Iqtisodiyot

Issiqlik taʼminotida tariflar tannarxni qoplaydigan darajaga yetkaziladi

Oʻzbekistonda 2030-yilgacha issiqlik tariflarini bosqichma-bosqich tannarx darajasiga yetkazishga qaror qilingan. Aholi uchun hozirgi tariflar tannarxning qariyb 20 foizini qoplaydi. Buni 100 foizga yetkazish uchun bir tomondan tariflarni erkinlashtirish, boshqa tomondan esa tarmoqlarni yangilash, yoʻqotishlarni kamaytirish va boshqaruvni yaxshilash hisobiga tannarxni kamida 30-40 foizga pasaytirish reja qilingan.

Issiqlik taʼminotida tariflar tannarxni qoplaydigan darajaga olib chiqiladi

Oʻzbekistonda 2026-yil 1-noyabrdan boshlab issiq suv va issiqlik taʼminoti tariflarini sezilarli darajada oshirish, 2028-yil 1-maydan esa ularni inflyatsiyaga qarab, biroq 10 foizdan yuqori boʻlmagan surʼatda yillik indeksatsiya qilish rejalashtirilmoqda. Shu haqdagi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga chiqarildi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Xurshid Mustafoyev 15-oktabr kuni oʻtkazilgan matbuot anjumanida bu qarorning sabablarini tushuntirdi.

“Avvalo, bir narsani aytmoqchiman, Toshkent shahrida 2019-yildan 2024-yilgacha issiqlik va issiq suv tariflari oʻzgarmagan. Besh yil davomida tariflar oʻzgarmagan, lekin energiya resurslari, ish haqi va koʻrsatiladigan xizmatlar qiymati oshgan. Shundan kelib chiqib, 2024-yilda tariflar 15 foizga, 2025-yilda esa ikki marta 15 foizdan oshirildi. 2026-yilda tariflarni 30 foizga oshirish taklif qilinyapti.

Keyingi yilda yana shundan kelib chiqib koʻrib chiqiladi hamda 2028-yildan boshlab issiqlik va issiq suv tariflari, xuddi elektr energiyasi va gaz tariflari kabi, har yili 1-maydan inflyatsiya darajasida, biroq 10 foizdan oshmagan miqdorda indeksatsiya qilib boriladi.

Hozirgi kunda issiqlik va issiq suv xizmatlarining tannarxi bilan aholiga sotish narxi oʻrtasida besh baravar farq bor. Yuridik shaxslar uchun tarif tannarxga yaqinroq, aholi uchun esa ancha past. Oʻrtadagi farq davlat byudjetidan subsidiya qilib beriladi. Butun dunyo tajribasidan bilasizlar, oʻz tannarxi darajasida sotilmaydigan mahsulot yetkazib berilishi kafolatlangan boʻlmaydi”, – dedi Mustafoyev.

2025-yil 11-martda qabul qilingan prezident qaroriga koʻra, 2030-yilgacha issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun aholiga qoʻllanadigan pasaytirilgan tariflarni bosqichma-bosqich tannarx darajasiga yetkazish nazarda tutilgan. Vazir oʻrinbosarining aytishicha, bunga faqat tariflarni oshirish orqali erishib boʻlmaydi, 2030-yilgacha tannarx kamida 30-40 foizga pasaytirilishi kerak.

“Tannarxga yetish faqat tarif orqali amalga oshirilmaydi. Avvalo, kompaniya tannarxni pasaytirish boʻyicha dasturlar ishlab chiqiladi. Oʻsha qarorda ham yozilgan: har yili tannarxni 15 foizdan kam boʻlmagan darajada pasaytirish boʻyicha dastur ishlab chiqiladi va uni amalga oshiradi. Ikkinchisi, hozirgi kunda isitish xizmatida yoʻqotishlar ham bor – buni hamma biladi, oʻsha yoʻqotishlarni texnik auditdan oʻtkazgan holda, yoʻqotishlarni kamaytirish boʻyicha modernizatsiya dasturi ishlab chiqiladi. Buning natijasida tannarxni kamida 30-40 foizga kamaytirsa boʻladi”, – dedi u.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.