«Hozir eng zöriman» – Keyn «Oltin töp»ni hissiyot bilan qabul qildi
U mukofot bilan birga dunyoning maşhur şaxslaridan tabriklarni qabul qilib olmoqda, ammo sovrin unga berilganidan norozilar ham bor.

«Hozir eng zöriman» – Keyn «Oltin töp»ni hissiyot bilan qabul qildi
Harri Keyn faoliyatida ilk bor «Oltin töp» sohibiga aylandi. «Bavariya»ning 33 yoshli hujumchisi ajoyib o‘tgan va o‘zi klub hamda milliy jamoa safida jami 73 gol urgan mavsum uchun munosib tarzda taqdirlandi. Endi uni do‘stlari, jamoadoshlari va boshqa ko‘plab mashhurlar tabriklamoqda. Buyuk Britaniya valiahd shahzodasi Uilyam ham chetda qolmadi. Biroq mukofot unga berilganidan norozi bo‘lganlar ham topiladi: masalan, ovoz berish yakunlariga ko‘ra uchinchi o‘rinni egallagan Lamin Yamalning amakisi mukofotni tanqid qildi.
Keyn ovoz berish natijalariga ko‘ra «Real» hujumchisi Kilian Mbappe va «Barselona» vingeri Yamalni ortda qoldirib, so‘nggi 25 yil ichida «Oltin töp»ni qo‘lga kiritgan ilk ingliz futbolchisiga aylandi. Ungacha Angliyaning bu mukofotga loyiq ko‘rilgan oxirgi vakili Maykl Ouen (2001-yil) bo‘lib turgandi.
Harri sovrinni Londondagi «Palladium» teatrida ushbu mukofotning ikki karra g‘olibi, braziliyalik Ronaldodan qabul qilib oldi. Sahnaga chiqqanida uning qo‘llari qaltirayotgandi – bu lahzalar u uchun qanchalik qadrli ekani ko‘rinib turardi. Keyn tashkilotchilarga, o‘zi uchun ovoz bergan jurnalistlarga, «Bavariya» va Angliya milliy jamoasidagi jamoadoshlariga minnatdorlik bildirdi. U Vensan Kompani nomini alohida tilga olib, uning tezda sog‘ayib ketishini tiladi (myunxenliklar ustozi shu kunlarda shifoxonaga tushib qolgan). Shuningdek, Angliya milliy jamoasi ustozi Tomas Tuxelga ham rahmat aytdi (inglizlar uning boshqaruvida 2026-yilgi jahon chempionatida bronza medallarni qo‘lga kiritdi).
Forvard o‘z faoliyatini boshlagan «Tottenhem»ni ham yoddan chiqarmadi. Ammo uning nutqidagi eng hissiyotli qismi yaqinlariga bag‘ishlandi: Keyn bolaligida akasi Charli bilan ko‘chada to‘p tepganini esladi va ota-onasiga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik izhor etdi. Shuningdek, o‘zi bilan ko‘p damlarni birga o‘tkazgan rafiqasi Keytga yuzlandi – ular maktablik davridan tanish.
«Rafiqam – mening eng yaxshi do‘stim. Biz ko‘tarilishlar va tushishlardan birgalikda o‘tdik. Sen – mening asosiy tayanchimsan. Menimcha, bu mukofotni mendan ham ko‘proq xohlaganding. Orzularim ushalishi uchun sen doim o‘zingni qurbon qilgansan. Bugun bu mukofotni birgalikda nishonlaymiz. Sen bilan. Seni sevaman», – degan hujumchi.
Marosimdan ko‘p o‘tmay Keyn ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shunday post qoldirdi: «Jimgina mehnat qilishda davom et. Muvaffaqiyat sening shovqining bo‘lsin».
Ayrim muxlislar bu so‘zlarda uning «Oltin töp» uchun asosiy raqobatchilari, so‘nggi haftalar davomida ochiqchasiga mukofotga o‘zi loyiq ekanini ta’kidlab kelgan Yamal va Mbappega nozik ishorani ko‘rishdi.

