Husiylar Qizil dengizdagi Perim oroli va Dubab shaharchasini egallab oldi

**Husiylar Qizil dengizdagi Perim oroli va Dubab shaharchasini qo‘lga oldi**
Yaman hukumatidagi manbalar Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar Bob al-Mandab bo‘g‘ozida joylashgan Perim oroli hamda Dubab shaharchasini egallab olganini bildirdi. Mazkur hudud dunyodagi eng muhim dengiz yo‘llaridan biri sanaladi.
Husiylarning bu qadamı energiya bozorlariga tahdid solayotgani va Yaqin Sharqdagi urushni yanada keskinlashtirayotgani aytilmoqda. Xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan Yaman hukumati kuchlari Perim orolidan chekingani ta’kidlanadi.
“Husiylar Bob al-Mandab bo‘g‘ozini to‘liq egallasa, Eron AQSH bilan urushda katta ustunlikka ega bo‘ladi. Bu holat neft yetkazib berishni kamaytiradi va neft narxining keskin oshishiga olib keladi”, deyiladi xabarda.
Dunyodagi eng yirik neft eksportchisi bo‘lgan Saudiya Arabistoni Hormuz bo‘g‘ozi yopilgach, aynan Qizil dengizdan foydalanayotgan edi. Eron esa husiylarga harbiy buyruqlar berayotganini rasman rad etib keladi.
**Hukumat kuchlari qarshi hujumga tayyorlanmoqda**
Yaman hukumat kuchlari husiylar egallagan hududlarni qaytarib olishga urinishi ma’lum qilindi. Ular strategik joylarda “terrorchi” husiylarni yo‘q qilish uchun qurol va samolyotlardan foydalanishini bildirdi. Bu hududlar qatoriga 10-sentyabr kuni husiylar egallagan al-Muxa shahri va Hanish orollari ham kiradi.
Polkovnik Majid an-Naziliy tinch aholini Tayiz va al-Muxa shaharlari orasidagi yo‘ldan foydalanmaslikka hamda husiylarning texnikalaridan uzoqroq yurishga chaqirdi.
So‘nggi kunlarda to‘qnashuvlar yanada kuchaygan. Husiylar mamlakatning uzun sohil chizig‘ini nazorat qilishga o‘tmoqda. Reuters manbalariga ko‘ra, husiylarning bu tezkor hujumlari Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ko‘rsatmasi bilan amalga oshirilgan.
Reuters’ning yozishicha, Eron husiylarga Saudiya Arabistoniga hujumlarni ko‘paytirishni buyurgan hamda buning uchun ko‘proq pul, qurol va zobitlar ajratishni va’da qilgan.

