O‘zbekiston prezidenti Ispaniyaga ta’ziya yo‘lladi. Mamlakatda uch kunlik motam e’lon qilindi
O‘zbekiston prezidenti Toledo provinsiyasida poyezdlar to‘qnashuvi oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va jarohat olgani munosabati bilan Ispaniya qiroliga hamdardlik bildirdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, halokat oqibatida kamida 68 kishi halok bo‘lgan. Mamlakatda uch kunlik motam e’lon qilindi.

O‘zbekiston prezidenti Ispaniyaga ta’ziya yo‘lladi. Mamlakatda uch kunlik motam e’lon qilindi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toledo provinsiyasida poyezdlar to‘qnashuvi oqibatida ko‘plab odamlar halok bo‘lgani va og‘ir jarohat olgani munosabati bilan Ispaniya qiroli Filipp VI ga ta’ziya yo‘lladi.
Prezident Ispaniya xalqiga, halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etib, jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi.
28-oktabr kuni ertalab Ispaniya markazidagi Toledo hududida ikkita tezyurar yo‘lovchi poyezdi to‘qnashib ketdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 68 kishi halok bo‘lgan, 58 kishi jarohatlangan, ulardan 15 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.
El Pais nashri Renfe kompaniyasiga (davlat temiryo‘l operatori) qarashli AVE poyezdi va Iryo tarkibi (xususiy temiryo‘l tashuvchisi) to‘qnashganini xabar qildi. Renfe AVE poyezdida 397 nafar, Iryo poyezdida esa 147 nafar yo‘lovchi bo‘lgan.
Halokat sabablari hozircha noma’lum. El Pais manbalariga ko‘ra, falokat katta ehtimol bilan “inson omili” sabab yuz bergan. Sakkiztaga yaqin poyezdning to‘xtab qolishiga olib kelgan xavfsizlik tizimidagi nosozlikdan keyin Atocha vokzalidagi harakatni boshqarish markazi dispetcheri yo‘lda Iryo poyezdi bo‘lishiga qaramay, xatolik bilan Renfe AVE tarkibiga harakatni davom ettirishga ruxsat bergan.
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches voqea joyiga yetib bordi va fojia yuzasidan tergov “oxirigacha yetkazilishini hamda agar sovuqqonlikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, bu aniqlanishini” va’da qildi. Sanches, shuningdek, ertadan boshlab uch kunlik motam e’lon qilishini bildirdi — 29-oktabrdan 31-oktabrgacha.

