“Ikkinchi imkon”: mahkumlar taqdirini o‘zgartirayotgan umummilliy loyiha
O‘zbekistonda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan mahkumlarga ingliz tili va kompyuter savodxonligi o‘rgatiladigan 'Ikkinchi imkon' loyihasining oraliq natijalari sarhisob qilindi. Loyiha to‘liq UNICON-SOFT mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

“Ikkinchi imkon”: mahkumlar taqdirini o‘zgartirayotgan umummilliy loyiha
UNICON-SOFT kompaniyasi davlat rahbari tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Ikkinchi imkon” loyihasini qo‘llab-quvvatladi. Loyiha allaqachon ilk natijalarni bera boshlagan. Xususan, unda qatnashayotgan mahkumlar orasida ingliz tilini o‘zlashtirish darajasi o‘rtacha 89 foizni tashkil etmoqda. Bundan tashqari, tinglovchilarning 80 foizi “Kompyuter savodxonligi” kursini muvaffaqiyatli yakunladi, bu esa loyihaning yuqori amaliy samaradorligidan dalolat beradi.
Bugungi kunda respublikaning 11 ta jazoni ijro etish muassasasida 18−30 yosh oralig‘idagi 300 dan ortiq mahkum ingliz tili va zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rganmoqda. Qisqa muddat — besh oylik faoliyat davomida erishilgan dastlabki natijalarning o‘ziyoq loyihaning qanchalik samarali ekanini ko‘rsatmoqda.
Loyiha doirasidagi mashg‘ulotlar 1-iyundan Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida boshlandi. Test sinovlari va og‘zaki suhbat orqali saralangan 311 nafar mahkum o‘tgan davr mobaynida xorijiy til hamda kompyuter savodxonligi kurslari bo‘yicha intensiv tahsil oldi.
Ingliz tilining A1 darajasi va “Kompyuter savodxonligi” kurslari bo‘yicha yakuniy nazorat o‘tkazildi. Natijalar tinglovchilarning 88,6 foizi ingliz tili, 79,5 foizi kompyuter savodxonligi bo‘yicha boshlang‘ich bilimlarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirganini ko‘rsatmoqda.
Eng yuqori natijalar Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida qayd etildi: jumladan, Qashqadaryoda ingliz tilining A1 darajasini o‘zlashtirish 96,6 foizni, kompyuter savodxonligi bo‘yicha esa 98,3 foizni tashkil etdi. Navoiyda bu ko‘rsatkich mos ravishda 98,9 hamda 87,5 foizga teng bo‘ldi.
Mahkumlarning bilim darajasi ularga dars bergan mutaxassislar tomonidan aniqlanmaydi. Xolislik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida jarayonga alohida ekspertlar jalb qilinib, nazorat sinovlari maxsus platformada har oyda o‘tkazib kelinmoqda.
Jazoni ijro etish muassasalari orasida 100 foizlik natijaga erishilganlari ham bor. Xususan, Qiziltepadagi 5-son hamda Qarshidagi 3-son koloniyalarda ikkala kurs bo‘yicha o‘zlashtirish 100 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichlar tinglovchilarning ta’limga naqadar jiddiy yondashayotganini hamda ushbu loyihani kelajagini o‘zgartirish yo‘lidagi chinakam imkoniyat sifatida qabul qilayotganini ko‘rsatadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yilning 24-fevral kuni “Ko‘ksaroy” qarorgohida yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotda jazo muddatini o‘tayotgan yoshlarning jamiyatga tez moslashishi muhimligini ta’kidlab, “Ikkinchi imkon” umummilliy loyihasi boshlanishini e’lon qilgan edi. Shu yilning 27-mart kuni esa bu haqda tegishli qaror qabul qilindi.
Qaror ikki maqsadga: ozodlikka chiqqan inson ishsiz va tayanchsiz qolmasligi, shuningdek, takroran jinoyat sodir etilishining oldi olinishiga qaratilgan. Bu loyiha birgina xato sabab insonning kelajagiga nuqta qo‘yilmasligi kerak, degan ezgu g‘oyaga asoslangan. Chunki haqiqiy adolat faqat jazolashda emas, balki insonga to‘g‘ri yo‘lga qaytishi uchun imkon berishda namoyon bo‘ladi.
“Ikkinchi imkon” loyihasi dastlab pilot tarzida uchta hududda boshlangan bo‘lsa, 2027-yildan boshlab respublikadagi barcha jazoni ijro etish muassasalarini to‘liq qamrab oladi. Eng muhimi, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan, adashib jinoyat ko‘chasiga kirgan insonlarni jamiyatga to‘laqonli qaytarishga, bu orqali ularning kelajagini yaxshilashga qaratilgan bunday kompleks reabilitatsiya tizimi nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida mutlaqo yagona tashabbus hisoblanadi.
Birinchi bosqichda loyiha uchta hududda sinov tariqasida amalga oshirilgan bo‘lsa, 2027-yildan boshlab u mamlakatdagi barcha jazoni ijro etish muassasalarini qamrab oladi. Eng muhimi, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan bunday kompleks reabilitatsiya tizimi yo‘ldan adashgan insonlarning jamiyatga to‘laqonli qaytishiga va shu orqali o‘z kelajagini yaxshi tomonga o‘zgartirishiga ko‘maklashishga qaratilgan.
Aslida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga IT va raqamli sohalarni o‘rgatish xalqaro tajribada juda kam uchraydi. 2014-yilda Kaliforniyadagi San Kventin qamoqxonasida boshlangan The Last Mile / Code.7370 loyihasi mahkumlarga dasturlashni o‘rgatish bo‘yicha dunyodagi eng mashhur nodavlat dastur hisoblanadi. AQSh tajribasi asosida Buyuk Britaniyada Code4000 loyihasi yuzaga kelgan hamda Avstraliya, Fransiya, Chili va Yangi Zelandiya kabi davlatlarda ham ayrim muassasalarda sinov tariqasida qo‘llangan.
Xorijda bu kabi dasturlar, odatda, nodavlat tashkilotlar tomonidan cheklangan tarzda o‘tkazilsa, O‘zbekistonda “Ikkinchi imkon” loyihasi prezident qarori asosida milliy darajada, respublikadagi jazoni ijro etish muassasalarini to‘liq qamrab olgan holda o‘tkazilmoqda. Loyihada qatnashib, bilim va ko‘nikmalarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan bitiruvchilarni kafolatlangan ish bilan ta’minlash O‘zbekistonda olib borilayotgan kuchli ijtimoiy siyosatning yana bir yorqin ifodasidir. Ayni shu jihatlariga ko‘ra, “Ikkinchi imkon” loyihasini bemalol dunyo miqyosida o‘xshashi yo‘q deb aytish mumkin.
“Ikkinchi imkon” loyihasi 18−30 yoshdagi mahkumlarga mo‘ljallangan bo‘lib, unga o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etmagan, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgan, ilk bor qamalgan mahkumlar jalb qilinadi. Axborot texnologiyalaridan foydalangan holda jinoyat sodir etgan shaxslarning loyihada ishtirok etishiga qat’iy ruxsat berilmaydi.
O‘quv mashg‘ulotlari 8−12 oylik intensiv dasturlar asosida tashkil etilib, kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga egallagan kasbi bo‘yicha tegishli respublika miqyosida tan olinadigan elektron shakldagi malakaviy sertifikatlar topshiriladi.
Dastur doirasida mahkumlarga 12 oy davomida ingliz tili (A1-B2) puxta o‘rgatiladi. Bundan tashqari, o‘quv rejasidan “Kompyuter savodxonligi”, “Kompyuter servisi va tarmoq texnologiyalari”, Soft skills, ma’lumotlar tahlilchisi, marketpleyslarda tadbirkorlik qilish ko‘nikmasini shakllantirish bo‘yicha kurslar o‘rin olgan.
“Ikkinchi imkon” loyihasi to‘liq Unicon-Soft MCHJ mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilib, davlat budjetidan mablag‘ talab etilmaydi. O‘qituvchilar ish haqi, o‘quv xonalarini jihozlash (kompyuter jamlanmasi, elektron doskalar, o‘quv mebeli va hokazo) va metodik adabiyotlar bilan ta’minlashdan tortib, mahkumlarga kerakli oddiy daftar va ruchkagacha — barcha tashkiliy va moddiy xarajatlarni kompaniya o‘z zimmasiga olgan.
2026-yilning 29-avgust kuni IIV Jazoni ijro etish departamenti, Unicon-Soft MCHJ, Vatan universiteti, MAAB Innovation va SZS Trucking kompaniyasi o‘rtasida imzolangan memorandumlar doirasida Vatan universiteti har yili loyihaning eng muvaffaqiyatli bitiruvchisini 100 foizlik grant asosida 4 yil bepul o‘qitish tashabbusini ilgari surdi.
Microsoft kompaniyasining O‘zbekistondagi birinchi rasmiy hamkori bo‘lgan MAAB Innovation kompaniyasi kompyuter savodxonligi va ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirganlar uchun ma’lumotlar tahlili bo‘yicha maxsus dastur bo‘yicha bepul o‘qitish istagini bildirdi. SZS Trucking kompaniyasi esa har yili ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirgan bitiruvchilarni qisqa kurslarda o‘qitib, o‘ziga ishga qabul qilish taklifi bilan chiqdi.
Bularning barchasi prezident tomonidan ilgari surilgan g‘oya — “Ikkinchi imkon” umummilliy reablitatsiya loyihasi amalda har bir mahkumning kelajagini yaxshi tomonga o‘zgartirishga qaratilganini ko‘rsatadi.
Eng muhimi, jazoni o‘tab ozodlikka chiqqan yigit-qizlar endi ko‘chada qolmaydi, ish izlab sarson bo‘lmaydi — ular loyiha doirasida egallagan zamonaviy bilim va kasblari yordamida daromadli kasb egasiga aylanishadi va munosib hayot kechirish imkoniga ega bo‘lishadi. Bu esa ularning jamiyatga moslashishiga, takroriy jinoyatlarning kamayishiga xizmat qiladi.

