Filippinda paromda yuz bergan «qalblarni larzaga soluvchi» yongʻin oqibatida besh kishi halok boʻldi, 86 kishi bedarak yoʻqoldi
Yongʻin kema Palavanning sayyohlar gavjum boʻlgan Koron hududidagi manziliga yaqinlashayotgan vaqtda sodir boʻlgan.

Filippinda paromda yuz bergan «qalblarni larzaga soluvchi» yongʻindan keyin besh kishi halok boʻldi, 86 kishi bedarak yoʻqoldi
Filippinda paromda sodir boʻlgan yongʻin oqibatida kamida besh kishi halok boʻldi va 86 kishi bedarak yoʻqoldi, deb xabar berdi mamlakat sohil xavfsizlik xizmati.
Poytaxt Maniladan 117 nafar yoʻlovchi va 17 nafar ekipaj aʼzosi bilan yoʻlga chiqqan «MV June Aster» paromi Palavan provintsiyasidagi sayyohlik maskani boʻlmish Koron shahriga yaqinlashayotganda yonib ketgan.
Chorshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da (Grinvich boʻyicha 10:00) boshlangan yongʻin payshanba kuni soat 11:00 da ham davom etayotgan edi. Sohil xavfsizlik xizmatining maʼlum qilishicha, kuchli oqim va noqulay ob-havo yongʻinni oʻchirishga harakat qilayotganlarga xalaqit bermoqda.
Birinchi boʻlib yordamga kelgan qutqaruvchilardan biri BBC’ga Koronda bunday fojiaga hech qachon guvoh boʻlmaganini aytib, buni «haqiqatan ham qalblarni larzaga soluvchi» voqea deb taʼrifladi.
«Kecha tunda jabrlanganlarni kasalxonaga tashigan va yetkazganlardan biri men edim», dedi qutqaruvchi va parom oʻz manziliga yetib borishiga bir soat qolganini qoʻshimcha qildi.
Chorshanba kuni kechqurun sohil xavfsizlik xizmati tomonidan eʼlon qilingan videolavhalarda olov ichida qolgan kema va suvdan qutqaruv qayiqlariga chiqarib olinayotgan odamlar aks etgan.
«Kemamizdan olingan maʼlumotlar hududda kuchli oqim borligini koʻrsatmoqda», dedi sohil xavfsizlik xizmati vakili BBC’ga va parom oʻzining dastlabki halokat joyidan — Barangay Turdadan toʻrt dengiz mili uzoqlikdan — 7,68 dengiz mili uzoqlikdagi nuqtaga surib ketilganini taʼkidladi.
«Oqim uni yanada uzoqroqqa olib ketdi. Bular xodimlarimiz qidiruv hududida duch kelayotgan qiyinchiliklardir».
Sohil xavfsizlik xizmati yongʻin sabablari hali ham oʻrganilayotganini qoʻshimcha qilib, qutqarib olingan 43 kishining hech biri bilan hali gaplashmaganini bildirdi.
Omon qolganlar Marsilladan sal shimolda joylashgan Barangay Turdadagi evakuatsiya markaziga olib kelingan. Ularning jarohatlari darajasi hozircha nomaʼlum.
Anelin Magbanua yaqinlaridan xabar kutib xavotirda turganlar orasida.
Uning turmush oʻrtogʻi Marlon poytaxtda tahsil olayotgan ikki farzandini koʻrish uchun Manilada bir necha kun boʻlgan edi.
Magbanua BBC’ga bergan intervyusida turmush oʻrtogʻi bilan oxirgi marta parom Koron portidan taxminan ikki soatlik masofada joylashgan qishloqdan oʻtayotganda gaplashganini aytdi.
«Kecha parom pristanga soat 18:00 va 19:00 oraligʻida yetib kelishini kutayotgandim», dedi u va erta uxlab qolganini, lekin uni jiyani uygʻotib, Marlon boʻlgan parom yonib ketganini aytganini qoʻshimcha qildi.
«Hozir nimalarni his qilayotganimni taʼriflab berolmayman. Kecha kechasidan beri yigʻlab, duo qilyapman», deydi Magbanua.
U Marlonni omon qolganlar orasidan topish umidida Koron kasalxonasiga borgan, biroq u hali ham bedarak yoʻqolganlar roʻyxatida.
«Hozir ikki yoshli oʻgʻlim bilan kasalxona tashqarisida turibmiz. Oʻzimizdan boshqa hech kimimiz yoʻq», deydi u.
Ray Garsiyaning uch nafar oilaviy doʻsti bedarak yoʻqolganlar orasida.
Garsiyaning pochchasining singlisi Mey Lorreyn Galera-Navoa turmush oʻrtogʻi Elizer Navoa va uch yoshli qizi Xiraya Joy bilan birga otasining dafn marosimi uchun Lusonga borgan edi.
Ular ushbu kemada Palavanning El Nido shahridagi uylariga qaytayotganlarida yongʻin sodir boʻlgan.
«Biz hali hech qanday xabar olmadik. Shuning uchun yangiliklardan boxabar boʻlish maqsadida mahalliy yangiliklar lentalarida izoh qoldirishga majbur boʻldik», deydi Garsiya.
«Biz hali ham ularning sogʻ-salomat ekanligiga umid qilamiz va duo qilamiz».
Garsiya va uning oilasi Mey paromda tushib, yaqin qarindoshlariga yuborgan suratdan foydalanib, uch kishilik oila haqida maʼlumot soʻrab eʼlon tayyorlashdi.
Boshqalar ham Filippin sohil xavfsizlik xizmatining Facebook sahifasida bedarak yoʻqolgan yaqinlari haqida maʼlumot izlab postlar qoldirishmoqda. «Iltimos, jigarimni topishga yordam bering», deb yozilgan izohlardan birida.
7100 ta oroldan iborat arxiv boʻlgan Filippinda dengiz halokatlari tez-tez sodir boʻlib turadi.
Orollararo paromlar odamlar va yuklarni orollar oʻrtasida tashishning arzon usuli boʻlib, ularning baʼzilariga havo yoʻli orqali borib boʻlmaydi.
Biroq har doim kuchli ob-havo, musson yomgʻirlari va tayfunlar xavfi mavjud boʻlib, ular xavfli sharoitlarni yuzaga keltirishi mumkin. Mamlakatga har yili oʻrtacha 20 ta tayfun yopiriladi.
Avvalgi halokatlarda texnikaga yomon xizmat koʻrsatish va xavfsizlik qonunlariga izchil rioya qilmaslik ham ayblangan.
2023 yilda mamlakatning janubi-gʻarbiy chekkasida yoʻlovchi tashuvchi paromda sodir boʻlgan yongʻinda 31 kishi halok boʻlgan edi. «MV Lady Mary Joy 3» paromi Zamboanga shahridan — Mindanao bosh janubiy orolidagi yirik portdan Basilan oroliga ketayotgan boʻlgan.
Ammo 86 kishi hali ham bedarak yoʻqolgan bir paytda, ushbu parom halokati Filippinda soʻnggi yillardagi eng dahshatli fojialardan biriga aylanishi mumkin.

