Ispaniyadagi poyezdlar halokati va Maskni maqtagan Putin – kun dayjesti
Ötgan kun davomida jahonda röy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar şarhi bilan kundalik xabarnomada taniştiramiz.

Ispaniyadagi poyezdlar halokati va Maskni maqtagan Putin – kun dayjesti
Ispaniyada bu yil ikkinchi bor yirik poyezd halokati yuz berdi. 28-oktabr kuni Madriddan janubda, Toledo shahri yaqinida tezyurar poyezd yo‘lda to‘xtab turgan boshqa poyezdga borib urildi.
Halokat oqibatida kamida 68 kishi halok bo‘ldi, 80 kishi jarohat oldi. Ularning 15 nafari og‘ir ahvolda. To‘qnashuv vaqtida to‘xtab turgan Iryo poyezdida 147, unga kelib urilgan Renfe poyezdida esa 397 yo‘lovchi bo‘lgan. Kamida uchta vagon temiryo‘l ko‘tarma qismidan pastga qulab tushgan. Qutqaruvchilar hanuz vagonlar orasidan qurbonlarni qidirmoqda.
Ispaniya transport vazirining aytishicha, kompyuter aloqa tizimidagi uzilish sabab qizil signal yonib, harakat avtomatik ravishda to‘xtagan. Biroq shundan so‘ng Renfe poyezdini yana yo‘lga chiqarish haqida xato qaror qabul qilingan. Renfe o‘z poyezdi ruxsat olganidan keyin harakatni davom ettirganini ma’lum qildi. Temiryo‘l infratuzilmasi operatori esa hozircha izoh bermadi.
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches fojia tekshirilishini va aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilishini ma’lum qildi.
«Tezyurar temiryo‘l tizimimizga ishonchni tiklash uchun xavfsizlikni yanada kuchaytirish kerak bo‘lsa, shunday qilamiz. Chunki Ispaniyadek mamlakat bir yilda ikkita tezyurar poyezd halokatini boshdan kechirishi qabul qilib bo‘lmaydigan hol», dedi u.
2026-yil yanvarda xuddi shu yo‘nalishda, shu kompaniyalarning poyezdlari ishtirokidagi halokatda 46 kishi halok bo‘lgandi. O‘shanda poyezd izdan chiqib, qarama-qarshi tomondan kelayotgan poyezdga urilgan.
Rossiya AQShning Starlink tizimiga muqobil sun’iy yo‘ldosh internetini yaratishga kirishdi, biroq bu borada hali ancha ortda qolmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 28-oktabr kuni buni tan olib, Ilon Maskni daho deb atadi.
Putin Moskvadagi Rossiya-Afrika sammiti doirasida raqamli rivojlanish vaziri taqdimotini tingladi. Vazir Rossiya «Rassvet» loyihasi doirasida 30 dan ortiq sun’iy yo‘ldosh uchirganini ma’lum qildi.
«Bir daqiqa, shuni ta’kidlamoqchiman: bu bizning ilk qadamimiz. Ilon Mask daho, u haqiqiy daho», dedi Putin.
Putinning savoliga javoban vazir Maskning 5 mingdan ortiq sun’iy yo‘ldoshi ishlayotganini aytdi. BBC'ga ko‘ra aslida bu raqam ancha katta – Starlink tizimi 13 mingga yaqin sun’iy yo‘ldosh uchirgan.

