Mahalliy

Buxoroda O‘zbekiston–Yaponiya markazi ochildi

Buxoro davlat texnika universitetida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida taʼlim, ilm-fan, innovatsiya va madaniyat hamkorligi markazi ochildi.

Buxoroda O‘zbekiston–Yaponiya markazi ish boshladi

Buxoro davlat texnika universitetida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida taʼlim, ilm-fan, innovatsiyalar hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan O‘zbekiston–Yaponiya markazining ochilish marosimi o‘tkazildi.

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, Buxoro davlat texnika universiteti rektori Sadoqat Siddiqova, Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Kendji Xirata, elchixona maslahatchisi Kuriya Sutaki, JICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Mamoru Sakay, JICA loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha maslahatchisi Naomi Abe, O‘zbekiston–Yaponiya markazining hamraislari Xiroo Ivazaki va Alisher Azizovich Payg‘amov, markaz koordinatori va JICA vakili Xeydzo Nakamura, markazning milliy koordinatori Ulug‘bek Ahmadovich Azamov, Sukuba universiteti professori Vakana Yamaguchi, yapon tili professori Syoko Takada, markazning Buxoro shahar vakolatxonasi direktori Shahrux Kamolovich Mahmudov hamda boshqa mehmonlar qatnashdi.

Markaz faoliyati, eng avvalo, yoshlar uchun yangi imkoniyatlarni kengaytirishga qaratiladi. Bu yerda yapon tili va madaniyatini o‘rganish, xalqaro tajriba almashish, ilmiy va innovatsion loyihalarda ishtirok etish, shuningdek, yangi taʼlim va kasbiy imkoniyatlarga ega bo‘lish uchun sharoit yaratish ko‘zda tutilgan.

Markazning ochilishi O‘zbekiston–Yaponiya aloqalarini rivojlantirish va ikki mamlakatning taʼlim hamda ilmiy tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishda yangi bosqich sifatida baholanmoqda.

Yaponiya delegatsiyasining tashrifi doirasida Kendji Xirata Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov bilan ham uchrashdi. Uchrashuvda tomonlar aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish va ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Yaponiya delegatsiyasiga Buxoro viloyati hokimligining yangi binosi faoliyati va imkoniyatlari ham tanishtirildi.

Shuningdek, Yaponiya elchisi boshchiligidagi delegatsiya uchun Buxoroning tarixiy va madaniy diqqatga sazovor joylari bo‘ylab ekskursiya uyushtirildi. Mehmonlar shaharning meʼmoriy yodgorliklari va asrlar davomida shakllangan tarixiy muhiti bilan tanishdi.

Yaponiyalik mehmonlarda Buxoroning Buyuk ipak yo‘lida ilm-fan, taʼlim, hunarmandchilik va savdo markazlaridan biri sifatidagi tarixi alohida qiziqish uyg‘otdi. Ekskursiya davomida delegatsiya milliy hunarmandchilik namunalari, anʼanaviy amaliy bezak sanʼati va qadimiy meʼmorchilik xususiyatlari bilan ham tanishdi.

O‘zbekiston–Yaponiya markazining ochilishi, ikki mamlakat vakillarining uchrashuvlari hamda madaniy dastur O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni, taʼlim va madaniy almashinuvni yanada rivojlantirish jarayonining bir qismi bo‘ldi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.