Imom Buxoriy majmuasi yaqinida besh yulduzli Hadith Hotel ochildi
Samarqand viloyatida indoneziyalik investorlar ishtirokida qurilgan 120 xonali besh yulduzli Hadith Hotel mehmonxonasi ochildi.

Imom Buxoriy majmuasi yaqinida besh yulduzli Hadith Hotel oʻz faoliyatini boshladi
Samarqand viloyatida yangi besh yulduzli Hadith Hotel mehmonxonasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. U Imom Buxoriy majmuasi hududida joylashgan boʻlib, birinchi navbatda mahalliy va xorijiy ziyoratchilarni qabul qilishga moʻljallangan.
Ochilish marosimida Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasi raisi Abdulaziz Aqqulov, Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev, Indoneziya Haj va umra ishlari boʻyicha vaziri Muhammad Irfan Yusuf, Indoneziyaning Oʻzbekiston va Qozogʻistondagi elchilari, investorlar, turizm sohasi va hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Toʻrt qavatli Hadith Hotel 120 ta xonadan iborat boʻlib, jami 240 nafar mehmonni qabul qila oladi. Xizmat koʻrsatishni tashkil etishda xalqaro mehmonxona standartlari qoʻllanilgan boʻlib, ular milliy mehmondoʻstlik anʼanalari va obʼyektning muqaddas qadamjo yaqinida joylashganiga mos keluvchi odob-axloq qoidalari bilan toʻldirilgan.
Imom Buxoriy majmuasi Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlar musulmonlari uchun muhim ziyorat markazlaridan biri hisoblanadi. Uni rivojlantirish doirasida mamlakat Prezidenti tashabbusi bilan hudud kengaytirilmoqda va zamonaviy infratuzilma shakllantirilmoqda. Xususan, bu yerda bir vaqtning oʻzida 10 minggacha namozxonni sigʻdira oladigan masjid barpo etildi.
Shu bilan birga, Indoneziyadan kelayotgan ziyoratchilar oqimi ortib bormoqda, bu esa majmua hududida xalqaro darajadagi mehmonxona infratuzilmasiga qoʻshimcha talab yaratmoqda.
Hadith Hotel mehmonxonasining ochilishi majmuaga tashrif buyuruvchilar uchun joylashtirish imkoniyatlarini kengaytirishi va ayni paytda Samarqand viloyatida turistik xizmatlarni rivojlantirishga koʻmaklashishi kutilmoqda. Yangi obʼyekt, shuningdek, ish oʻrinlari hamda mahalliy tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi.
Loyiha Oʻzbekiston va Indoneziya oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlikning yana bir yoʻnalishiga aylandi va mintaqadagi ziyorat turizmi salohiyatini mustahkamlaydi.

