Jaguar oʻz tarixidagi eng quvvatli Type 01 elektromobilini taqdim etdi
Jaguar Type 01 deb nomlangan yangi fastbek umumiy quvvati 1030 ot kuchiga teng uchta elektromotor bilan jihozlandi.

Jaguar oʻz tarixidagi eng kuchli Type 01 elektromobilini namoyish etdi
Britaniyaning Jaguar kompaniyasi Type 01 seriyali elektromobilini taqdim qildi. Yangi model Britaniya brendi tarixidagi eng qudratli avtomobilga aylandi va u kelasi yili sotuvga chiqadi.
Yangi avtomobil Type 00 konsepsiyasining seriyali talqini boʻlib, uning dizayni avtomobil ixlosmandlari va mutaxassislari orasida turlicha baholangan edi. Model uzun kapot, ingichka diodli optika, shaffof tom, choʻzilgan orqa osma, boʻrtma spoyler hamda 23 dyuymli gʻildirak disklariga ega. Biroq ikki eshikli prototipdan farqli ravishda, seriyali fastbek toʻrt eshikli gran-turizmo koʻrinishida ishlab chiqildi.
Yangi modelda odatiy radiator panjarasi oʻrnini gorizontal chiziqli qoplama egallagan. Shu bilan birga, elektromobilning orqa oynasi yoʻq. Bunday yechim avval Avatr 12 va Polestar 4 modellarida ham qoʻllangan edi. Aerodinamik qarshilik koeffitsiyenti 0,23 ni tashkil etadi. Bu Jaguar avtomobillari uchun rekord koʻrsatkichdir.
Interyerning asosiy oʻziga xosligi butun salon boʻylab choʻzilgan va uni alohida hududlarga ajratib turuvchi uzun markaziy konsol boʻldi. Unda anʼanaviy tugmalar yoʻq. Avtomobilning asosiy funksiyalari va tizimlarini 7 dyuymli ekran hamda rul chambaragidagi sensorli panellar orqali boshqarish mumkin.
Shu bilan birga, Jaguar Type 01 modelida multimedia tizimi ekrani yoʻq. Barcha zarur koʻrsatkichlar, jumladan navigatsiya maʼlumotlari diagonali 24 dyuym boʻlgan ulkan raqamli asboblar panelida aks etadi. Yana bir ekran esa raqamli orqa koʻrinish koʻzgusi vazifasini bajaradi, unga tasvir tomga oʻrnatilgan kamera orqali uzatiladi.
Type 01 850 voltli arxitekturaga asoslangan yangi Jaguar Electric Architecture (JEA) platformasida ishlab chiqilgan. Avtomobil umumiy quvvati 1030 ot kuchi va 1365 N·m aylanma lahzaga ega uchta elektromotor bilan jihozlangan. Mashina 100 km/soat tezlikka bor-yoʻgʻi 3,2 soniyada erishadi. Elektromobilning bir quvvatlanishdagi yurish zaxirasi 720 km ni tashkil qiladi. Batareya quvvatini 10 foizdan 80 foizgacha 22 daqiqada toʻldirish mumkin.
Yangi modelga buyurtmalar qabul qilish 2027-yilda boshlanadi. Avtomobillarni xaridorlarga dastlabki yetkazib berish esa kelasi yilning ikkinchi yarmiga rejalashtirilgan. Modelning Buyuk Britaniyadagi narxi 130 ming funt sterlingdan (2026-yil 7-oktabr holatiga koʻra taxminan 2 milliard soʻm) boshlanadi.

