Yamanda husiychilar Moxa port shahrini egallab oldi
Eron tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan husiychilar Yamanning gʻarbiy sohilidagi Moxa port shahrini egallab, Qizil dengizning janubiy chiqishida joylashgan strategik Bob al-Mandab boʻgʻozi yaqinidagi pozitsiyalarini mustahkamladi. Bu hudud ustidan nazoratning oʻzgarishi jahon neft taʼminoti va dengiz savdosiga taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Yamanda husiychilar Moxa port shahrini qoʻlga oldi
Reuters agentligining Yaman hukumatidagi manbalariga tayanib xabar berishicha, husiychilar Moxa port shahrini egallab, Qizil dengiz sohili boʻylab yurishini davom ettirmoqda.
Moxaning egallanishi husiychilarni strategik ahamiyatga ega Bob al-Mandab boʻgʻoziga yanada yaqinlashtirdi. Bu boʻgʻoz Qizil dengizni Aden koʻrfazi va Arab dengizi bilan bogʻlaydigan asosiy dengiz yoʻllaridan biri hisoblanadi.
Bob al-Mandab AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan keyin yanada muhim ahamiyat kasb etdi. U Hoʻrmuz boʻgʻozi blokadasi sabab neft yetkazib berishda yuzaga kelgan uzilishlarni qisman qoplash imkonini beruvchi muqobil savdo yoʻli sifatida foydalanilmoqda.
Reuters qayd etishicha, agar Eron qoʻllab-quvvatlayotgan husiychilar Bob al-Mandab ustidan toʻliq nazorat oʻrnatsa, bu Tehronga muhim harbiy va strategik ustunlik berishi mumkin. Bunday holat energiya resurslari yetkazib berilishining qisqarishi va jahon bozorida neft narxlarining keskin oshishi xavfini kuchaytiradi.
Husiychilarning Moxaga yurishi AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan urush 2026-yil noyabridagi Kongressga oraliq saylovlardan keyin tugashini kutayotganini bildirganidan bir necha soat oʻtib sodir boʻldi.
Agentlikka koʻra, husiychilar Bob al-Mandab ustidan nazoratni saqlab qolsa yoki uni toʻliq egallasa, Vashingtonning mojarodan chiqish boʻyicha imkoniyatlari cheklanishi mumkin.
Ayni paytda Yamanning xalqaro tan olingan hukumati kuchlari va ularning ittifoqchilari Qizil dengiz sohili boʻylab janub tomon chekinishga majbur boʻlmoqda.
Husiychilar vakillari esa Qizil dengizdagi kema qatnovi Saudiya Arabistoniga tegishli kemalardan tashqari barcha kompaniyalar uchun xavfsiz ekanini bildirgan. Saudiya Arabistoni dunyodagi yirik neft eksportchilaridan biri boʻlib, Yamandagi mojaroda husiychilarga qarshi tomonni qoʻllab-quvvatlamoqda.
Sentabr boshida husiychilar Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlarini kengaytirishini eʼlon qilib, Saudiya Arabistoni janubidagi toʻrtta shaharga zarbalar bergan. Hujumlar oqibatida 70 dan ortiq kishi jabrlangan, neft obyektlarida yongʻinlar kelib chiqqan.
Bunga javoban Saudiya Arabistoni husiychilar nazoratidagi bir nechta viloyatga 60 dan ortiq aviaudar bergan.
Yamanda fuqarolik urushi 2014-yildan beri davom etmoqda. Mojaro natijasida mamlakat amalda bir nechta kuchlar nazoratidagi hududlarga boʻlinib ketgan. Husiychilar Yamanning shimoliy va gʻarbiy viloyatlari, jumladan, poytaxt Sanoni nazorat qiladi.

