Iqtisodiyot

Tarkibiy islohotlar O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi uchun qanday zamin yaratdi

AQShning CME Group kompaniyasiga qarashli OpenMarkets saytida O‘zbekistondagi tarkibiy islohotlar va iqtisodiy o‘sish istiqbollari haqida maqola chop etildi.

**Tarkibiy islohotlar O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi uchun qanday asos yaratdi**

So‘nggi 10 yil ichida O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi, natijada mamlakat iqtisodiyoti bosqichma-bosqich bozor tamoyillariga tayangan tizimga o‘tdi va YaIMning yuqori o‘sish sur’atlariga erishildi. Valyuta bozorining erkinlashtirilishi, xususiy sektor ishtirokining kengayishi hamda xalqaro savdo aloqalarining rivojlanishi mineral va metall resurslariga boy O‘zbekiston uchun xomashyo narxlarining oshishidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirdi. Biroq minerallar va metallarning eksportdagi katta ulushi jahon narxlari o‘zgarishiga bog‘liq xatarlarni ham kuchaytiradi, bu esa rivojlangan derivativlar bozorini shakllantirish zaruratini yanada oshiradi.

2016 yilda O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar boshlandi. Yangi saylangan Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyodagi ushbu mamlakatni davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki yuqori va nisbatan yopiq tizimdan ochiq, bozor tamoyillariga asoslangan iqtisodiyotga o‘tkazishga qaratilgan siyosatni amalga oshirishga kirishdi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) tadqiqotiga ko‘ra, dastlabki bosqichdagi eng muhim o‘zgarishlardan biri valyuta bozorining liberallashtirilishi bo‘ldi. Rasmiy va norasmiy valyuta kurslari birlashtirildi, O‘zbekiston so‘mi erkin suzuvchi kursga o‘tkazildi va valyuta konvertatsiyasiga oid avvalgi qat’iy cheklovlar bekor qilindi. Shuningdek, eksport tushumini majburiy sotish talabi ham bekor qilinib, biznes va aholi uchun xorijiy valyutadan foydalanish imkoniyatlari kengaydi.

Shu bilan birga, XVJ tadqiqotida qayd etilishicha, islohotlar jarayonida milliy valyuta qariyb 50%ga qadrsizlandi va inflyasiya ma’lum davr mobaynida ikki xonali darajada saqlanib qoldi. Inflyasiyani jilovlash maqsadida 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki inflyasion targetlash rejimiga o‘tdi va o‘rta muddatli istiqbolda inflyasiyani 5% darajasiga tushirish maqsadi belgilandi.

Valyuta bozorini liberallashtirish bilan birga, O‘zbekistonni jahon bozorlariga integratsiya qilishga qaratilgan bir qator choralar ham amalga oshirildi. Aksariyat tovarlar bo‘yicha import va eksport cheklovlari bekor qilindi, eksport jarayonlari soddalashtirildi va eksportchilar uchun soliq imtiyozlari kengaytirildi. Mamlakat XVJ, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki kabi xalqaro moliya institutlari bilan iqtisodiy hamkorlikni ham kuchaytirdi. Ayni paytda O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun zarur talablarni bajarish ustida ishlamoqda.

Islohotlarning yana bir muhim yo‘nalishi davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, xususiy sektor faolligini va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni rag‘batlantirishga qaratildi. Bu jarayon davlat korxonalarini xususiylashtirish, investorlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish va biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha islohotlarni o‘z ichiga oldi. 2026 yil may oyida 13 ta yirik davlat korxonasida minoritar ulushlarga ega O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi — UzNIF aksiyalari London fond birjasi va Toshkent fond birjasida ommaviy joylashtirildi. Bu O‘zbekistonning xalqaro kapital bozoridagi ilk aksiyalar taklifi bo‘ldi.

Amalga oshirilgan o‘zgarishlar iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ham aks etmoqda. S&P Global ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda islohotlar boshlanganidan beri iqtisodiy o‘sish yiliga o‘rtacha 6%ni tashkil etdi, 2025 yilda esa YaIM o‘sishi 7,7%ga yetdi. 2026 yil uchun iqtisodiy o‘sish 8,1% darajasida prognoz qilinmoqda. 2026 yil iyul holatiga inflyasiya 6,4%ni tashkil etdi, oltin narxlarining yuqori bo‘lishi esa O‘zbekiston so‘mining mustahkamlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Shu bilan birga, yirik davlat korxonalari va banklarni isloh qilish hamda xususiylashtirish, bozorga kirish va undan chiqish imkoniyatlari qulay bo‘lgan raqobat muhitini rivojlantirish bo‘yicha vazifalar saqlanib qolmoqda. XVJ tadqiqotiga ko‘ra, mamlakatda hali ham taxminan 1,8 mingta davlat korxonasi mavjud.

**Metallar va minerallar**

O‘zbekistonning jahon mamlakatlari bilan savdo aloqalarining kengayishi va biznes muhitining yaxshilanishi metall va mineral resurslarga boy mamlakat uchun xomashyo tovarlari narxining oshishidan foydalanish imkoniyatlarini ko‘paytirmoqda. O‘zbekiston oltin ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi yetakchi 10 ta mamlakat qatoriga kiradi, mis ishlab chiqarish bo‘yicha 20-o‘rinni, uran ishlab chiqarish bo‘yicha esa 5-o‘rinni egallaydi. Shuningdek, mamlakatda kumush, litiy, volfram va nodir yer elementlari, shuningdek magniy, rux, alyuminiy va grafitning salmoqli zaxiralari mavjud. Ushbu resurslarning iqtisodiy ahamiyatini jahon bozoridagi narxlar dinamikasi ham ko‘rsatadi. 2025 yilda oltin narxi 65%ga, kumush 144%ga, mis esa qariyb uchdan bir qismga oshdi.

Tabiiy resurslar narxining oshishi O‘zbekiston eksporti qiymatining ko‘tarilishiga ham ta’sir qildi. 2025 yilda mamlakat eksporti 23%ga o‘sib, $33,4 mlrdga yetdi. O‘sishga metall va minerallar eksporti bilan birga oziq-ovqat mahsulotlari, o‘g‘itlar va xizmatlar eksporti ham hissa qo‘shdi. Oltin eksportining o‘zi o‘tgan yilga nisbatan 32%ga oshib, $9,9 mlrdga yetdi va mamlakat jami eksportining 29,3%ini tashkil etdi. Bu joriy hisob taqchilligini qisqartirish va boshqa tarmoqlardagi nisbatan past o‘sish sur’atlarini qoplashga xizmat qildi.

2030» strategiyasi doirasida mamlakatning tabiiy resurslar salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida yillik mis ishlab chiqarishni 500 ming tonnaga, oltinni 175 tonnaga, kumushni 500 tonnaga va uranni 15 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

**Rivojlanayotgan derivativlar bozori**

O‘zbekiston eksportida xomashyo tovarlarining yuqori ulushi mamlakat iqtisodiyotining jahon bozoridagi narxlar o‘zgarishiga ta’sirchanligini oshiradi. Shu sababli valyuta va narx xatarlarini boshqarishda derivativlardan xedjirlash vositasi sifatida foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish uchun moliyaviy infratuzilma takomillashtirilmoqda. Iyun oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan va parlament tomonidan qabul qilinishi lozim bo‘lgan «Kapital bozori to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasida O‘zbekiston bozoriga ilk bor opsionlar, fyucherslar, svoplar va forvardlar kabi moliyaviy instrumentlarni joriy etish nazarda tutilgan. Ushbu instrumentlar bo‘yicha huquqiy baza Xalqaro svoplar va derivativlar assotsiatsiyasi (ISDA) standartlariga muvofiqlashtirilishi, shuningdek netting kelishuvlariga asoslangan bitimlar tizimini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ham valyuta xatarlarini kamaytirish maqsadida kompaniyalarga xorijiy valyutada obligatsiyalar chiqarish imkonini beruvchi tartibga solish sinov maydonchasini (regulatory sandbox) joriy etdi. 2026 yil mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki rivojlanayotgan va yangi shakllanayotgan bozorlarda valyuta hamda foiz stavkalari xatarlarini xedjirlashga ixtisoslashgan xalqaro moliya instituti — The Currency Exchange Fund (TCX) bilan hamkorlik memorandumini imzoladi. Memorandum xalqaro ilg‘or amaliyot asosida xatarlarni boshqarishning zamonaviy ekotizimini yaratishga e’tibor qaratgan holda O‘zbekistonda derivativlar bozorini rivojlantirishni nazarda tutadi.

Shuningdek, O‘zbekistonning yetakchi uyushgan tovar savdo maydonchasi — O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi (UZEX) mavjud ichki savdo infratuzilmasi asosida xalqaro tovar bozorlari va zamonaviy xatarlarni boshqarish vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Bu jarayon UZEX va Phillip Capital o‘rtasidagi qo‘shma korxona — UZEX Global orqali jadallashtirilmoqda. U yetakchi birjalarda, jumladan CME Group maydonlarida savdo qilinadigan global tovar derivativlaridan foydalanish imkonini yaratadi. Birja derivativlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo qilish uchun zarur operatsion infratuzilma bilan birga xatarlarni boshqarish bo‘yicha konsalting va o‘quv xizmatlarini ham taqdim etadi.

Umuman olganda, ushbu tashabbuslar xalqaro standartlarga mos derivativlar bozorini rivojlantirish uchun asos yaratib, eksport hajmi kengayib borayotgan sharoitda biznesga tovar narxlari va valyuta kurslari bilan bog‘liq xatarlarni samarali boshqarish imkonini berishi kutilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.