Mahalliy

2016-yildan buyon 25 339 nafar shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilindi, 66 mingdan ortig‘ining fuqaroligi tan olindi

2016-yildan buyon O‘zbekiston prezidentining farmonlari bilan 25 339 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs mamlakat fuqaroligiga qabul qilindi. 2020−2026-yillarda esa yana 66 189 nafar shaxsning O‘zbekiston fuqaroligini tan olish bo‘yicha hujjatlari ko‘rib chiqilib, ularga ID kartalari rasmiylashtirilgan.

2016-yildan buyon O‘zbekiston fuqaroligiga 25 339 nafar shaxs qabul qilindi, shuningdek, 66 mingdan ortiq kishining fuqaroligi tan olindi.

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va Personallashtirish departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, 2016-yil dekabridan boshlab O‘zbekistonda 25 339 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs mamlakat fuqaroligiga qabul qilingan. Bundan tashqari, 2020-yildan 2026-yilning hozirgi davrigacha yana 66 189 nafar shaxsning O‘zbekiston fuqaroligi tan olingan.

Xususan, 2016-yil dekabridan hozirgi kungacha O‘zbekiston Prezidentining 117 ta farmoni asosida jami 25 339 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan.

2020-yildan boshlab O‘zbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning fuqaroligini tan olish tartibi joriy etilgan. Bu jarayon quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirilgan:

* 1995-yil 1-yanvargacha O‘zbekistonga ko‘chib kelib, doimiy ro‘yxatdan o‘tgan 24 456 nafar shaxsning hujjatlari ko‘rib chiqilib, ularga O‘zbekiston fuqarosining pasporti yoki identifikatsiya ID kartasi rasmiylashtirilgan.

* 2005-yil 1-yanvargacha O‘zbekistonga ko‘chib kelib, doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan va ilgari boshqa davlat fuqaroligida bo‘lmagan 22 692 nafar shaxsga O‘zbekiston fuqarosining identifikatsiya ID kartasi berilgan.

* O‘zbekistonda kamida 15 yil doimiy yashab kelayotgan va shu davrda boshqa davlat fuqaroligida bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, ota-onasidan biri O‘zbekiston fuqarosi deb tan olingan, boshqa davlat fuqaroligini qabul qilmagan va O‘zbekistonda yashayotgan bolalarning murojaatlari asosida 19 041 nafar shaxsning hujjatlari ko‘rib chiqilib, ularga O‘zbekiston fuqarosining identifikatsiya ID kartasi rasmiylashtirilgan.

Shu uch yo‘nalish bo‘yicha jami 66 189 nafar shaxsning fuqaroligi tan olinib, hujjatlashtirilgan.

Hozirda O‘zbekiston fuqaroligini olish istagida bo‘lgan 1 795 nafar shaxsning murojaatlari qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqilmoqda. Ulardan 401 nafari fuqarolikni tan olish bo‘yicha murojaat qilgan.