Isroilning Millatlar ligasidagi oʻyini mojaroli kechdi
Irlandiyaliklar Isroil futbolchilariga qoʻl berishdan bosh tortishdi va birinchi boʻlimdayoq uchta gol urishdi.

Isroilning Millatlar ligasidagi bahsi mojaroli tus oldi
Oʻyin osoyishta oʻtmasligi avvaldan ayon edi.
Isroil – Irlandiya 0:3
Gollar:
Perrott, 13 (0:1). Ida, 16 (0:2). Moylan, 25 (0:3)
Isroil: D. Perets, Shlomo, Stoinov, Revivo (Fayngold, 83), Mizrahiy, E. Perets, Kanichovski (Azulay, 64), Solomon, Halayliy (Dasa, 76), Gluh, Turgeman (Toklomati, 64)
Irlandiya: Kelleher, Brayen, Kitching, OShi, Molumbi (Began, 88), Koventri, Menning, Abankva (Nayt, 69), Ida (Fillips, 69), Moylan (Kennon, 69), Perrott (Vata, 76)
Ogohlantirishlar: Shlomo, 59 - Ida, 59. Koventri, 89
Irlandlar isyoni
Maydondagi tarang muhit hakamning oʻyin boshlanganini bildirgan hushtagidan ancha oldin, jamoalar odatdagi qoʻl berib koʻrishishdan bosh tortgan paytda yuzaga kelgan edi. Jamoalar oʻrtasida bayroqchalar (vimpel) almashinuvi ham amalga oshmadi.
Bundan tashqari, irlandiyalik futbolchilar maydonga motam bogʻichlari bilan chiqishdi, mahalliy futbol assotsiatsiyasidagilar esa bu bogʻichlar Gʻazodagi harbiy harakatlar chogʻida halok boʻlgan barcha falastinliklarni xotirlash ramzi ekanini izohlashdi.
Shuningdek, Isroil madhiyasi yangraganida irlandiyalik futbolchilarning barchasi boshini namoyishkorona egib oldi. Bundan tashqari, ikki jamoa sardorlari Dara OʼShi va Manor Solomon ham oʻyinni kim boshlab berishini aniqlash marosimidan soʻng bir-biriga qoʻl bermadi.
Oʻyin boshlanishi bilan Irlandiya darhol ustunlikni qoʻlga oldi. Birinchi boʻlim oʻrtalariga yetmasdanoq bahs taqdiri deyarli hal boʻldi. Birinchi gol 14-daqiqada urildi, ikki daqiqa oʻtib irlandlar yana bir bor darvozani ishgʻol etishdi. Koʻp oʻtmay hisob yiriklashdi va Irlandiya tanaffusga uchta toʻp farqi bilan chiqdi.

