Mahalliy

“Ishlab chiqarishda — kerak, keyingi jarayonni kuzatishdan mutlaqo ma’no ko‘rmayapman”. Zafar Hoshimov — raqamli markirovkalash haqida

Zafar Hoshimov suvning qadog‘ida markirovkaning bo‘lmasligi jarimaga sabab bo‘lishini mantiqsiz deb atadi. Uning ta’kidlashicha, potensial xavf istalgan biznes uchun narxga aylanadi va iste’molchi zimmasiga tushadi. 'Ishlab chiqarishda — kerak, keyingi jarayonni kuzatishdan mutlaqo ma’no ko‘rmayapman', — dedi u.

“Ishlab chiqarishda kerak, keyingi jarayonni kuzatishdan mutlaqo ma’no ko‘rmayapman”. Zafar Hoshimov raqamli markirovkalash haqida

Korzinka supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov “Lolazor” podkastida majburiy raqamli markirovkalash tizimi bo‘yicha savolga javob berar ekan, markirovkalash ishlab chiqarish jarayonida zarur ekanligini, ammo zanjirning keyingi bosqichlarini kuzatish befoyda ekanligini ta’kidladi.

Moliyachi Otabek Bakirov suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalash tizimi masalasini ko‘tarib, Zafar Hoshimovdan “Savdo va servis” uyushmasi raisi va tadbirkor sifatida ushbu tizimga munosabati, tizimning tranzaksion xarajatlari, afzalliklari va samaradorligi haqida so‘radi.

Zafar Hoshimov markirovkalash tizimi, markirovkalangan mahsulotni hisobga olmagan holda sotish mumkin emasligi sababli, xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashishga xizmat qilishini inkor etmadi. Shu bilan birga, u har bir narsaning o‘z narxi borligini qayd etib, tizimning tranzaksion xarajatlari o‘zini oqlaydimi, degan savolni o‘rtaga tashladi.

“Men [masalan] farmatsevtikada albatta bo‘lishi kerak, deb hisoblayman. Chunki bu sohada kontrafakt bor, shuning uchun boshidan oxirigacha kuzatuv bo‘lishi kerak. Shuningdek, alkogolda, tamakida bo‘lishi kerak, deb bilaman. Chunki uning soliq bazasi katta, ya’ni yig‘ilayotgan soliqlar markirovkalash xarajatlarini oqlaydi. Lekin, masalan, 1500 so‘mlik suvda bu narsani bo‘lishi… hatto qilinsa ham, mayli, ishlab chiqarishda qo‘yilishi kerak. Undan keyingi [jarayonni kuzatishdan] mutlaqo ma’no ko‘rmayapman”, — dedi u.

Shu o‘rinda tadbirkor Korzinka faoliyatida kuzatilgan markirovkalash bilan bog‘liq real vaziyatni misol keltirdi. Uning hikoya qilishicha, bir tanishi janoza uchun shoshilinch ko‘p miqdorda (bir necha blok) suv olish maqsadida Korzinka do‘konlaridan biriga kirgan, ammo hech narsa olmay chiqib ketgan.

Tanishining aytishicha, suvni kassa apparatidan o‘tkazish paytida kassir xodim blokni ochib, har bir mahsulotni alohida skanerlashiga to‘g‘ri kelgan. Xaridor 20 daqiqacha kutib qolgan. Keyin har bir blokning alohida-alohida kassadan o‘tkazilishini kutsa, vaqt yo‘qotishini bilib, do‘kondan chiqib ketgan. Shundan so‘ng yo‘l chetidagi boshqa do‘kondan zarur miqdordagi suvni to‘g‘ridan-to‘g‘ri mashina yukxonasiga yuklatib olganini aytgan.

Otabek Bakirov tizim vaqtni o‘g‘irlash orqali “qonuniy ishlayotganlarni jazolayotganini” ta’kidladi. Tadbirkor uning fikrini tasdiqlab, xaridor oqimi, aksincha, noqonuniy ishlayotganlarga qarab ketayotganini aytdi. U Korzinka supermarketlar tarmog‘idan BTB (business to business) orqali kafe, restoranlar va boshqa muassasalarga salqin ichimliklar yetkazib berish hajmi keskin tushib ketganini qo‘shimcha qildi.

“Bu yil o‘sha segment 80−90 foizga tushgan. Biz nimaga HOREKA — [mehmonxona], restoran, kafelar bizdan kam olyapti, bizda narx arzonroq-ku, desak, hammasi naqdga o‘tib ketdi”, — dedi u.

Ularning nima sababdan naqd savdoga o‘tib ketganini izohlar ekan, Zafar Hoshimov o‘zi duch kelgan vaziyatni misol qilib keltirdi. Uning aytishicha, yaqinda bir qahvaxonaga kirgan va suv so‘ragan. Stolda kofe ichib o‘tirarkan, ofitsiant suvni olib kelib, undan sotib olishi yoki olmasligini so‘ragan. Tadbirkor sotib olishini aytganida, suv qadog‘ini xaridor ko‘z o‘ngida skanerlab ketgan.

“Qonuniy bizneslar shunday ishlashiga to‘g‘ri kelyapti. Men aytaman-ki, doim mantiq bilan, iqtisodiy [samaradorlik nuqtai nazaridan] yondashish kerak”, — dedi u. Tadbirkorning ta’kidlashicha, muayyan maqsadga erishishning xarajatlari yakunda o‘zini oqlashi kerak.

Shu o‘rinda huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyev muhokamaga qo‘shilib, markirovkalashdan maqsad yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, soyadagi bizneslarni qonuniy bizneslar qatoriga qo‘shish bo‘lgani holda, tizim amalda buning aksiga xizmat qilayotganini qayd etdi.

“Bu islohotning, tizimning yuki bizga tushyapti, ya’ni oxiri borib baribir iste’molchiga tushyapti”, — dedi u.

Zafar Hoshimov markirovkalash tizimi yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashga xizmat qilmayapti, degan fikrga qo‘shilmasligini bildirdi.

“Men o‘ylayman-ki, markirovkalash tizimi joriy qilinganidan keyin biznesning qandaydir qismi baribir qonuniy ishlashga o‘tdi. Ya’ni foydasi bo‘ldi emas, aytaylik, xufiyona iqtisodiyotni qisqartirdi. [Lekin] bu qanchaga tushdi?.. Masalan, [qalbaki] doridan, alkogoldan Coca-Colaʼdan jamiyatga, iste’molchilarga risk haqiqatda mavjud. Lekin bu suvdan qanaqa risk?”, — dedi u.

Zafar Hoshimov o‘zi 1200 so‘m turadigan suvning qadog‘ida markirovkaning bo‘lmasligi jarimaga sabab bo‘lishini aytib, buni mantiqsiz deb atadi. Hozirgacha bu sabab bilan hech kim jazolanmagan bo‘lishi mumkin, lekin, uning ta’kidlashicha, baribir potensial xavf istalgan biznes uchun narxga aylanadi.

“Tadbirkor xavfsiragani uchun ham iste’molchi pul to‘laydi”, — dedi u.

Shu o‘rinda Otabek Bakirov iste’molchi sifatida majburiy markirovkalash joriy qilinganidan keyin supermarketlarda suvning narxi qanday o‘zgargani bo‘yicha shaxsiy kuzatuvlarini aytib o‘tdi.

“Iste’molchi sifatida aytay, markirovka qilishdan avval O‘zbekistonda supermarketlardagi suvning narxi Yevropa Ittifoqidagidan 2 yarim — 3 baravar arzon edi-da. Hozir, [agar] arzon bo‘lsa, 15−20 foiz arzon. Ayniqsa kichkina litrajdagi — 0,25 l, 0,33 l — 0,5 litrgacha bo‘lgan suvlar deyarli Yevropa Ittifoqi bilan tenglashib qoldi”, — dedi u.

Mutaxassis tegishli ma’lumotlar mavjud bo‘lgan taqdirda, markirovkalashdan avvalgi va keyingi narxlar taqqoslansa, aynan 0,5 litrgacha bo‘lgan suv narxi keskin oshganini ko‘rish mumkinligini va narxning bu oshgan qismi iste’molchi zimmasiga tushayotganini qo‘shimcha qildi.

Shu nuqtai nazardan Otabek Bakirov Zafar Hoshimovning prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi a’zosi ekanini eslatib o‘tib, bunday tartibga solishning tranzaksion xarajatlar oshishiga olib kelishi masalasi kengash tomonidan ko‘rib chiqilgan yoki yo‘qligini so‘radi.

“Chunki boshqa yangi mahsulotlarni ham kiritish masalasi bor markirovka bo‘yicha… Sementga qo‘shishmoqchi, o‘simlik yog‘iga va hokazo. Bu qanday oqibatlarga olib keladi? Bitta xatoni qildik mayli, keyingi xatolarni qiymati haqida ham gapirish kerak”, — dedi u.

Zafar Hoshimov ushbu jamoatchilik kengashi faoliyatini biznes faoliyati uchun foydali deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoatchilik kengashini eshitishadi va kengash qaytargan qonunchilik loyihalari qayta ko‘rib chiqib, o‘zgartirishlar kiritiladi. Lekin ayrim qoidalarga ko‘ra kengash muhokamasiga olib kirilmasdan tasdiqlanadigan kam sonli qonunchilik hujjatlari ham mavjud bo‘lib, tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, aynan shular biznesga eng ko‘p zarar yetkazadi.

Shu o‘rinda Otabek Bakirov tartibga solish ta’sirini hech kim tadbirkorlarchalik baholay olmasligini qayd etdi. Ayni paytda Zafar Hoshimov bu borada tadbirkorlarning nuqtai nazari ham xolis yondashuvga asoslanmasligi mumkinligini alohida ta’kidladi. Uning fikricha, davlat zarur deb hisoblagan me’yor tadbirkorning zarariga ishlaydigan bo‘lsa, tadbirkorlar bunga salbiy munosabat bildirishi mumkin. Shu ma’noda u mamlakatda tadqiqot markazlari (think-tank) yetishmayotganini aytdi.

“Bizda, umuman iqtisodiyotimizda chinakamiga yetishmayotgan narsa yaxshi think-tankʼlar. U yerda olimlar, iqtisodchilar, boshqa [mutaxassislar bo‘ladi]. Think-tankʼlar har bitta me’yoriy hujjat yoki qonunni iqtisodiy foyda va zararini hisoblab, ekspertizadan o‘tkazadi. Chunki, masalan, biz tadbirkorlarga iloji bo‘lsa tegmasa, lekin baribir o‘zgartirishlar qilish kerak. Davlatning roli nimada? O‘yin qoidalarini tenglashtirishda. Masalan, bu [markirovkalash] ham o‘yin qoidalarini tenglashtirish belgisi”, — dedi u.

Tadbirkor xonadonlarda tashkil qilingan sexlarda soliq to‘lamasdan, sanitariya me’yorlariga amal qilmagan holda faoliyat yuritayotgan soyadagi bizneslarni misol keltirdi.

“Hech qanday soliq ham to‘lamaydi, sanitar normasi ham yo‘q. Bu yerda ham qandaydir tartib bo‘lishi kerak. Shuning uchun aytyapman-ki, ishlab chiqarishda joriy qilinsin, lekin keyingi jarayonga ta’sir qilmasin”, — dedi u.

O‘zbekistonda mahsulotlarni raqamli markirovkalash va kuzatish tizimini joriy etish (avval tamaki va alkogol mahsulotlari, keyinroq dori vositalari va maishiy texnika) 2019-yildan boshlab yo‘lga qo‘yilgan. Tizimning yagona operatori Rossiyaning Istiqbolli texnologiyalarni rivojlantirish markazi tomonidan tashkil etilgan CRPT Turon hisoblanadi. U Rossiyadagi “Chestnыy znak” tizimiga o‘xshash platformani boshqaradi.

Suv va ichimliklarni markirovkalash tizimini joriy etish bir necha bor kechiktirilgan: dastlab 2022-yil oktabridan 2023-yil 1-iyuliga, keyin esa 2024-yil 1-martiga surilgan. 2021-yil yozida suv va ichimliklar ishlab chiqaruvchilari markirovka bo‘yicha pilot loyihani to‘xtatishni taklif qilgan, ularning fikricha, bu iqtisodiy jihatdan samarasiz edi. CRPT Turon esa bu xavotirlarni “mif” deb atagan.

2026-yil mart oyi oxirida, agregatlash bosqichi joriy etilishidan oldin, ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi UzBev jiddiy xavflar haqida ogohlantirgan va joriy etilayotgan model real emasligi hamda algoritmlar to‘liq ishlab chiqilmaganini bildirgan. CRPT Turon esa o‘z javobida noqulayliklardan kelib chiqib “spekulyatsiya qilmaslik”ka chaqirib, iqtisodiyot shaffofligini ta’minlash va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish prinsiplarini birgalikda qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.

Keyinchalik mazkur masala bozor ishtirokchilari bilan bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev o‘rtasidagi uchrashuvda ko‘tarildi. U Soliq qo‘mitasiga masalani o‘rganib chiqish va uni mamlakat rahbariyatiga taqdim etish uchun tayyorlashni topshirdi. Tadbirkorlarga esa qoidalar buzilgani uchun jarimalar qo‘llanilmasligi va’da qilindi.

May oyi boshlarida Prezident Shavkat Mirziyoyev suv va alkogolsiz ichimliklarni raqamli markirovkalash tizimida agregatlash bosqichini kechiktirish hamda ushbu sohada jarimalarni kamaytirishni qo‘llab-quvvatlagani ma’lum bo‘ldi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.