Mahalliy

Hokimlar, «mahalla yettiligi» va banklar faoliyati bosh vazir oʻrinbosari muvofiqlashtiruvida birlashtiriladi

Mahallalar bilan ishlash boʻyicha yangi bosh vazir oʻrinbosari Gʻafurjon Mirzayev hokimlar, tuman idoralari, «mahalla yettiligi» va banklar faoliyatini muvofiqlashtiradi. Mahallalarga oid barcha masalalarni haftada bir marta yagona yigʻilishda koʻrib chiqish, tuzilmalar tomonidan foydalaniladigan elektron platformalarni esa integratsiya qilish topshirildi.

Xokimlar, «mahalla yettiligi» va banklar faoliyati bosh vazir oʻrinbosari muvofiqlashtiruvida birlashtiriladi

Oʻzbekistonda mahallalar faoliyatiga oid masalalarni bosh vazirning mahallalar bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari rahbarligida yagona haftalik yigʻilishga olib chiqish rejalashtirilmoqda.

Bu haqda 9 sentyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirishga bagʻishlab oʻtkazilgan kengaytirilgan yigʻilishda soʻz bordi.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, yaqinda imzolangan prezident farmoni asosida bosh vazir oʻrinbosari — Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi lavozimi joriy etildi.

Ushbu lavozimni Gʻafurjon Gʻaniyevich Mirzayev egalladi. U ilgari prezidentning kadrlar masalalari boʻyicha maslahatchisi edi.

Uning zimmasiga xokimlar, tuman idoralari, mahalla «yettiligi» va banklar ishini muvofiqlashtirishning yagona tizimini shakllantirish, shuningdek, ular foydalanadigan elektron platformalarni birlashtirish vazifasi yuklatildi.

Endilikda mahallalar bilan bogʻliq masalalar boʻyicha «yettilik» faoliyatini muvofiqlashtiruvchi rahbarlar tarqoq yigʻilishlar oʻtkazmasligi kerak. Barcha mavzular haftada bir marta bosh vazir oʻrinbosari raisligida, barcha masʼul rahbarlar ishtirokida koʻrib chiqiladi.

Yigʻilishda, shuningdek, har bir mahallada jamoat hayotiga befarq boʻlmagan faol aholi va keksa avlod vakillari borligi taʼkidlandi. Ularni mahalla atrofida birlashtirish hamda ijtimoiy va bunyodkorlik tashabbuslariga jalb etish taklif qilinmoqda.

Davlat rahbarining fikricha, bunday yondashuv boqimandalik kayfiyati va befarqlikni yengishga, shuningdek, mahalliy masalalarni hal etishda aholi ishtirokini oshirishga yordam berishi kerak.

Shavkat Mirziyoyev mahallada ishlarni toʻgʻri tashkil etish, davlat siyosatini eng quyi boʻgʻingacha yetkazish va har bir oilani barqaror daromad manbai bilan taʼminlash barcha darajadagi rahbarlarning asosiy vazifalaridan biri boʻlishi kerakligini taʼkidladi.

Bundan avvalroq, prezidentning 5 sentyabrdagi farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida bosh vazir oʻrinbosari — Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi lavozimi joriy etilgan edi. Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasining boshqaruv xodimlari soni 235 nafar etib belgilandi.

2024 yil yanvaridan buyon Mahallalar uyushmasiga Qahramon Quronboyev rahbarlik qilib kelayotgan edi. Uning isteʼfosi haqidagi xabarlar avvalroq paydo boʻlgan, biroq kadrlar boʻyicha qaror sabablari va uning keyingi ish joyiga aniqlik kiritilmagan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.