Isroil shaxmatchilari milliy bayram sabab Olimpiadaning bir turini o‘tkazib yubordi

Isroil shaxmatchilari milliy bayram tufayli Olimpiadaning bir turini o‘tkazib yubordi
Isroil terma jamoasi Yom Kippur (yahudiylikdagi eng muqaddas bayram) sabab 46-butunjahon shaxmat olimpiadasining 6-turida qatnashmadi. Bu haqda Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) matbuot xizmati xabar berdi.
Samarqandda 28-sentyabrga qadar davom etayotgan musobaqaning 6-turida Isroilning erkaklar jamoasi Niderlandiyaga, ayollar jamoasi esa Bolgariyaga qarshi o‘ynashi kerak edi.
FIDE ma’lumotiga ko‘ra, Yom Kippur 20 va 21-sentyabr kunlariga to‘g‘ri kelgani uchun Isroil tomoni o‘yinlar jadvaliga o‘zgartirish kiritishni so‘ragan. 5-turda Isroil jamoalarining raqiblari uchrashuvlarni odatdagidan ertaroq boshlashga rozi bo‘lgan. Shu sabab erkaklar o‘rtasidagi Isroil — Singapur hamda ayollar o‘rtasidagi Isroil — Kolumbiya uchrashuvlari boshqa mehmonxonaga ko‘chirilgan.
6-tur uchun esa Isroil tomoni bahslarni kechroq boshlash yoki ularni 22-sentyabr — Olimpiadadagi dam olish kuniga ko‘chirishni taklif qilgan. Biroq FIDE ikki Isroil jamoasining raqiblari bilan bog‘langanda, ular rasmiy jadvaldan tashqari boshqa vaqtda o‘ynashga rozi bo‘lmagan.
FIDE matbuot xizmatining ta’kidlashicha, raqib jamoalar bunday taklifni rad etishga haqli.
Shu bois Isroil jamoalari 6-tur uchrashuvlarini belgilangan vaqtda boshlay olmasa, musobaqa reglamentiga muvofiq bu bahslar bekor qilinadi.

