Xvicha uchun mavsum yakunlandi. Uning xochsimon paylari uzilib ketgani tasdiqlandi
«Barselona»ga qarshi oʻyinda jarohat olib maydonni tark etgan futbolchida jarrohlik amaliyoti oʻtkaziladi. U kamida toʻqqiz oygacha maydonga tusha olmaydi.

Xvicha uchun mavsum yakuniga yetdi. Uning xochsimon paylari uzilgani tasdiqlandi
Chempionlar ligasi umumiy guruh bosqichi 3-turida «PSJ» va «Barselona» oʻrtasidagi uchrashuv (4:2) jarohatlar bilan toʻldi. Birinchi boʻlimdayoq har ikki jamoa bosh murabbiylari Luis Enrike va Hansi Flik Usmon Dembele hamda Dani Olmodagi jarohatlar sabab bittadan majburiy almashtirishga majbur boʻldi. Ikkinchi boʻlimda esa Xvicha Kvaratsxeliya ogʻir jarohat oldi. Gurjistonlik vinger tizzasidagi shikastlanish tufayli oʻyinni davom ettira olmadi. Bugun parijliklar klubi matbuot xizmati ushbu futbolchining oʻng tizzasidagi xochsimon paylari uzilganini maʼlum qildi.
Futbolchi oʻyinning 57-daqiqasida Xvicha Kvaratsxeliya raqib himoyachisi Xavi Espart bilan toʻqnashgach, noqulay holatda gazonga quladi.
Dastlab bu toʻqnashuvda ispaniyalik himoyachi koʻproq aziyat chekkanidek tuyulgandi, biroq Espart oʻrnidan turib, oʻyinni davom ettirdi, Kvaratsxeliya esa oʻng tizzasini ushlagancha gazonda yotib qoldi.
59-daqiqada Luis Enrike oʻz vingerini Magnes Akliushga almashtirdi. Xvicha maydonni mustaqil tark eta olmadi: uni tibbiyot shtabining ikki xodimi yelkalab, tribunalar ostiga olib ketdi. Kadrlarda futbolchi oʻng oyogʻiga bosolmayotgani ham koʻrindi.
Oʻyin davomidayoq Kvaratsxeliyaning tizzasidagi xochsimon paylari uzilgani haqidagi taxminlar paydo boʻldi. Ispaniyalik fizioterapevt Anxel Vilyanueva epizod videoyozuvini tahlil qilib, tiklanish toʻqqiz oy davom etishini taxmin qildi.
«Toʻqnashuvda oʻng tizzaning mahkamlangan oyoq kafti bilan ichkariga majburiy ogʻishi aniq koʻrinadi. Bunday mexanizm oldingi xochsimon va ichki yon boylamlarning birgalikda shikastlanishiga xosdir. U toʻqqiz oygacha maydonga tusha olmasligi mumki», – deya yozgan Vilyanueva ijtimoiy tarmoqlarda.
«PSJ» himoyachisi Ashraf Hakimi oʻyindan keyin xulosa qilishga chaqirdi.
«Usmon ertaga MRT tekshiruvidan oʻtadi. Kvara ham. Umid qilamanki, jiddiy narsa yoʻq», – dedi marokashlik futbolchi Canal+ Foot efirida.

