Ish joylarida tazyiq, zoʻravonlik va kamsitishning oldini olish boʻyicha Milliy dastur boshlandi
Oʻzbekistonda xavfsiz va hurmatga asoslangan mehnat muhitini taʼminlash boʻyicha Milliy dasturni amalga oshirish boshlandi. Dasturni ishlab chiqish jarayoni Prezident Administratsiyasi huzuridagi Inson kapitalini rivojlantirish loyihalar ofisi tomonidan muvofiqlashtirildi. Mazkur ofis dastur ijrosini ham muvofiqlashtirib boradi.

Ish joylarida tazyiq, zoʻravonlik va kamsitishning oldini olishga qaratilgan Milliy dastur ish boshladi
Dasturni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha vazifalar Toshkent shahrida davlat organlari, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar hamda rivojlanish bo‘yicha hamkorlar vakillari ishtirokida muhokama qilindi. Tadbirda qariyb 70 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Unda Oliy sud raisi Robaxon Mahmudova, Prezident Administratsiyasi rahbarining maslahatchisi, Inson kapitalini rivojlantirish loyihalar ofisining bosh koordinatori Nozimaxon Davletova, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA)ning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Nigina Abasazade, Bosh prokuror oʻrinbosari Svetlana Artikova hamda Oʻzbekistondagi BMT doimiy koordinatori Sabine Maxl tabrik soʻzi bilan chiqish qildi.
Oliy sud raisi Robaxon Mahmudova nutqida quyidagilarni taʼkidladi:
«Bugungi vazifamiz - qonunchilikda belgilangan kafolatlarni amaliyotda haqiqatan ham samarali ishlaydigan mexanizmlarga aylantirish. Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda ushbu chora-tadbirlarni amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan Vazirlar Mahkamasi qarorining qabul qilinishi muhim qadam boʻldi».
Inson kapitalini rivojlantirish loyihalar ofisining bosh koordinatori Nozimaxon Davletova ham tashabbusning ahamiyatiga toʻxtalib, shunday dedi:
«Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan islohot tufayli biz har bir insonga, erkak yoki ayol boʻlishidan qatʼi nazar, institutlararo hurmatni shakllantirish mexanizmini yaratmoqdamiz. Bu har bir tashkilotda meyorga aylanishi kerak. Oʻzaro hurmat madaniyati Yangi Oʻzbekistonimiz uchun sogʻlom jamiyat va kelajakning kuchli kadrlarini shakllantiradi».
BMT Aholishunoslik jamgʻarmasining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Nigina Abasazade esa quyidagilarni qayd etdi:
«Oʻzbekistonda xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini taʼminlashga qaratilgan muhim islohotlarni ishlab chiqishda UNFPA yetakchi ekspertlik va texnik koʻmak koʻrsatganidan faxrlanamiz. Bugun qonunchilik darajasida qabul qilingan qarorlarni amaliyotga tatbiq etish bosqichiga oʻtmoqdamiz. Maqsadimiz - ushbu oʻzgarishlarni tashkilotlar faoliyatida mustahkam qaror toptirish va har bir inson uchun yanada xavfsiz hamda hurmatga asoslangan ish muhitini yaratishga hissa qoʻshishdir».

