Isitiş mavsumida ayrim ehtiyojmand oilalarga 1 mln sömdan moddiy yordam beriladi
Prezident farmoni bilan 2026/2027 yilgi isitiş mavsumida ayrim ehtiyojmand oilalarga 1 mln sömdan bir martalik moddiy yordam ajratilmoqda. Yoqilği-energetika sohasida bozor tamoyillariga bosqiçma-bosqiç ötiş jarayonida oilalarning ehtiyojmandligini aniqlaşda oiladagi jon boşiga töğri keladigan örtaça oylik daromad mezoni ham oşiriladi.

Isitish mavsumida ayrim ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan moddiy yordam beriladi
Prezidentning “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor tamoyillariga o‘tish jarayonida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, 2026/2027-yilgi isitish mavsumida 2026-yil noyabr oyida quyidagilarga 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi:
- Ijtimoiy reyestrga (Reyestr) kiritilgan oilalarga;
- “mahalla yettiligi” xulosasi asosida Reyestrga kiritilmagan, biroq ijtimoiy-iqtisodiy holati bo‘yicha Reyestrga kiritish mezonlariga mos keladigan oilalarga, jumladan:
- oiladagi jon boshiga daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 2 barobaridan oshmaydigan oilalarga;
- markazlashtirilgan isitish tizimiga ulangan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalarga. Bunda mazkur oilalarning har bir aʼzosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda minimal isteʼmol xarajatlarining 2 barobaridan hamda Toshkent shahrida 3 barobaridan oshmasligi lozim;
- barqaror ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha tuman (shahar) shtablari qaroriga muvofiq har bir oila aʼzosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi yuqorida nazarda tutilgan mezonlardan oshgan ayrim ehtiyojmand oilalarga;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning reyestridagi fuqarolarga, shuningdek, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalarga.
Shuningdek, yoqilg‘i-energetika sohasida bozor tamoyillariga bosqichma-bosqich o‘tish jarayonida oilalarning ehtiyojmandligini aniqlashda oiladagi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad mezoni quyidagicha oshiriladi: elektr energiyasi va tabiiy gaz isteʼmoli bo‘yicha kompensatsiya tayinlashda – minimal isteʼmol xarajatlarining 1,5 barobaridan 2 barobarigacha; ko‘mir sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun moddiy yordam ajratishda – minimal isteʼmol xarajatlarining 1 barobaridan 2 barobarigacha;
“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kommunal xarajatlarni qoplash yoki kommunal to‘lovlar bo‘yicha mavjud qarzdorlikni bartaraf etishda hamda ko‘mir yoki boshqa yoqilg‘i mahsulotlari bilan taʼminlash xarajatlarini qoplashda – minimal isteʼmol xarajatlarining 1 barobaridan 2 barobarigacha.

