Isroil AQSHdan Saudiya Arabistoniga F-35 sotilgani uchun “kompensatsiya” talab qilmoqchi — OAV

Isroil AQSHdan Saudiya Arabistoniga F-35 sotilgani uchun “kompensatsiya” so‘ramoqchi — OAV
AQSH Isroilni Saudiya Arabistoniga 25 milliard dollarlik F-35 qiruvchi samolyotlari sotish rejasidan xabardor qilgan. Shu sabab Isroil Vashingtondan harbiy texnologiyalar va qurol-yarog‘ tizimlari shaklida “kompensatsiya” talab qilishni ko‘zlamoqda.
Walla manbasining bildirishicha, Isroil armiyasi Yaqin Sharqdagi boshqa hech bir davlatda F-35 singari qiruvchi samolyotlar bo‘lishini istamagan. Bunday vaziyat Isroilning mintaqadagi harbiy ustunligini saqlab qolishga yordam berishi mumkin edi.
Shu bilan birga, bitim yaqin kunlarda imzolansa ham, Saudiya Arabistoni ilk F-35 samolyotini faqat besh yildan so‘ng olishi kutilmoqda.
Isroil armiyasi mamlakat havo kuchlari F-35 samolyotlariga ega boshqa davlatlarga nisbatan hanuz sezilarli ustunlikka ega ekanini ta’kidlamoqda. Bu ustunlik, xususan, so‘nggi uch yil davomida Isroil uchuvchilari orttirgan katta jangovar tajriba hamda Isroilda ishlab chiqilgan qurol tizimlarini F-35 — Isroil qurolli kuchlaridagi “Adir” samolyotlariga integratsiya qilish imkoniyati bilan izohlanadi.
Bundan tashqari, Isroilda F-35 uchun ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqishda foydalanilgan “Adir” sinov samolyoti mavjud. AQSHda esa bunday samolyot yo‘qligi qayd etilgan.
Isroil xavfsizlik tizimidagi yana bir manba havo kuchlarining ustunligi “nafaqat samolyotning o‘zida, balki, avvalo, odamlarda” ekanini aytgan.
Isroil AQSHdan yangi qurollar talab qilmoqchi
Saudiya Arabistoni va AQSH o‘rtasidagi ehtimoliy F-35 bitimi hamda Yaqin Sharqdagi qurollanish poygasi fonida Isroil AQSH ma’muriyati bilan kelgusidagi qurol xaridlari bo‘yicha muzokaralarni qayta ko‘rib chiqmoqchi.
Isroil “kompensatsiya” sifatida AQSH ilgari sotishga ruxsat bermagan qurol tizimlarini xarid qilish imkoniyatini talab qilishi mumkin. Shuningdek, mamlakat maxfiy qurol tizimlarini ishlab chiqish va ishlab chiqarishda ishtirok etishni ham istamoqda.
Isroil armiyasining e’tiborida nafaqat zamonaviy jangovar samolyotlar va yangi avlod kam ko‘rinuvchan qiruvchilar, balki kosmik qurollarni ishlab chiqish, shuningdek, AQSH bilan “Hetz-4” va “Hetz-5” raketaga qarshi mudofaa tizimlari uchun tutib qoluvchi raketalarni ishlab chiqish va ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik masalalari ham bor.
AQSH hozircha Isroilga ayrim zamonaviy qurol turlarini sotishga ruxsat bermagan. Ular orasida mustahkam yerosti obyektlarini yo‘q qilish vositalari, chuqur yerosti inshootlariga qarshi tizimlar, avtonom zarba beruvchi qurollar va dronlar bor.
Ayni paytda Isroilga uchinchi F-15 eskadrilyasi hamda qo‘shimcha F-35 eskadrilyalarini moliyalashtirish qiyin bo‘lmoqda.
Shu hafta byudjet bilan bog‘liq muammolar, vazirliklar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, shuningdek, koalitsiya va muxolifat o‘rtasidagi ziddiyatlar Apache jangovar vertolyotlarini xarid qilish bo‘yicha bitimlarni to‘xtatib qo‘ydi. Bu holat raketaga qarshi mudofaa uchun tutib qoluvchi raketalar ishlab chiqarilishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Avvalroq, AQSH Davlat departamenti 17-sentyabr kuni Lockheed Martin kompaniyasining Saudiya Arabistoniga F-35 Lightning II qiruvchi samolyotlari sotuvini ma’qullagandi.
Davlat departamentiga ko‘ra, qiruvchi samolyotlarni sotish uchun Kongressning ruxsati ham talab etiladi. Qiymati 24,3 milliard dollarga baholangan taklif 48 ta harbiy samolyot va 49 ta Pratt & Whitney dvigateli, aloqa uskunalari va boshqa yordamchi jihozlarni o‘z ichiga oladi.

