“Eng ko‘p murojaat bolalar nafaqasiga oid bo‘lmoqda ” — Prezident xalq qabulxonasi rahbari

**Prezident Xalq qabulxonasi rahbari: "Eng ko‘p murojaatlar bolalar nafaqasiga oid"**
2026-yilning boshidan buyon O‘zbekiston aholisi Prezident Xalq qabulxonasiga jami 557 254 marta murojaat qilgan. Bu haqda 13-avgust kuni Toshkent viloyatida o‘tkazilgan media-turda Prezident Xalq qabulxonasi rahbari Farrux Omonov maʼlum qildi.
"Daryo" muxbirining xabar berishicha, jurnalistlar dastlab viloyatda yangi qurilgan Xalq qabulxonasi binosi faoliyati bilan tanishishgan. Ular aholi va davlat organlari xodimlari uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlarni ko‘zdan kechirishgan. Media-tur davomida Farrux Omonov ko‘plab savollarga javob bergan.
**Bolalar nafaqasi tayinlash bo‘yicha shikoyatlar yetakchi**
Muloqot chog‘ida murojaatlar sohalar bo‘yicha tahlil qilindi. Joriy yilning o‘tgan davrida qabulxonaga eng ko‘p murojaatlar huquq-tartibot sohasiga oid bo‘lgan – 126 692 ta. Ularning katta qismini aliment undirish masalasi (36 806 ta) tashkil etgan.
Keyingi o‘rinlarda ijtimoiy himoya va uy-joy taʼminoti sohalariga oid murojaatlar (113 897 ta) joylashgan. Aynan nafaqa tayinlash, moddiy yordam va pensiya bo‘yicha shikoyatlar 87 252 tani tashkil etgan.
"Eng ko‘p murojaatlar ijtimoiy himoya masalasida bo‘lmoqda. Buning ichida 18 yoshgacha bolalarga nafaqa tayinlashga oid 48 778 ta murojaat kelgan. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 38 foizga oshgan", – dedi qabulxona rahbari.
Murojaatlarning uchinchi yirik tarmog‘i gaz, elektr, ichimlik suvi, issiqlik taʼminoti va oqava suv masalalariga oid bo‘lgan (74 823 ta).
**Poytaxtdan murojaatlar ulushi yuqori**
Yil boshidan buyon qabulxonaga eng ko‘p murojaat Toshkent shahridan tushgan – 74 592 ta. Shikoyatlarning keyingi yirik ulushlari Qashqadaryo (60 580 ta), Surxondaryo (55 402 ta), Toshkent (50 937) va Samarqand (50 476 ta) viloyatlari aholisidan bo‘lgan. Eng kam murojaatlar Sirdaryo viloyatida qayd etilgan – 20 432 ta.
"Fuqarolarning Xalq qabulxonasiga kelib, murojaat qilishlari soni borgan sari kamaymoqda. Yaʼni fuqarolar onlayn formatni ko‘proq qabul qilyapti. Tahlillarga ko‘ra, binoga keladiganlar ulushi kunlik murojaatlarning 10 foiziga ham yetmaydi. Qolgan 90 foiz murojaat onlayn formatda bo‘lmoqda", – dedi Farrux Omonov.
**Mansabdorlar ustidan shikoyatlar kamaygan**
Farrux Omonovning so‘zlariga ko‘ra, 2026-yilning o‘tgan davrida Prezident Xalq qabulxonasiga davlat xizmatchilari faoliyati va xatti-harakatlari bilan bog‘liq 29 mingta murojaat kelgan. Bu o‘tgan yilgidan 36 foizga kamaygan.
"Davlat idoralari xodimlarining faoliyatidan norozilik 36 foizga kamaydi. Biroq eng ko‘p shikoyatlar mahalla raislari, MIB, soliq, sog‘liqni saqlash, profilaktika inspektori, ichki ishlar organlari, bank va taʼlim sohasi xodimlari ustidan bo‘lmoqda", – dedi qabulxona rahbari.
Farrux Omonov tasdiqlangan shikoyatlar asosida rahbar xodimlarga qanday choralar ko‘rilganiga ham to‘xtaldi.
"Bu yerda qonun buzilish holati bormi, yo‘qmi, fuqaroning murojaati o‘rinlimi, o‘rinsizmi, bunga baho beriladi. Chunki fuqaro murojaat qilgani hamma masalada haq degani emas. Misol uchun, bola nafaqasini so‘radi. Lekin uning nomida mulk yoki daromadi borligi uchun nafaqa tayinlash rad qilindi. O‘sha holatda fuqaro ijtimoiy himoya xodimi ustidan shikoyat qiladi. Agar xodim o‘rnatilgan tartibda to‘g‘ri javob bergan bo‘lsa, fuqaro murojaati rad qilinadi. Lekin ayrim holatlarda davlat xodimlari fuqaro bilan qo‘pol gaplashadi yoki muomala madaniyatiga rioya qilmaydi. Shunga o‘xshash holatlar aniqlanganda intizomiy javobgarlik holati qo‘llanadi. O‘tgan yetti oy davomida uch mingdan ortiq intizomiy va umuman javobgarlik turlari belgilangan. Buning ichida maʼmuriy javobgarlikka tortilganlari ham, intizomiy javobgarlikka tortilganlari ham bor. Yoki malaka darajasi, lavozimi pasaytirilganlar va lavozimidan ozod etilish holatlarigacha javobgarlik choralari qo‘llangan. Bu doimiy bo‘ladigan jarayon. Lekin tendensiya ijobiy tomonga ketmoqda. Murojaatlar bilan ishlash nuqtayi nazardan davlat idoralari xodimlarining xatti-harakatlari bo‘yicha murojaatlar soni chorakdan chorakka kamayib boryapti", – dedi qabulxona rahbari.
**Qabulxonada diagnostika markazi**
Toshkent viloyatida yangi qurilgan Xalq qabulxonasi binosida aholi uchun qator qulayliklar yaratilgan. Kiraverishda sunʼiy intellekt asosida yaratilgan qurilma fuqarolarni qiziqtirgan savollarga javob bera oladi.
Ichkarida oflayn va onlayn murojaat qilish imkoni mavjud. Har hafta viloyat hokimi va boshqa sohalar boshqarmalari rahbarlari ishtirokida xalq qabuli o‘tkazilishi aytildi.
"Toshkent viloyati Xalq qabulxonasida ilk marta Diagnostika markazini tashkil etdik. Joriy yilning dastlabki olti oyida fuqarolarimiz tomonidan yuborilgan murojaatlar tahlil qilinganda, qariyb 85 foizi 15 ta tashkilotga taalluqli ekani aniqlandi. Keyin aynan o‘sha tashkilotlarning masʼul xodimlari yangi markazimizga jalb qilindi. Masalan, ijtimoiy himoya, kadastr, taʼlim, sog‘liqni saqlash va boshqalar. Ular o‘z yo‘nalishidagi muammolarni o‘rganib, tahlil qiladi. Keyin muammoning yechimiga, yaʼni mohiyatiga qaratilgan ishlar tashkil etiladi", – deydi qabulxona mudirining o‘rinbosari Nasiba Kulbekova.
Nasiba Kulbekova 2026-yil yanvar—iyun oylarida Toshkent viloyatida Prezident virtual qabulxonasiga murojaatlar soni 2025-yil mos davriga nisbatan 6 foizdan ziyodga kamayganini aytdi. Bu Diagnostika markazida muammolar tahlil qilinib, o‘z vaqtida yechilayotgani bilan izohlandi.

