Filippinda parom yongʻinida halok boʻlganlar 76 kishiga yetdi (foto)

Filippinda paromdagi yong‘in qurbonlari soni 76 kishiga yetdi (foto)
Filippinda 9-sentyabr kuni paromda yuz bergan yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar soni 76 nafarga chiqdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Yong‘in paytida parom bortida 134 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zosi bo‘lgan. Omon qolganlar soni 43 kishini tashkil etmoqda. Ularning aksariyati shifoxonalarda davolanmoqda, biroq 13 kishi hanuz bedarak yo‘qolgan. Jasadlarni izlab topish ishlariga zaharli tutun va yuqori harorat to‘sqinlik qilgan. Shu sabab qutqaruvchilar parom bortiga faqat 11-sentyabr kuni chiqish imkoniga ega bo‘lgan.
Marhumlarning yaqinlaridan shaxsiy buyumlar va DNK tahlili orqali oila a’zolarini aniqlashga yordam berish so‘ralmoqda.
“Kimdir mavjud surat yoki buyumlar haqiqatan ham o‘z yaqiniga tegishli ekanini tasdiqlasa, undan DNK namunasini topshirish so‘raladi”, dedi Korondagi turizm bo‘yicha mutaxassis Kristine Ablana.
Ma’lum qilinishicha, yong‘in paromning yuklar saqlanadigan bo‘linmasida boshlangan. Tirik qolganlar yong‘in boshlanganda kuchli portlash ovozini eshitgan. Shuningdek, paromdan chiqishga ulgurganlar qutqaruv nimchalarini kiyishga vaqt topmagan.
U qochishga urinayotganida vahimaga tushgan odamlar orasida qolgan.
Foto: AP Photo
2002-yilda qurilgan June Aster paromi amaldagi xavfsizlik sertifikatlariga ega bo‘lgan. U mart oyida nazorat tekshiruvidan o‘tgan. Biroq tergovchilar yo‘lovchilar ro‘yxati, yuklarning joylashuvi va ekipajning favqulodda vaziyatlarda harakat qilish protokollarini o‘rganmoqda. Kema operatori hisoblangan Atienza Interisland Ferries tergovga to‘liq hamkorlik qilishini ma’lum qildi.

