2026 yil noyabrda ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan yordam berilishi kutilmoqda
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Prezident farmoni loyihasiga ko‘ra, 2026 yil noyabr oyida ehtiyojmand oilalarga 1 mln

2026 yil noyabr oyida ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan yordam berilishi rejalashtirilmoqda. Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Prezident farmoni loyihasiga muvofiq, shu oyda ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ajratiladi.
Mazkur yordam Ijtimoiy reyestrdagi oilalarga, shuningdek, reyestrga kirmagan, biroq jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 2 baravaridan oshmaydigan oilalarga beriladi. Mablag‘ 30 noyabrga qadar ijtimoiy karta yoki bank kartalariga o‘tkaziladi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi muhokamasiga chiqarilgan qaror loyihasiga ko‘ra, aholiga suyultirilgan gazning chakana narxi qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan 1 kg uchun 5 ming so‘m etib belgilanadi. «LPG-Trade» MChJ tomonidan aholiga gaz yetkazib berish xizmati uchun cheklangan narx esa 1 kg uchun 1 300 so‘m bo‘ladi.
Yangi narx suyultirilgan gazni to‘liq bozor narxiga o‘tkazishni anglatmaydi. «LPG-Trade» MChJning gazni birjadan sotib olish narxi va yetkazib berish xarajatlari bilan aholiga belgilangan chakana narx o‘rtasidagi tafovut respublika budjetidan subsidiya sifatida qoplanadi.
Narx o‘zgarishining ijtimoiy ta’sirini yumshatish uchun ehtiyojmand oilalarga kompensatsiya berish tartibi joriy etiladi. 2030 yil 1 yanvarga qadar ularga xarid qilingan suyultirilgan gazning har bir kilogrammi uchun 3 ming so‘mdan, ammo oyiga 20 kilogrammdan oshmagan miqdorda kompensatsiya to‘lanadi.
Kompensatsiya Ijtimoiy reyestrdagi oilalarga, reyestrga kirmagan, lekin jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 2 baravaridan oshmaydigan oilalarga, shuningdek, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashaydigan oilalarga beriladi. Mablag‘ gaz xarid qilingani tasdiqlangach, oilalarning ijtimoiy kartasiga o‘tkaziladi.
Kompensatsiya olish uchun davlat xizmatlari markazi, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi, mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali murojaat qilish mumkin.
Bundan tashqari, agar bitta xonadonda ikki va undan ortiq oila yashasa, texnik talablarga mos gaz plitasi va oshxona mavjud bo‘lsa, bir kadastr raqami bo‘lsa ham, istisno tariqasida har bir oilaga alohida maishiy gaz ballon ajratilishi mumkin. Buning uchun «mahalla yettiligi» va gaz ta’minoti xodimlari joyiga chiqib o‘rganish dalolatnomasini rasmiylashtiradi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda 2027 yil 1 mayga qadar bozorning rivojlanish darajasi va aholini ijtimoiy himoya qilish zaruratini inobatga olgan holda suyultirilgan gaz narxlarini erkinlashtirish bo‘yicha taklif kiritadi.

