Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini dekarbonizatsiya qilishning uzoq muddatli stsenariylariga oid tadqiqotni taqdim etdi
19–20 oktyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish borasidagi natijalarini baholash va xalqaro tajribani oʻrganishga bagʻishlangan xalqaro amaliy seminar boʻlib oʻtdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini dekarbonizatsiya qilish boʻyicha uzoq muddatli stsenariylarga bagʻishlangan tadqiqotni eʼlon qildi
“Barqaror agrooziq-ovqat tizimlarini rivojlantirishning uzoq muddatli stsenariylari” mavzusidagi sessiya doirasida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Oʻzbekistonda qishloq va oʻrmon xoʻjaligi hamda yerdan foydalanish sohalarida 2070 yilgacha dekarbonizatsiya qilish boʻyicha tadqiqot natijalarini taqdim etdi (AFOLU).
Markaz sektor mudiri Abdurashid Bozorov tadqiqotning asosiy xulosalari bilan tanishtirdi. Ekspertlar muhokamasida Barqaror rivojlanish yechimlari tarmogʻi (SDSN) hamda Barqaror rivojlanish va xalqaro munosabatlar instituti (IDDRI) vakillari ishtirok etdi.
Markaz baholashlariga koʻra, Oʻzbekistonda issiqxona gazlari umumiy chiqindilarining 17,5 foizi qishloq xoʻjaligi hissasiga toʻgʻri keladi. Bunda agrar sektor chiqindilarining qariyb uchdan ikki qismini metan tashkil etadi va uning asosiy manbai chorvachilik hisoblanadi.
Tadqiqotda 2017–2025 yillarda qishloq xoʻjaligida amalga oshirilgan islohotlarning ijobiy natijalari qayd etilgan. Ushbu davrda don ekinlari hosildorligi 48 foizga, paxta xomashyosi hosildorligi 71 foizga oshgan. Suv olish hajmi 22 foizga qisqargan, suv tejovchi texnologiyalar qoʻllanilayotgan maydon esa 2,6 mln gektarga yetgan.
Shu bilan birga, tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish imkoniyatlari saqlanib qolmoqda. Xususan, sugʻorish suvining 37 foizi kanallarda yoʻqotilmoqda, sugʻoriladigan yerlarning qariyb yarmi esa shoʻrlanishga uchragan.
Markaz ekspertlari 2070 yilgacha sohani rivojlantirishning uchta stsenariysini ishlab chiqdi. Ular mavjud tendentsiyalarning saqlanishi, amaldagi davlat dasturlarining bajarilishi hamda mahsuldorlikni oshirish va issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni joriy etishni nazarda tutadi.
Modellashtirish natijalari chorvachilik mahsuldorligini oshirish, oʻgʻitlardan oqilona foydalanish, yaylovlarni tiklash va oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish hisobiga issiqxona gazlari chiqindilarini sezilarli darajada kamaytirish imkoniyati mavjudligini koʻrsatmoqda.
Tadqiqotda iqlim maqsadlarining oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi samaradorligi bilan oʻzaro bogʻliqligiga alohida eʼtibor qaratilgan. Chorvachilik mahsuldorligini oshirish yaylovlar va tabiiy resurslarga tushadigan yuklamani kamaytirgan holda mahsulot ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish imkonini beradi.
Tadqiqot yakunlari boʻyicha Markaz tomonidan suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish, oziq-ovqat yoʻqotishlarini qisqartirish hamda qishloq xoʻjaligi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar taklif etildi.
(Xurshed Asadov, Abdurashid Bozorov, Baxtiyor Ismailov va Alisher Xolmurzayev) tomonidan taqdim etilgan natijalar Oʻzbekiston agrooziq-ovqat tizimlarini rivojlantirishning uzoq muddatli istiqbollari yuzasidan ekspertlar muhokamasiga asos boʻldi.

