Istanbulda yetti qavatli turar joy binosi qulab tushdi, vayronalar ostida yetti kishi qolmoqda. Video

Istanbulda yetti qavatli turar joy binosi qisman qulab tushdi, vayronalar ostida yetti kishi qolmoqda. Video
Istanbul sharqida yetti qavatli turar joy binosining qisman qulashi yuz berdi. Vayronalar ostida kamida yetti kishi qolmoqda.
TASS xabariga koʻra, bino 1987 yilda qurilgan. Podval qavatida doʻkon joylashgan, yana oltita qavat esa turar joy hisoblanadi. Uyda jami 12 ta xonadon bor. Roʻyxatga olish tizimi maʼlumotlariga koʻra, unda 33 kishi istiqomat qiladi, deb maʼlum qildi Istanbul viloyati gubernatori Davut Gyul.
"Qulash natijasida podval, birinchi va ikkinchi qavatlardagi toʻrtta xonadon shikastlangan. Bizning maʼlumotlarimizga koʻra, ushbu toʻrtta xonadonda jami 14 kishi roʻyxatda turadi", – dedi gubernator.
Shu bilan birga, qulash vaqtida odamlarning haqiqiy soni roʻyxatga olish maʼlumotlariga mos kelmasligi mumkin. 14 kishidan ikki nafari boshqa shaharlarda ekanligi aniqlangan.
Besh kishi qutqarib olindi, toʻrt kishi bilan aloqa oʻrnatildi. Yana uch kishini qidirish ishlari davom etmoqda. Qulash sabablari sud va maʼmuriy tartibda tergov qilinmoqda.

