Isroillik futbolchi golni nishonlash paytidagi harakati uchun qizil kartochka oldi

Isroillik futbolchi golni nishonlash chog‘idagi harakati uchun qizil kartochka oldi
Isroil terma jamoasi hujumchisi Said Abu Farchi Avstriyaga qarshi UEFA Millatlar ligasi B-divizionining 3-guruh uchrashuvida golni nishonlash paytidagi harakati sabab maydondan chetlatildi. Isroil terma jamoasi Avstriyaga 1:3 hisobida yutqazdi.
Avstriyaning Linz shahridagi “Reiffeizen Arena” stadionida bo‘lib o‘tgan bahsda mezbonlar Romano Shmidtning penaltidan urgan goli evaziga hisobni ochdi. Abu Farchi 55-daqiqada bosh bilan gol urib, hisobni tenglashtirdi.
Golni nishonlash vaqtida 20 yoshli futbolchi burchak bayrog‘ini olib, undan qurol sifatida foydalanayotgandek harakat qildi. Hakam bundan to‘rt daqiqa oldin unga sariq kartochka ko‘rsatgan edi. Shu bois Abu Farchi nishonlashdagi harakati uchun ikkinchi sariq kartochkani olib, maydondan chetlatildi. Natijada Isroil uchrashuvning qolgan qismini 10 nafar futbolchi bilan o‘tkazdi.
Avstriya futbolchilari raqibning bir kishi kam bo‘lib qolganidan samarali foydalandi. 90-daqiqada Filipp Mvene Pol Vannerning uzatmasidan keyin hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirdi. Qo‘shib berilgan vaqtda esa Sasa Kalayjich yaqin masofadan gol urib, Avstriyaning 3:1 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.

