Indoneziyada sayyohlar paromi yonib ketdi, 172 kishi qutqarildi (video)

Indoneziyada sayyohlar paromi yonib ketdi, 172 kishi qutqarildi (video)
Indoneziya rasmiylari 12-avgust kuni Bali oroli yaqinida yonayotgan paromdan 172 kishini qutqarib oldi. Deutsche Welle xabariga ko‘ra, ushbu hodisa oqibatida kamida bir kishi, ya’ni 19 yoshli ayol halok bo‘lgan.
Yong‘in Bali va Lombok orollarini bog‘lovchi Padang-Bay — Lembar yo‘nalishida harakatlanuvchi paromda sodir bo‘lgan. Bu yo‘nalishdan sayyohlar ham faol foydalanadi.
**Qutqaruv ishlari haqida ma’lumotlar**
Mataram qidiruv va qutqaruv boshqarmasi rahbari Muhammad Hariyadining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, barcha yo‘lovchilar evakuatsiya qilingan edi. U shunday degan: “Biz kemaga yaqinlashdik va barcha yo‘lovchilar kemani tark etganini tasdiqladik. Kema bortida hech kim ko‘rinmadi”.
Biroq ko‘p o‘tmay, Hariyadi jurnalistlarga bir nafar ayolning vafot etganini ma’lum qildi. Padang-Bay porti tomonidan berilgan ro‘yxatga ko‘ra, paromda 114 nafar yo‘lovchi va 17 nafar ekipaj a’zosi bo‘lishi taxmin qilingan edi. Ammo qutqarib olingan va halok bo‘lganlarning umumiy soni taxmin qilingan 131 kishidan ancha ko‘p bo‘lib chiqdi.
**Yong‘in qanday sodir bo‘ldi?**
Putri Yasmin paromida yong‘in mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 04:15 da boshlangan. Kema Balidagi Padang-Bay portidan Lombokdagi Lembar portiga yo‘l olgan edi. Qutqaruv xizmati favqulodda xabarni yarim soatdan keyin olgan va darhol qutqaruv kemalari hamda xodimlarini voqea joyiga jo‘natgan.
Omon qolgan 25 yoshli Kiki Okta Pradikaning so‘zlariga ko‘ra, u qutqaruv nimchasini olib, boshqa yo‘lovchilar bilan birga suvga sakragan. “Yordam kelgunicha bir necha soat o‘tdi”, dedi u.
Muhammad Hariyadining ta’kidlashicha, dengizda 4 metrgacha bo‘lgan kuchli to‘lqinlar kuzatilgan. Bu holat qutqaruv ishlarini qiyinlashtirgan. Atrofda bo‘lgan boshqa bir parom 30 nafar yo‘lovchini qutqarib, Baliga olib borgan. Qidiruv-qutqaruv kemasi esa 59 nafar yo‘lovchi bilan Lembar portiga yo‘l olgan. Yana 17 nafar yo‘lovchini harbiy-dengiz floti kemasi qutqarib olgan.
Bu Indoneziyada shu oyning o‘zida yuz bergan ikkinchi yirik parom yong‘inidir. 2-avgust kuni bortida 271 kishi boʻlgan parom dengizda yonib ketgan. Hodisa oqibatida 5 kishi halok boʻlgan, 41 kishi esa bedarak yoʻqolgandi.

