Buxoroda ilm-fan va taʼlimni rivojlantirish uchun Oʻzbekiston-Yaponiya markazi tashkil etildi

Buxoroda ilm-fan va taʼlimni rivojlantirish uchun Oʻzbekiston-Yaponiya markazi ochildi
Buxoro davlat texnika universitetida Oʻzbekiston-Yaponiya markazining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Ushbu markazning tashkil etilishi ikki mamlakat oʻrtasida taʼlim, ilm-fan, innovatsiyalar va madaniy-gumanitar almashinuv sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, yoshlar uchun xalqaro imkoniyatlarni kengaytirishda muhim qadam boʻldi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, universitet rektori Sadoqat Siddiqova, Yaponiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Kendzi Xirata, JICA’ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Mamoru Sakai, Oʻzbekiston-Yaponiya markazi hamdirektorlari Xiroo Ivazaki va Alisher Paygamov, shuningdek, Yaponiya elchixonasi, Tsukuba universiteti va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Markaz faoliyati yapon tilini oʻrganish, Yaponiya madaniyati bilan tanishish, xalqaro tajriba almashish hamda yoshlarning ilmiy va innovatsion loyihalarda ishtirok etishi uchun qulay sharoitlar yaratadi. Buxoro davlat texnika universitetidagi yangi maydoncha Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi doʻstlik aloqalari va taʼlim sohasidagi sheriklikni mustahkamlashda muhim boʻgʻin boʻlishga xizmat qiladi.

