G‘azoda urushda shikastlangan bino qulab tushdi: 20 kishi halok bo‘ldi (video)

G‘azoda urushda shikastlangan bino qulab tushdi: 20 kishi halok bo‘ldi (video)
G‘azo shahrida 16-sentyabrga o‘tar kechasi urush oqibatida zarar ko‘rgan 6 qavatli turar joy binosi qulab tushdi. Natijada kamida 20 nafar falastinlik halok bo‘ldi, ular orasida ayollar va besh nafar bola bor. Yana 14 kishi jarohat oldi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bino vayronalari ostida hanuz yuzlab odamlar qolib ketgan bo‘lishi mumkin. Al Jazeera tasdiqlagan videolarda qutqaruvchilar va mahalliy aholi bolalarni qo‘llari bilan vayronalar ostidan qazib olayotgani ko‘rinadi.
Vayronalar ostidan yordam so‘rab yig‘layotgan bolalarning ovozi eshitilgani aytilmoqda. Video tasvirlaridan birida qizcha tirik holda olib chiqilgan va darhol tez yordam mashinasida shifoxonaga yetkazilgan.
G‘azo Fuqaro muhofazasi matbuot kotibi Mahmud Basalning aytishicha, qutqaruv ishlari hali ham davom etmoqda. Maxsus texnikalar yetishmagani sabab odamlarni qutqarish qiyin kechmoqda.
Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, bu bino avval Isroil bombardimoni tufayli darz ketib, yaroqsiz holga kelgan. Isroil urushi sabab hududdagi minglab binolar vayron bo‘lgan. Biroq Tel Aviv ta’mirlash uchun zarur qurilish materiallari va qutqaruvchilar uchun og‘ir texnikalar kirishini cheklab qo‘ygan.
Shu bois qutqaruvchilar odamlarni asosan qo‘l bilan qazib chiqarishga majbur bo‘lmoqda. Aholi esa boshqa boradigan joyi va chodirlari yo‘qligi sabab xavfli binolarda yashashga majbur. Reuters’ga ko‘ra, 10 minglab falastinliklar G‘azo bo‘ylab Isroil havo hujumlari oqibatida zarar ko‘rgan 2000 ga yaqin binolarda yashaydi.
“Bu birinchi bino qulashi emas. Afsuski, oxirgisi ham bo‘lmasligidan xavotirdamiz”, deydi G‘azo shahri meri Yahyo As-Sarraj.

