Imtiyozli joyini boshqaga bergan erkak isyonchilar tomonidan oʻldirildi
Mover Afrika davlatida «RA International» qurilish kompaniyasida 18 oy davomida faoliyat yuritgan.

Imtiyozli joyini boshqaga bergan erkak isyonchilar tomonidan oʻldirildi
Koronerning aytishicha, Filip Mouer ayollar va bolalar manfaatini oʻzinikidan ustun qoʻygan
Afrikadagi mehmonxona isyonchilar qamalida qolgan paytda qochishga urinib halok boʻlgan britaniyalik erkak bir kun avval qutqaruv vertolyotidagi joyini boshqaga bergan edi, dedi koroner.
Filip Mouer 2021 yilning mart oyida islomiy jangarilar hujum qilgan paytda Afrika davlati shimolidagi Palma shahrida ishlayotgan edi.
Dorset grafligining Shaftsberi shahridan boʻlgan 58 yoshli erkak isyonchi jangchilar tomonidan bosib olinishidan xavfsirab, «Amarula» mehmonxonasini tark etgan mashinalar karvonida boʻlgan.
Xempshir koroneri Jeyson Pegg Mouerning noqonuniy ravishda oʻldirilgani haqida qaror chiqarib, u vertolyotdagi joyini «jasorat bilan» boshqaga berganini, bu esa ayollar, bolalar va bemorlarni birinchi boʻlib evakuatsiya qilish imkonini berganini aytdi.
Peggning soʻzlariga koʻra, Mouer karvondagi zirhli mashinadan ham bosh tortib, ikki nafar yoʻlovchi bilan oʻzining oddiy («yumshoq qobiqli») mashinasida ketishni afzal koʻrgan.
Mouer ushbu mamlakatda «RA International» qurilish kompaniyasida 18 oy davomida ishlab, yaqin atrofdagi tabiiy gaz loyihasida band boʻlgan ishchilar uchun lagerlar qurilishini nazorat qilgan.
Uinchesterdagi tergovda hozir boʻlgan Mouerning ikki aka-ukasiga yuzlanib, Pegg shunday dedi: «Akangiz haqiqiy yetakchi edi. U oʻz jamoasi va boshqalarni oʻzidan ustun qoʻydi va buni juda katta ehtimol bilan qoʻrquvda boʻlgan bir paytda amalga oshirdi.
Filipning shaxsan oʻziga tahdid solayotganiga, u oʻzini qurshab olgan dushmanona muhitga qaramay, Filip ayollar va bolalarni birinchi oʻringa qoʻyish uchun kuchli xarakterga, jasoratga ega edi va ishonchim komilki, siz ikki aka-uka va butun oilangiz Filip bilan faxrlanasiz va bu juda toʻgʻri».
Tergov davomida Mozambik hukumati isyonchilarga qarshi kurashda yordam berish uchun zirhli vertolyotlar yetkazib berish maqsadida Janubiy Afrikada joylashgan «Dyck Advisory Group» (DAG) kompaniyasini yollagani maʼlum boʻldi.
Peggning aytishicha, DAG vertolyotlari mehmonxonadan 24 kishini evakuatsiya qilgan boʻlsa-da, ularning faoliyati Mozambik politsiyasi tomonidan nazorat qilingan va ular qoʻshimcha evakuatsiya missiyalarini amalga oshirishda erkin boʻlmagan.
2017 yilda Kabu-Delgadu provintsiyasida islomiy isyon boshlanganidan beri 6000 dan ortiq kishi halok boʻlgani taxmin qilinmoqda.
Mouerning akasi Uilyam eshituvda u «mutlaqo ajoyib inson boʻlganini va uning asosiy xususiyatlari — cheksiz saxovati, hayotga boʻlgan ishtiyoqi, hazil tuygʻusi va haqiqatan ham aql bovar qilmaydigan qiyin vaziyatlarda ishlarni hal qila olish qobiliyati» ekanini aytdi.

