Ijtimoiy muassasalar pullik xizmatlar koʻrsatadi
Milliy ijtimoiy himoya agentligi muassasalari pullik xizmatlar koʻrsatishi, oʻz mahsulotlarini sotishi va mol-mulkini ijaraga berishi mumkin boʻladi. Olingan daromadlar hisobidan xodimlarga lavozim maoshining 300 foizigacha boʻlgan miqdorda ustamalar belgilash va har chorakda beshta maoshgacha boʻlgan miqdorda mukofotlar toʻlashga ruxsat etiladi.

Ijtimoiy muassasalar pullik xizmatlar koʻrsatishi mumkin boʻladi
Vazirlar Mahkamasining 17.09.2026 yildagi 493-son qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimiga kiruvchi muassasalarda byudjetdan tashqari mablagʻlar manbalarini kengaytirish chora-tadbirlari tasdiqlandi.
Hujjat bilan Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimiga kiruvchi muassasalar tomonidan pullik xizmatlar koʻrsatish, mahsulotlar ishlab chiqarish va sotish, mol-mulkni ijaraga berish, shuningdek, muassasalarning rivojlantirish jamgʻarmalariga qoʻshimcha mablagʻlar jalb etish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Agentlik har yili 15 dekabrga qadar kelgusi yil uchun muassasalarda pullik xizmatlar va ishlab chiqarish faoliyati samaradorligini oshirish hamda ularning rivojlantirish jamgʻarmalaridan tushadigan daromadlarni koʻpaytirishga qaratilgan yillik prognoz koʻrsatkichlarini tasdiqlaydi, shuningdek, ularning bajarilishini monitoring qiladi.
Byudjetdan tashqari moliyalashtirish manbalarini kengaytirish maqsadida davlat buyurtmachilariga muassasalarda ishlab chiqariladigan mahsulotlarni bir moliyaviy yil davomida BHMning 1 500 baravaridan oshmaydigan miqdorda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha xarid qilishga ruxsat etiladi.
Pullik xizmatlar sirasiga reabilitatsiya, tibbiy diagnostika, davolash, parvarishlash, defektolog va psixologlar xizmatlari kiritildi. Bunda davlat tomonidan kafolatlangan xizmatlar pullik asosda koʻrsatilishi mumkin emas.
Bundan tashqari, xodimlarni pullik xizmatlar koʻrsatishga majburiy jalb etish taqiqlanadi.
Pullik xizmatlar va mahsulotlarni sotishdan tushgan daromadlar hisobidan xodimlarga lavozim maoshining 300 foizigacha miqdorda ustamalar, eng yuqori natija koʻrsatgan xodimlarga esa har chorakda beshta maoshgacha miqdorda mukofotlar toʻlanishi mumkin.
Hujjat Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 18.09.2026 yildan kuchga kirdi.

