Filippinda 134 nafar yo‘lovchini olib ketayotgan parom yonib ketdi (video)

Filippinda 134 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zosini olib ketayotgan paromda yong‘in chiqdi (video)
Filippinda 134 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zosini tashiyotgan paromda olov alangasi ko‘tarildi. Hodisa oqibatida besh kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Voqea 9-sentyabr kuni Palavan provinsiyasidagi sayyohlik hududi yaqinida sodir bo‘lgan. Kechqurun qirg‘oqdan taxminan 2,2 kilometr uzoqlikda June Aster paromida yong‘in boshlangan. Qirg‘oq qo‘riqlash xizmati e’lon qilgan videoda kemani alanga butunlay qoplab olgani ko‘rinadi.
“Hozirda qutqarilgan 42 kishi va halok bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlarga asoslansa, 87 kishi bedarak yo‘qolgan. Bu amaldagi ma’lumotlar va qidiruv-qutqaruv ishlari davom etar ekan, raqamlar o‘zgarishi mumkin”, dedi Qirg‘oq qo‘riqlash xizmati kapitani Noemi Kayabyab.
Qutqarilganlarning 38 nafari yo‘lovchi, to‘rt nafari esa ekipaj a’zosi. Kuchli to‘lqinlar sabab parom qirg‘oqdan uzoqlashib ketgan va bu qutqaruv ishlarini qiyinlashtirgan.
Shunga o‘xshash holat 12-avgust kuni Bali oroli yaqinida ham yuz bergan. O‘shanda qutqaruvchilar yonayotgan paromdan 172 kishini olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Hodisa oqibatida 19 yoshli ayol vafot etgan. Yong‘in Bali va Lombok orollarini bog‘laydigan Padangbai–Lembar yo‘nalishida qatnayotgan paromda yuz bergan edi.

