Istanbulda kuchli yomgʻirlar: qurbonlar bor, yuzlab kishilar evakuatsiya qilingan
Soʻnggi 84 yil ichidagi eng kuchli yomgʻirlar oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinlari aviaqatnovlarga ham taʼsir qilmoqda. Rasmiylar noqulay ob-havo sharoiti tufayli ayrim hududlardagi maktablarni vaqtincha yopgan. Nogironligi boʻlgan davlat xizmatchilari, homilador ayollar, sakkiz yoshga toʻlmagan farzandi bor boʻlgan ayollar va faxriylarga maʼmuriy taʼtil berilgan.

Istanbulda kuchli yomgʻirlar: qurbonlar bor, yuzlab kishilar evakuatsiya qilingan
Turkiyaning Istanbul shahrida yuz bergan kuchli suv toshqini oqibatida ikki kishi hayotdan koʻz yumdi. Gubernatorning aytishicha, bunga soʻnggi 84 yil ichidagi eng kuchli yogʻingarchilik sabab boʻlgan.
14 yoshli oʻsmir koʻlmakdan oʻtayotganida elektr toki urib, vafot etgan. Yana bir qurbon 34 yoshli erkak boʻlib, u yoʻlni kesib oʻtmoqchi boʻlgan paytda sirpanib ketgan, yiqilgan va boshi yoʻlakka yotqizilgan toshga urilgan.
Istanbul shahri meri oʻrinbosarining maʼlum qilishicha, qutqaruvchilar suv toshqini sabab qamalib qolgan qariyb 600 kishini evakuatsiya qilgan. Shaharning ayrim hududlarida avtomobillar suv ostida qolib ketgan.
Istanbul viloyati gubernatori Davut Gul aholini oʻta zarur boʻlmasa, uydan chiqmaslikka chaqirgan.
Gubernator maʼmuriyati tok urishidan vafot etgan oʻsmirning oʻlimi yuzasidan tekshiruv olib bormoqda.
Turkiya ichki ishlar vazirining soʻzlariga koʻra, Istanbulning ayrim hududlarida oʻrtacha yillik meyorning yettidan bir qismiga teng miqdorda yogʻingarchilik kuzatilgan. Yomgʻirlar davom etishi kutilayotgani bois, hukumat maktablarni yopishga koʻrsatma bergan.
Shahar meri oʻrinbosari Nuri Aslanning xabar berishicha, toshqin tufayli qamalib qolgan 595 kishi xavfsiz joylarga koʻchirilgan. Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda favqulodda xizmatlar va kommunal xizmatlarning sakkiz mingdan ortiq xodimi qatnashmoqda.
Shuningdek, aholiga shaxsiy avtomobillar oʻrniga jamoat transportidan foydalanish tavsiya qilingan. Istanbul metrosi ish vaqti tungi soat 2 gacha uzaytirilgan.
Suv toshqinlari aviaqatnovlarga ham taʼsir koʻrsatmoqda. BBC Turkiya xizmatiga koʻra, 46 ta samolyot Istanbuldagi aeroportlarga qoʻna olmagan.

