Ixcham to‘ylar, qarz va “odamlar nima deydi?”: “Maromiylik” loyihasining dastlabki bosqichi sarhisobi
'Maromiylik' harakatining dastlabki 90 kuni jamiyatda dabdabali to‘ylarga moyillik va ijtimoiy bosim yuqoriligini ko‘rsatdi, dedi Ma’naviyat markazi rahbari Otabek Hasanov. '3000-yil davomida miyamizga singib ketgan narsani 90 kunda yo‘q qilib yuboradigan bo‘lsak, bizga Nobel berishlari kerak', — dedi u.

**Ixcham to‘ylar, qarz va "odamlar nima deydi?": "Maromiylik" loyihasining dastlabki bosqichi yakunlari**
To‘y va marosimlarni ixchamlashtirishga qaratilgan 90 kunlik "Maromiylik" loyihasi ijobiy natijalar bera boshladi, biroq isrofgarchilikni qisqa muddatda bartaraf etish imkonsiz. Bu haqda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov 26-avgust kuni Toshkentda o‘tkazilgan tadbirdan so‘ng Gazeta muxbirining savoliga javob berdi.
Otabek Hasanovning ta’kidlashicha, to‘y va marosimlardagi isrofgarchilik jamiyat ongiga shunchalik chuqur singib ketganki, uni bir nechta tadbir yoki qisqa muddatli chora bilan yo‘qotib bo‘lmaydi.
"Biz dastlab 90 kunlik muddatni e’lon qildik. Chunki hamma joyga chiqib, vaziyatni o‘rganganimizda juda ko‘p muammolar borligi ayon bo‘ldi. Bu odatlar genimizgacha singib ketgan ekan. Biz avval bir-ikki tadbir yoki qat’iy chora bilan buni to‘xtatish mumkin deb o‘ylagandik. Ammo bu ancha chuqur masala ekan", – dedi u.
Hasanovning so‘zlariga ko‘ra, odamlar to‘ylarni ixchamlashtirish zarurligini tushunib tursa ham, qarz va kredit hisobiga katta marosim o‘tkazishdan voz kecha olmayapti.
"Odamlar "Maromiylik" umummilliy harakatidan xabardor, qaror borligini, to‘yni ixcham qilish kerakligini ham bilib turibdi. Hatto krediti, qarzi bor. Lekin "baribir qilmasam bo‘lmaydi" deydi. Bu narsa shu darajada ongimizga kirib ketgan", – deya ta’kidladi markaz rahbari.
Hasanovga ko‘ra, loyiha doirasida psixolog va olimlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Davlat xizmatchilari uchun treninglar o‘tkazilmoqda, hududlarda esa mahalla raislari bilan ishlanmoqda.
"Bu bir kunlik ish emas. 3000-yil davomida miyamizga, ongimizga va qalbimizga singib ketgan narsani 90 kunda yo‘q qilib yuboradigan bo‘lsak, bizga Nobel mukofotini o‘n marta berishlari kerak. Bu – doimiy kurash. Ushbu 90 kunni nima uchun e’lon qildik? Birinchi bosqichda isrofgarchilik bo‘yicha qaysi darajada ekanimizni aniqlab olishimiz kerak edi. Juda katta raqamlar va tahlillarni oldik", – dedi u.
Markaz rahbari keyingi bosqichda 20-21 yoshli, uchinchi-to‘rtinchi kurs talabalari bilan ishlashga alohida e’tibor qaratilishini aytdi. Uning fikricha, bugungi talabalar ertangi oila quruvchilar bo‘lgani uchun to‘y va marosimlarga munosabatni aynan shu yoshdan shakllantirish muhim.
"Shu yoshdagi yigit-qizlarni qamrab olib, ularga moliyaviy savodxonlik, kredit va qarz, to‘y hamda isrofgarchilik masalalarini tushuntirishimiz kerak. Oliy ta’lim muassasalarida bu mavzular bo‘yicha maxsus darslarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda", – dedi u.
"Biz ota-onasiga zamonaviy, yangi avlod farzandi sifatida boshqa taklif qo‘ya oladigan avlodni tarbiyalashimiz lozim", – deya qo‘shimcha qildi Hasanov.
Otabek Hasanov ayrim taniqli san’atkorlar va amaldorlarning farzandlari dabdabali to‘y qilayotgani, bunga "Maromiylik" harakati qay darajada ta’sir ko‘rsata olishi haqidagi savolga ham munosabat bildirdi. Uning aytishicha, loyihaning ochiq e’lon qilinishi ham uning davlat va jamoatchilik nazoratida ekanini bildirishga qaratilgan.
"Indamay ham ishlashimiz mumkin edi. Lekin nima uchun buni ochiq e’lon qildik? Davlat xizmatchisi ham, san’atkor ham, hamma eshitsin dedik. Hozir ko‘chada odamlar uchrab, "Siz "Maromiylik"ni boshlabsiz" deyapti. San’atkorlar ham bu haqda gapiryapti", – dedi u.
U mazkur loyiha haqida axborot tarqatilishining o‘zi ayrim oilalarni to‘ylarni ixchamlashtirishga undaganini ta’kidladi.
"Bitta-ikkita san’atkorning to‘yini ko‘rib, hamma to‘ylar shunday o‘tkazilyapti deb bo‘lmaydi. O‘zbekistonda bir yilda 300 mingdan ortiq to‘y bo‘ladi. Sizlar to‘rtta dabdabali to‘yni ko‘rasizlar-da, hamma shunday, deysizlar", – dedi markaz rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shu yilning o‘zida 100-150 nafar yosh "Maromiylik" ta’sirida to‘yini ixcham o‘tkazgani haqida unga xat yozgan. Ta’kidlanishicha, ular orasida 50 kishilik to‘y qilib, qolgan mablag‘iga kutubxona qurganlar bor.
Hasanov ixcham to‘ylar ko‘p bo‘lsa-da, ular ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda kam yoritilishini aytdi.
"Nechta ixcham to‘yni ko‘rsatib beray? Ular juda ko‘p. Lekin ularni yoritmaymiz. Chunki bu bizga layk va reyting olib kelmaydi. Dabdabali to‘yni ko‘rsatsak, qiziqish ko‘proq bo‘ladi. Hatto "Maromiylik"dan keyin isrofgarchiliksiz to‘y qilayotgan davlat xizmatchilari ham ko‘paymoqda. Biroq ularni hech kim yoritmaydi. Bitta davlat xizmatchisi adashib, dabdabali to‘y qilib qo‘ysa, ana shu holat darhol keng yoritiladi. U ham ko‘pincha o‘zining qarori emas, oilasining yoki farzandining xohishi bo‘lishi mumkin", – dedi Hasanov.
Otabek Hasanov davlat xizmatchilari orasida ham marosimlarni ixchamlashtirish va "maromiylik" tamoyillari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilayotganini aytdi.
"Barcha davlat xizmati binolari va tashkilotlarida treninglar o‘tkazilyapti. Maromiylik degani faqat to‘y emas. Bu – to‘y va marosimlardan tortib, kiyinish, o‘zini tutish va jamiyatdagi boshqa xulq-atvorgacha bo‘lgan kompleks masala", – dedi u.
Unga ko‘ra, markaz xodimlari vazirlik va idoralarning markaziy apparatlariga borib, davlat xizmatchilariga qonunchilikdagi talablar, choralar va maromiylik tamoyillari bo‘yicha tushuntirish bermoqda.
"Bu ishlar olti oy davomida Toshkentda va respublikadagi barcha vazirlik hamda idoralarda o‘tkaziladi", – dedi Hasanov.
U "Maromiylik" loyihasi to‘ylarni ixchamlashtirish bilan cheklanmasligi, balki jamiyatda me’yorli va tejamkor turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan uzoq muddatli ish ekanini ta’kidladi.
"Bu – hali uzoq davom etadigan, tizimli ish. Ommaviy axborot vositalari ham bizga qo‘shilsa, yaxshi bo‘ladi. Xalqimiz pulni yaxshi narsaga tikishi, masalan, kutubxonaga sarflashi kerak. Faqat to‘yga, beshta mashinaga emas", – dedi markazi rahbari.
Shu yilning 26-iyun kuni "Maromiylik" umummilliy harakati: konsept, amaliyot va targ‘ibot texnologiyalari" mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. Unda ma’lum qilinishicha, loyihaning dastlabki bosqichida mamlakat bo‘ylab 14 ta hududda seminar-treninglar tashkil etilib, 204 ta oliy ta’lim muassasasi qamrab olindi. Tadbirlarda 2 mingga yaqin professor-o‘qituvchi, mutaxassis va talaba ishtirok etdi.
Shuningdek, 58 068 nafar ishtirokchini qamrab olgan sotsiologik tadqiqot o‘tkazildi. Tadqiqot natijalari yoshlar orasida ixcham va mazmunli marosimlar, ongli iste’mol hamda mas’uliyatli hayot tarziga qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatdi. Biroq ayrim qarorlarga hanuz "Odamlar nima deydi?" degan ijtimoiy bosim ta’sir qilayotgani qayd etildi.
Bundan tashqari, markaz tomonidan 1 mln respondent o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilgani aytiladi. Unda ijtimoiy bosim mustaqil qaror qabul qilishga ta’sir etayotgani aniqlangan. Respondentlarning 71,5 foizi ixcham to‘yni istashini bildirgan, 69,9 foizi esa "Odamlar nima deydi?" degan omil tufayli bunday qarordan voz kechishini aytgan.
Shuningdek, respondentlarning 69,8 foizi qarz olishga qat’iy qarshi ekanini bildirgan bo‘lsa, 18,2 foizi to‘y uchun qarz olganini aytgan.
To‘ylardagi dabdaba ham tadqiqotning asosiy mavzularidan biri bo‘lgan. Qatnashchilarning 39 foizi 300 kishilik, 19 foizi esa 500-1000 kishilik to‘ylarni ma’qullagan. 15 foiz ishtirokchi katta to‘y qilish istagini "bolaligidan orzu qilgani" bilan izohlagan. 21 foiz esa COVID-19 pandemiyasi davridagi kabi ko‘pi bilan 30 kishilik to‘y o‘tkazishni ma’qullagan.
Tadqiqotda mehnat qadriyati va boylikka munosabat masalalari ham o‘rganilgan. Mehnatsevarlik ko‘rsatkichi 7,9 foizga pasaygan. Ortiqcha mablag‘ni farzandlarining ta’lim-tarbiyasiga sarflashga tayyor bo‘lganlar ulushi esa 26,5 foizdan 22,8 foizgacha tushgan.
Isrof va dabdabaning oila instituti hamda demografik jarayonlarga ta’siri ham qayd etilgan. Urf-odat va marosimlarning serxarajatligi 14,6 foizni tashkil etgan. 2024-yilda nikohlar soni 267 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 263 mingtaga tushgan. Ajrimlar soni esa aksincha – 45,1 mingtadan 46,9 mingtaga oshgan.
Ijtimoiy tarmoqlar ham odamlarning qarashlari va hayot tarziga ta’sir qiluvchi omil sifatida qayd etilgan. Tadqiqotda ochko‘zlik ko‘rsatkichi 3,9 foizdan 6,2 foizga, tez boyish istagi esa 8,6 foizdan 9,1 foizga oshgani aniqlangan, deyiladi sarhisobda. Shu bilan birga, katta avlod vakillarining yoshlardagi ma’naviy o‘zgarishlarga munosabati ham o‘rganilgan. Ularning 69,3 foizi yoshlardagi ma’naviy o‘zgarishlarni salbiy baholagan.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning oktabrida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, "Nuroniy" jamg‘armasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda jamiyatda maromiylik kayfiyatini shakllantirishga qaratilgan "Maromiylik" harakati yo‘lga qo‘yilgandi.

