va tayyor boʻlsa, shuni chaqiramiz. Bizni oldinda Osiyo kubogi kutib turibdi. Turnirga munosib tayyorgarlik koʻrish uchun bir oy vaqtimiz boʻladi. Oʻsha yigʻinga yigitlar tayyor holatda keladi degan umiddaman».

«Eronga qarshi bahsda menga yoqmagan jihatlar ham boʻldimi? Ushbu bahsda koʻplab ijobiy jihatlarni koʻrdik. Ammo bosh murabbiy sifatida yanada yaxshilash imkoniyatlarini izlayman. Eron bizning xatolarimizdan foydalana olmagan boʻlishi mumkin. Lekin boshqa raqiblar buni aslo kechirmaydi. Ayniqsa, markaziy yarimhimoyachilardan jamoaviy oʻyin koʻrsatishni soʻradim. Shuningdek, jarima maydonimiz atrofida qoida buzilmaslikni talab qildim. Ammo baribir bu borada xato qildik va golni ham shu tariqa oʻtkazib yubordik. Oʻylaymanki, biz yanada yaxshilash mumkin boʻlgan jihatlar bor».

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston milliy jamoasi Fargʻonada Eronni 3:1 hisobida magʻlub etdi. Gollar Eldor Shomurodov (2) va Husayn Norchayev hisobiga yozildi.

Milliy jamoa FIFA kunlarida yana 2 ta oʻrtoqlik oʻyinini oʻtkazadi: 1-oktabr kuni Toshkentda Suriyaga qarshi va 6-oktabr kuni safarda Janubiy Koreyaga qarshi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.