Prezident ayrim hududlarda elektr bo‘yicha bazaviy me’yorni 350 kilovatt-soatgacha oshirishni ma’qulladi
Dekabr oyida ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ajratish masalasini ko‘rib chiqish taklif qilindi

Prezident ayrim hududlarda elektr bo‘yicha bazaviy me’yorni 350 kilovatt-soatgacha oshirishni ma’qulladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev kuz-qish mavsumida aholini, ayniqsa, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoya qilishga doir takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Dunyoda geosiyosiy taranglik kuchayib borayotgani, energiya resurslari va xomashyo narxlari oshayotgani, ta’minot hamda logistika zanjirlarida uzilishlar yuz berayotgani ko‘plab mamlakatlarda inflyasion bosimni kuchaytirmoqda. Bunday vaziyatda aholi xarajatlarini yengillashtirish va muhtoj oilalarga manzilli yordam ko‘rsatish alohida ahamiyatga ega.
Taqdimotda elektr energiyasi, gaz, ko‘mir va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar bo‘yicha amaldagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Xususan, isitish mavsumida gazlashmagan hamda gaz yetib bormagan hududlarda elektr energiyasi bo‘yicha bazaviy me’yorni 200 kilovatt-soatdan 350 kilovatt-soatga oshirish taklifi ma’qullandi.
Dekabr oyida ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ajratish masalasini ko‘rib chiqish taklif qilindi.
Shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kirmagan ehtiyojmand oilalarning elektr energiyasi, gaz, ko‘mir va kommunal xizmatlar xarajatlarini qoplashda oilaning har bir a’zosiga qo‘llaniladigan daromad mezonini 1 million 430 ming so‘mgacha oshirish taklifi ko‘rib chiqildi. Natijada qo‘llab-quvvatlash qamrovi yana 166 ming oilaga kengayadi.
Elektr energiyasi va gaz bo‘yicha bazaviy me’yordan ortiq iste’mol xarajatlarining bir qismini qoplash muddatini 2028-yil 1-aprelgacha uzaytirish taklif qilindi. Bu chora bilan bir yilda 470 ming oilani qamrab olish nazarda tutilmoqda. Sharoiti og‘ir mahallalardagi 3 mingta xonadonni issiqlik jihatidan himoyalash va energiya tejovchi uskunalar bilan ta’minlash ishlari ham davom ettiriladi.
Davlatimiz rahbari Hukumatga belgilangan yordam uchun mablag‘larni o‘z vaqtida yo‘naltirish, ehtiyojmand oilalarni aniqlashda manzillilikni ta’minlash va yordam har bir oilaga yetib borishi ustidan nazoratni kuchaytirishni topshirdi.
Shuningdek, energiya resurslarini ishlab chiqaruvchi hamda yetkazib beruvchi korxonalar faoliyatini transformatsiya qilish, boshqaruv samaradorligini oshirish, ortiqcha xarajatlar va tarmoqlardagi yo‘qotishlarni qisqartirish bo‘yicha ham qator ko‘rsatmalar berildi.

