Ispaniyada futbolçi darvozabon bilan töqnaşuvdan keyin vafot etdi
«Tenerife» hujumçisi Xesus de Migel 30 yoşda edi.

Ispaniyada futbolchi darvozabon bilan to‘qnashuvdan keyin vafot etdi
Ispaniyada «Tenerife» futbol klubining 30 yoshli hujumchisi Xesus de Migel «Andorra» klubiga qarshi o‘yin vaqtida, raqib darvozaboni Xesus Ovono bilan yuz bergan to‘qnashuvdan so‘ng vafot etdi.
Voqea Ispaniya chempionatining ikkinchi divizioni doirasida «Eliodoro Rodriges Lopes» stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda sodir bo‘lgan. Ovono raqib hujumini to‘xtatish uchun jarima maydonidan chiqib kelgan va maydon markaziga yaqin hududda tizzasi bilan de Migelning ko‘krak qismiga zarba bergan.
Hujumchi esa to‘qnashuvdan o‘zini olib qocholmagan va hushini yo‘qotib, gazonga qulagan.
Ikki jamoa futbolchilari ham holat jiddiyligini darhol payqashgan. Futbolchilar tibbiyot xodimlarini chaqirishni boshlagan, ulardan ayrimlari yig‘lab yuborgan.
Shifokorlar maydonga yugurib chiqishgan va jabrlanuvchiga uzoq vaqt davomida yordam ko‘rsatishgan – uning yuragi to‘xtab qolgandi. Yakunda yurak faoliyati tiklangan va de Migel shifoxonaga olib ketilgan.
O‘yin davom ettirilmagan.
«Tenerife» 2-noyabr kuni kechqurun voqea yuzasidan ilk bor xabar berdi. Unda futbolchining holati og‘irligi, shu bilan birga, barqarorligi qayd etilgan. Ammo tunda vaziyat yomonlashgan.
Mahalliy vaqt bilan 3-noyabr kuni ertalab soat 8 da esa futbolchi vafot etgani ma’lum qilindi.
Ispaniya futbol federatsiyasi 3-noyabrga belgilangan barcha o‘yinlarni qoldirdi.
«Andorra» darvozaboni Xesus Ovonoga to‘qnashuvdan so‘ng darhol qizil kartochka ko‘rsatilgan. «Sports» nashri yozishicha, u uzoq muddatga diskvalifikatsiya qilinishi mumkin, jinoiy ish ochilishi ham istisno etilmayapti.

