Ibn Sino tavalludining 1050 yilligi 2030 yilda nishonlanadi
2030 yilda buyuk tabib va mutafakkir Abu Ali ibn Sino (Avitsenna) tavalludining 1050 yilligi nishonlanadi. Buxoro tibbiyot instituti huzurida Ibn Sino ilmiy-tadqiqot markazi ochiladi. Uning nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis etish va asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilish rejalashtirilmoqda.

Ibn Sino tavalludining 1050 yilligi 2030 yilda nishonlanadi
2030 yilda Oʻzbekistonda buyuk tabib va qomusiy olim Abu Ali ibn Sino (Avitsenna) tavalludining 1050 yilligi keng nishonlanadi. 19 oktyabr kuni hukumat uning ilmiy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish boʻyicha «yoʻl xaritasi»ni tasdiqladi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.
Hujjat bilan Buxoro davlat tibbiyot instituti huzurida Abu Ali ibn Sino nomidagi ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklifi ham maʼqullandi.
Ibn Sinoning tibbiyot amaliyoti bilan bogʻliq tadqiqotlar oʻtkazish va ularning natijalarini zamonaviy tibbiyotga joriy etish, qoʻlyozmalarni yigʻish va ularni elektron platforma yaratgan holda oʻzbek tiliga tarjima qilish, shuningdek, tibbiyot xodimlari va tibbiyot tarixiga qiziquvchilar uchun kurs va master-klasslar tashkil etish markazning asosiy vazifalari qatorida qayd etilgan.
2026 yil oktyabr oyida Toshkentda «Ibn Sino — Sharq va Gʻarb falsafiy tafakkurining buyuk vakili» mavzusida xalqaro ilmiy konferentsiya oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Ibn Sino nomidagi xalqaro mukofot taʼsis etiladi va «Muʼjaz al-Qonun» («Tib qonunlari»), «Al-Ishorot va at-tanbihot» («Ishoralar va tanbehlar»), «Donishnoma», «Kitob ash-Shifo» («Shifo kitobi») va «Sharq falsafasi» asarlari tarjima qilinadi. Bundan tashqari, xorijga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish va u yerda saqlanayotgan qoʻlyozmalarni yigʻish koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari, ilmiy markazlar, kutubxonalar va davolash-profilaktika muassasalarida konferentsiyalar, koʻrgazmalar va ochiq maʼruzalar tashkil etilishi nazarda tutilgan.

